» » 1939—1940-yillarda bo‘lib o‘tgan Fin urushida qaysi o‘zbekistonlik harbiylar qatnashgan?

1939—1940-yillarda bo‘lib o‘tgan Fin urushida qaysi o‘zbekistonlik harbiylar qatnashgan?


Ma’lumki, oxirgi paytlarda 9-may sanasini qanday nomlash (Xotira va qadlash kunimi, G‘alaba kunimi?) borasida bahslar kelib chiqmoqda. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi va Ulug‘ vatan urushi tushunchalari atrofida ham muhokamalar ketmoqda. Muqaddam “Daryo” ekspertlar va tarixchilar fikrlarini o‘rganib, e’lon qilgan edi.

Mavzuga doir:

Ulug‘ vatan urushi atamasiga qaytish tarafdorlarining argumentlariga binoan, bu tushuncha Ikkinchi jahon urushining bir qismini — 1941—1945-yillardagi Sovet–nemis urushini aks ettiradi, o‘zbekistonliklar urushning shu bosqichida ishtirok etgan. Ammo tarixiy faktlar ko‘rsatib turibdiki, o‘zbekistonliklar Ikkinchi jahon urushining boshqa epizodlarida ham qatnashgan. Xususan, ilgariroq Sovet–yapon urushida qatnashgan o‘zbekistonliklar haqida maqola e’lon qilgan edik.

Mavzuga doir:

Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushi voqealari doirasida 1939-yil 30-noyabrida SSSR Finlyandiya hududiga bostirib kirgandi. Urush yakunlari bo‘yicha sovet tomoni Finlyandiyaga o‘z shartlarini o‘tkazsa ham, agressiyasi uchun Millatlar ligasidan quvildi. Shuningdek, SSSR kichkina Finlyandiyaga qarshi urushda ulkan yo‘qotishlarga uchragani butun dunyoga Qizil armiyaning yomon tayyorgarligini ko‘rsatib berdi va Uchinchi Reyxning SSSRga bostirib kirishini tezlashtirdi.

Sovet–fin urushida qatnashgan harbiylar orasida O‘zbekiston vakillari ham bor. “Daryo” falsafa fanlari nomzodi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Ravshan Nazarovning 1939—1940-yillardagi Sovet–fin urushida qatnashgan o‘zbekistonlik harbiylar haqidagi maqolasini diqqatingizga havola etadi.

Artilleriya general-polkovnigi Parsegov M.A.

Menimcha, to‘rtta urushda ishtirok etgan artilleriya general-polkovnigi, Sovet Ittifoqi Qahramoni Parsegov Mixail Artemyevich (1899—1964) eng yorqin namoyanda bo‘lsa kerak. U arman millatiga mansub bo‘lib, Tog‘li Qorabog‘da tug‘ilgan va 12 yoshdan boshlab Turkistonda istiqomat qilgan. Andijondagi paxta tozalash zavodida ishlagan. 1916—1917-yillarda Birinchi jahon urushida Kavkaz frontida artilleriya askari sifatida qatnashgan.

1918—1922-yillarda Turkistonda (Andijon, Namangan va Farg‘onada) xizmat o‘tadi va batareya hamda artilleriya vzvodi komandiri etib tayinlandi. 1922-yilda Toshkentda artilleriya qo‘mondonlik kurslarini, 1926-yilda esa jamoa tarkibini takomillashtirish kurslarini tamomladi. 1936-yilda Harbiy akademiyani tugatdi. O‘rta Osiyo harbiy okrugida hamda Volgabo‘yi va Baykalorti harbiy okruglarida xizmat o‘tadi. U artilleriya divizioni va artilleriya polkiga qo‘mondonlik qildi hamda Leningrad harbiy okrugi artilleriyasiga boshliq ham bo‘ldi.

1939—1940-yillardagi Sovetfin urushida 7-qo‘shin artilleriyasi boshlig‘i lavozimida ishtirok etib, Lipolo va Tronsgunda janglarida va “Mannergeym chizig‘i”ning yorib o‘tilishida qatnashdi. 1940-yilning 21-martida Sovet Ittifoqi Qahramoni bo‘ldi. 1940-yilning iyunida esa Pargesovga artilleriya general-leytenanti unvoni berildi va u Qizil armiya artilleriyasining general-inspektori etib tayinlandi. O‘zining Finlyandiya bilan urush yakunlariga ko‘ra bildirilgan tanqidiy nutqlari va konstruktiv takliflari orqali armiya ichida katta mashhurlikka erishdi.

Mavzuga doir:

1941—1945-yillarda u janubi-g‘arbiy front artilleriyasi boshlig‘i lavozimida qatnashdi. Kiyev ostonasidagi janglarda, Moskva va Yelets shaharlari ostonasidagi janglarda ishtirok etdi. 1942-yilda Kurs va Voronej ostonasidagi janglarda 40-armiyaga qo‘mondonlik qildi. Yaralanib oyoqqa turgach, Uzoq Sharqqa yuborildi. 1945-yilda ikkinchi Uzoq Sharq fronti artilleriyasi boshlig‘i sifatida Yaponiyaning Kvantun armiyasining yakson qilinishida, Xarbin shahrining va boshqa shaharlarning ozod qilinishida ishtirok etdi.

Urush yillarida ikkita “Qizil Bayroq” ordeni bilan hamda 2-darjali Suvorov ordeni bilan taqdirlandi. Parsegov sakkizta jangovar orden, ko‘plab medallar — “Qahramon Oltin Yulduzi”, “Germaniya ustidan g‘alaba uchun”, “Yaponiya ustidan g‘alaba uchun” singarilar kavaleri hisoblanadi. Urushdan keyin Parsegov Bosh shtab akademiyasi qoshidagi kurslarni tamomlab, Polshada Shimoliy qo‘shin guruhlari artilleriyasiga, Uzoq Sharq qo‘shinlari artilleriyasiga va Belarus hamda Leningrad harbiy okruglarida qo‘mondonlik qildi. 1958-yilda artilleriya general-leytenanti bo‘ldi, umrining oxirigacha Harbiy artilleriya akademiyasi fakulteti boshlig‘i sifatida xizmat qilib, 1964-yilda vafot etdi va Sankt-Peterburgdagi Bogoslovskiy qabristoniga dafn etildi.

Aviatsiya general-leytenanti Kanarev V.P.

Viktor Pavlovich Kanarev (1907—1965) Qo‘qonda tug‘ilgan; Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida istiqomat qilib, Farg‘ona viloyati yer bo‘limida statist bo‘lib ishlagan. 1927-yilda Farg‘ona shahar harbiy bo‘limi tomonidan xizmatga chaqirilgan. Aviatsiya bilim yurtini tamomlab, dengiz aviatsiyasida xizmat qilgan. Fin urushida Boltiq floti 105-aviabrigadasi, 12-razvedkachi eskadrilya komandiri bo‘lgan. Qo‘mondonlikni dushman haqidagi muhim razvedka ma’lumotlari bilan muvaffaqiyatli ta’minlagani uchun “Qizil Bayroq” ordeni bilan taqdirlangan.

1941—1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida Qora dengiz floti tarkibidagi harbiy havo kuchlarida aviapolk komandiri, aviadiviziya komandiri o‘rinbosari va aviadiviziya qo‘mondoni sifatida qatnashib, Kavkaz, Qrim, Ukraina, Moldova, Ruminiya va Bolgariyaning ozod etilishida qatnashdi. 1944-yilning 16-mayida “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi, uchta “Qizil Bayroq” ordeni, 2-darajali “Ushakov” ordeni, 1-darjali “Vatan urushi” ordeni, “Qizil Yulduz” ordeni, o‘z nomidagi xanjar hamda medallar bilan (“Odessa mudofaasi uchun”, “Sevastopol mudofaasi uchun”, “Kavkaz mudofaasi uchun” va hokazo) taqdirlandi.

Urushdan so‘ng Tinch okeani floti harbiy havo kuchlariga qo‘mondonlik qildi. Bosh shtab akademiyasida kafedra rahbari bo‘ldi. 1961-yildan e’tiboran zaxiraga olindi. 1965-yilda vafot etib, Sevastopolda dafn qilindi.

Flot sohil xizmati general-mayori Denisevich N.Y.

Denisevich Nikolay Yulianovich (1893—1965) Namangan shahrida tug‘ilgan va Farg‘ona erkaklar gimnaziyasini tamomlagan. 1913-yilda harbiy bilim yurtini tamomlab, Birinchi jahon urushida va fuqarolar urushida ishtirok etgan. Fin urushining faol qatnashchisi. Sohil kuzatuvi otryadi komandiri sifatida Kareliya bo‘g‘ozi orqali hujumga o‘tayotgan sovet qo‘shinlarining qanoti va ortini yopib turgan.

1941—1945-yillarda general-mayor, Kronshtadt mudofaa hududi Lug sektori qo‘mondoni etib tayinlandi. 1941—1944-yillar davomida Leningrad mudofaasida qatnashdi va  1944—1945-yillar davomida Boltiqbo‘yi hamda Sharqiy Prussiyaning ozod qilinishida ishtirok etdi.

Urushdan keyin 1945—1947-yillarda Viborgdagi dengiz piyodalari bilim yurtiga rahbarlik qildi. Harbiy dengiz akademiyasida kafedra boshlig‘i (1947—1951) va fakultet boshlig‘i (1951—1955) bo‘lgan. 1955-yildan esa zaxiraga olindi. “Lenin” ordeni bilan beshta “Qizil Bayroq” ordeni, nomi yozilgan qurol, ko‘plab medallar (“Leningrad mudofaasi uchun” va hokazo) bilan taqdirlandi. 1965-yilda vafot etib, Sankt-Peterburgdagi Bogoslovskya qabristoniga dafn etildi.

Gvardiya mayori Serper I.L. 

Odessalik Serper Iosif Lazarevich (1911—2002) 1933—1935-yillarda O‘rta Osiyo harbiy okrugida harbiy xizmat o‘tagan, 1935—1939-yillarda Toshkentda yashab ishlagan. 1939-yildan esa yana armiya safida, Fin urushida qatnashdi. Muhandislik-sapyorlar vzvodi qo‘mondoniga yordamchi etib tayinlandi. “Mannergeym chizig‘i” istehkomlarini yorib o‘tishda qatnashdi. Kichik leytenantlar kursini tamomladi.

1941—1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida muhandis-sapyorlar qo‘shinida xizmat qildi. Vzvod, rota va batalyon komandiri etib tayinlandi. Kavkaz uchun janglarda, Ukraina, Belarus, Polsha va Sharqiy Prussiyaning ozod qilinishida qatnashdi. Melitopol shahrining ozod qilinishida ishtirok etdi. 1943-yil 1-noyabrida “Sovet Ittifoqi Qahramoni” bo‘ldi. “Lenin” ordeni, 1 va 2-darajali “Vatan urushi” ordenlari, “Qizil Bayroq” ordeni va medallar bilan (“Jangovar xizmatlari uchun”, “Kavkaz mudofaasi uchun” va hokazo) taqdirlandi. 1946-yildan zaxiraga olindi. 2002-yilda vafot etib, San-Fransiskoda dafn etildi.

Gvardiya katta leytenanti Saidbekov A.

Amirali Saidbekov (1920—1945) Farg‘ona viloyati So‘x tumani, Topimozor qishlog‘ida tavallud topgan. 1939—1940-yillarda Fin urushida qatnashdi. Buning uchun 1940-yilda kichik leytenantlar kursiga yuborildi. Frontda 1941-yilning 22-iyunidan vzvod va rotaga qo‘mondonlik qildi. Moskva mudofaasida, Belarus, Ukraina, Chexoslovakiya va Polshaning ozod qilinishida qatnashdi. Gvardiya leytenanti Saidbekov 1945-yilning 8-aprelida Polshadagi Ribnik shahrida vafot etdi va o‘sha yerda dafn qilindi. “Lenin” ordeni, “Aleksandr Nevskiy” ordeni, “Qizil Bayroq” ordeni, 1 va 2-darajali “Vatan urushi” ordenlari va medallar bilan taqdirlandi. 1945-yilning 29-iyunida vafotidan so‘ng “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni berildi.

Tankchi va mehnat qahramoni Zamanov M.F.

Zamanov Maxsut Faizraxmanovich (1914—1988) — Boshqirdistonning Baymoq tumani Isyanbet qishlog‘idan bo‘lgan. 1931—1935-yillarda Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘g‘alla sovxozida traktor brigadasiga boshchilik qilgan.

Armiyaga chaqirilgach, 1939—1940-yillarda Fin urushida tankchi sifatida qatnashdi. 1941—1945-yillardagi urush qatnashchisi. Urushdan keyin qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qildi va qo‘riq yerlarini o‘zlashtirish borasidagi xizmatlari uchun “Mehnat Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi (1957-yil). “Qahramon Yulduzi”, ikkita “Lenin” ordeni hamda ko‘plab medallar bilan taqdirlandi. Boshqirdistondagi Eski Sibay qishlog‘ida vafot etdi va o‘sha joyda ko‘mildi. Qishloqdagi ko‘chalardan biriga uning nomi berildi.

Orden va medallar bilan taqdirlanganlar:

Umuman olganda, alohida qayd etish joizki, o‘zbekistonlik jangchilarning 1939—1940-yillarda bo‘lib o‘tgan Fin urushidagi ishtiroki harbiy tarix sohasida eng kam o‘rganilgan masalalardan biri hisoblanadi va harbiy-tarixchilar oldida ushbu masalalarni keng jamoatchilik uchun yoritib berish borasidagi qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali bisyor.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-05-2020, 21:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 124) ( 0) ( 123) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют