» » Odil Ahmedovning “Paxtakor”dagi 100 dollar maoshi va Xitoydagi hayoti haqida

Odil Ahmedovning “Paxtakor”dagi 100 dollar maoshi va Xitoydagi hayoti haqida


Rossiyaning “Futbol” nashri jurnalisti O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovdan intervyu oldi, deb yozdi “Championat.asia”. Suhbat o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

— Aksel Vitsel Xitoy klubidan taklif tushgach, kechalari uxlay olmagan ekan. “Shanxay SIPG”ga o‘tish oldidan siz necha kun uxlamagansiz?
— Bu men uchun juda qiyin qaror edi. Chunki qishda “Krasnodar”dan ketishim aniq bo‘lib ulgurgandi.

— Nima bo‘ldi?
— Bosh murabbiy etib Shalimov tayinlangach, bir necha oy deganda biz faqatgina bir bir marta suhbatlashdik. U “Maydon markazida senga joy yo‘q. Imkonsiz”, deb aytdi.

— Qanday tushuntirdi?
— Nima deyish mumkin? Har bir murabbiyning futbolga qarashi bor. Unga maydon markazidagi harakatlarim ma’qul kelmagandir, balki. Shalimov qo‘l ostida asosan qanotda o‘ynadim va kam foyda keltirdim. Men esa markaziy yarim himoyachiman. Qanotda foydam ikki barobar kamayib ketadi. Suhbatdan so‘ng klubdan ketishga qaror qildim. Chunki 2017-yilda ham “Krasnodar”dagi ahvolim o‘zgarmasligiga ishonchim komil edi.

— Qishda BAA va Saudiya Arabistonidan ham taklif bo‘lgan ekan…
— Ha, arab klublari anchadan buyon meni ta’qib qiladi. Yana Fransiya chempionatidan ham taklif bo‘lgandi.

— Ammo siz pulni tanladingiz-a?
— Shunchaki fransuzlar transfer narximni ko‘tara olishmadi, “Shanxay” esa “Krasnodar” so‘ragan pulni to‘lay oldi.

— Oskar “Shanxay”da “Chelsi”dagidan besh baravar ko‘p maosh oladi. Sizning maoshingiz qanchaga ko‘paydi?
— “Krasnodar”dagidan biroz ko‘proq maosh olayapman. Ammo Xitoyga pul uchun borganim yo‘q. Men uchun u hech qachon birinchi o‘rinda bo‘lmagan. Bilasizmi, “Paxtakor”dagi oyligim qancha bo‘lgan? 100 dollardan kamroq. Hozirgi yoshlar buncha pul evaziga xatto mashg‘ulot ham o‘tkazmasa kerak. Men esa borim bilan o‘ynardim. Sababi o‘z oldimga maqsad qo‘ygandim: o‘rtamiyona emas, eng yaxshi futbolchi bo‘lish. Yo‘lkiraga arang yetardi pulim. Hozir esa yoshlar million topadi. Unga qarab, haqiqatdan ham qobiliyatli futbolchi deb o‘ylaysan. Ikki yildan so‘ng u yo‘q bo‘lib qoladi. Barchasi pul tufayli.

— Siz “Paxtakor” asosiy tarkibida Valeriy Nepomnyashiy qo‘l ostida debyut qilgansiz shekilli?
— Ha, aynan u meni o‘rinbosarlar safidan asosiy tarkibga qo‘shgandi. Juda saviyali murabbiy. Futbolchilarni so‘kkani yoki baqirganini hech qachon eshitmaganman. Barchasini og‘ir bosqichlik bilan tushuntiradi — hamma tinglaydi. Avtoritet.

— Nepomnyashiy “Shanxay”ga o‘tganingizda “Afsuski, Odil Yevropaga ketmadi. U ko‘prog‘iga loyiq”, degandi.
— Agar “Krasnodar”da Valeriy Kuzmich bosh murabbiy bo‘lganida, hech qayerga ketmasdim. Hozir Yevropa haqida gapirishdan ma’no yo‘q. Men yaqinda 30 ga to‘laman, Yevropa klublari esa yosh futbolchini olishni istaydi. Ikki-uch yildan so‘ng xorijdagi faoliyatimni tugatib uyga qaytaman. Bolalarim katta bo‘lmoqda, ular O‘zbekistonda o‘qishi kerak. Ota-onamni ham so‘nggi yillarda kam ko‘rmoqdaman.

— Xitoy chempionatining dastlabki uchta turidan ikkitasida siz qaydnomada ham yo‘q edingiz…
— Barchasi limit tufayli. Super ligada o‘yin qaydnomasiga faqat uch legionerni qo‘shish mumkin. Qolganlar xatto zaxirada ham bo‘lmasligi shart. Shu sabab u tarkibni almashtirib turishga majbur. Bitta o‘yinda dam olaman – ikkinchisida o‘ynayman.

— Agar oldindan buni bilganingizda Xitoyga borarmidingiz?
— Agar Boash oldinroq limit haqida bilganida, ko‘p legioner taklif qilmasdi. Qaror jamoaga besh legioner kelib bo‘lgach qabul qilindi. Nima ham qila olardik, ahir buni men yoki murabbiy emas, Xitoy federatsiyasi o‘ylab topdi. OChLda esa “3+1” limiti amalda. Maydonga to‘rt legionerni tushirish mumkin, ulardan biri osiyolik bo‘lishi kerak. Osiyolik futbolchi aynan menman.

— Villash-Boash nima demoqda?
— “Tarkibni almashtirib turishga majburman”, dedi. Agar barchasi unga bog‘liq bo‘lganida, hamma legionerlar o‘ynardi. U to‘g‘ri tushuntirdi, men esa shunday tushundim. Uning qiynalayotgani sezilmoqda, sababi aynan u bizni jamoaga taklif qilgan. Shaxsan menga dekabr oyida qo‘ng‘iroq qilgandi.

— Nima uchun 1 milliard 357 million aholiga ega bo‘lgan Xitoyda umuman mashhur futbolchi yo‘q?
— Yaxshi yigitlar bor, shunchaki ular xorijda o‘ynamaydi va hech kim tanimaydi. Agar Xitoyning o‘zida barcha sharoitlar yaxshi bo‘lsa, boshqa mamlakatga ketishdan nima naf?

— Agar yaxshi yigitlar bor bo‘lsa, nima uchun terma jamoa miqiyosida yaxshi o‘ynay olishmayapti?
— Ularga yana 4-5 yil bering — barchasi bo‘ladi. Xitoy futboli Xalk va Oskar kabi yulduzlar evaziga kuchaymoqda: mahoratli futbolchilar bilan birga mashg‘ulot o‘tkazib, kuchayib boraverasan. Xitoylik futbolchilar Gollandiya, Portugaliya va Ispaniya birinchi ligalarida o‘ynashadi. Bundan tashqari, Super liganing har bir klubi asosiy tarkibda 23 yoshga to‘lmagan futbolchini tushirishga majbur. Aynan shu yigitlar terma jamoaning kelajagi.

— Hozircha Xitoyning JCh—2018 ga chiqa olmasligi deyarli aniq. Ular oktabrda O‘zbekistonga yutqazgandi…
— Nimaga xayron qolasiz? Bizda ham kuchli jamoa bor. Braziliyadagi mundialga faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra bora olmagandik: Koreya saralashda bizdan ikkitagina ko‘proq gol urgandi. Hozir yana ikkinchi o‘rin uchun kurashayapmiz. Agar mart oyida Suriyaga yutqazmaganimizda, hozir tepada bo‘lardik.

— O‘yin Suriyada bo‘lmagandir?
— Malayziyada o‘ynadik. Tomosha Kuala-Lumpurda boshlandi. Markaziy stadionni sizlarga bera olmaymiz deyishdi. Ikki soat yo‘l bosib, boshqa shaharga bordik. Arena — shunchaki dahshat. Maydon umuman tayyor emasdi. Maysa tagida toshlar bor edi. O‘sha maydonda bir marta yiqilib tushgandim, haliyam davolanayapman. Bundan tashqari, havo juda ham dim edi. Jahon chempionati uchun yo‘llanma taqdiri hal bo‘layotganda bunday maydonda qanday o‘ynash mumkin?! Menimcha, bu faqat Osiyoda bo‘lsa kerak. Golgacha o‘ynadik va qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan gol o‘tkazib yubordik.

— Guruhdagi uchinchi o‘rin tamom degani emasmi?
— Uchinchi o‘rinni olgan jamoa narigi guruhdagi uchinchi jamoa bilan o‘ynaydi. Ayni paytda bu Avstraliya. Juftlik g‘olibi KONKAKAF mintaqasi jamoalaridan biriga qarshi to‘p suradi. Ammo Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olsak yaxshi bo‘lardi, buning uchun yaxshi imkoniyatga egamiz.

— Oldin Krasnodar va Moskvadagi restoranlarda oshni yaxshi tayyorlay olmasliklarini aytgandingiz. Xitoyda qanday ekan?
— Bu yerda guruch sifatli, ammo biznikiga sira o‘xshamaydi. Yaxshi oshni faqat o‘zbek guruchidan tayyorlash mumkin.

— Yaxshi palovsiz qanday yashayapsiz?
— Qanday qilib palovsiz yashash mumkin? Turmush o‘rtog‘im uni tayyorlab turadi. Shunchaki barcha mahsulotlarni O‘zbekistondan olib kelamiz: guruch, ziravorlar. Yana Xitoyda sariq sabzi topish muammo, u ham palovda asosiy mahsulot.

— Yana nima yetishmayapti?
— Xitoy tilini bilmasligim. Hech nima tushunmayapman. Qolgan barchasi joyida. Ajoyib murabbiy, inoq jamoa, muxlislar, zamonaviy stadionlar. Shanxay chiroyli shahar ekan, oilamga bu yer yoqdi. Barchasi super.

— “Krasnodar” Rossiyadagi so‘nggi klubim degandingiz. Qaytmasligingiz aniqmi?
— Qaytmayman! Xitoyda 2-3 yil o‘ynab, uyga qaytaman. Vaqti keldi.

Опубликовано: admin (19-04-2017, 17:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 69) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют