» » Sirdaryoda hozirgacha baliqdan zaharlanish qayd etilmadi. Sardoba suv omborining biror tomchi suvi daryoga yetib bormagan

Sirdaryoda hozirgacha baliqdan zaharlanish qayd etilmadi. Sardoba suv omborining biror tomchi suvi daryoga yetib bormagan


Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi natijasida suv bosgan hududlardagi suv va tuproq namunalarida birorta kasallik holati aniqlanmadi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Shernazarov “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga ma’lum qildi.

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘onida 1-may kuni o‘pirilish yuz bergan edi. Ushbu avariyadan so‘ng kuzatilgan suv toshqini oqibatida viloyatning Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi yashash punktlari va ekinlarga zarar yetgan, xususan, o‘nlab baliqchilik xo‘jaliklaridagi baliqlar oqib ketgan.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarning birida “endi ikki yil davomida Sirdaryodan baliq tutib yemaslik kerakligi” haqida xabarlar tarqalgan. Xabarda toshqin oqibatida xonadonlarning hojatxonalaridagi axlatlar, yerga ko‘milgan turli kasallik o‘choqlari, mozorlar tuproqlari suvga qo‘shilib ketgani, bu esa baliqlar bilan bog‘liq holatga salbiy ta’sir qilgani ta’kidlanadi. Alohida qayd etilishicha, toshqin oqibatida ifloslangan suvda gijjalar, gepatit S kabi zararli bakteriyalar bo‘lishi, ular baliqlarni zararlantirgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Veterinariya inspeksiyasi baliqchilik boshqarmasi Maqtaaral tumani hududiga O‘zbekistondan oqib kelgan suvdan tutilgan baliq ichki organlarida bir necha turdagi bakteriyalar topilgani haqida bayonot bergan, shu sababli Qozog‘iston rasmiylari tomonidan hududda baliq ovlash taqiqlangan edi. Qayd etish joiz, Sardoba suv omboridagi avariya oqibatida Qozog‘istonning Maqtaaral tumanini ham suv bosgan, ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonliklar O‘zbekistondan oqib kelgan baliqlarni ovlayotgani aks etgan videolar tarqalgan edi.

Sirdaryo viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Shernazarovning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, suv toshqinidan buyon o‘tgan bir oy ichida baliqdan zaharlanish holatlari bo‘yicha aholidan hech qanday e’tiroz bo‘lmagan.

“Suv va tuproq namunalarini muntazam tekshirib turibmiz. Hozirga qadar birorta kasallik holati aniqlangani yo‘q va aholidan ham baliqlarni kasallangani bo‘yicha shikoyat kelib tushmadi. Toshqin suv ombori atrofidagi barcha baliqchilik xo‘jaliklari, kanallar va sbroslarni yuvib ketgan. Garchi ovlash mavsumi bo‘lmasa-da, aholi tomonidan o‘sha suvlardan baliq ovlash holatlari kuzatilmoqda. Lekin biror joyda baliqdan zaharlanish holati aniqlanmadi”, — dedi Bahrom Shernazarov.

Uning ta’kidlashicha, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aholi yoki hayvonlar orasida yuqumli kasalliklar qayd etilmagan. “Bu uchala tumanda avvallari kasal hayvonlar ko‘miladigan qabristonlar bo‘lmagan. Olib borgan tekshiruvlarimiz natijasida hayvonot dunyosida yuqumli kasalliklar tarqalishi aniqlanmadi”, — dedi Shernazarov.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Anvar Suyunovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Sardoba suv ombori to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sirdaryo daryosidan suv olmaydi, ayni vaqtda toshqin suvlari ham Sirdaryoga yetib bormagan.

“Suv Janubiy Mirzacho‘l kanali orqali Sardoba suv omboriga quyiladi. To‘g‘on daryodan 120—130 kilometr uzoqlikda joylashgan. 1-maydagi toshqin to‘g‘onning shimol tarafidan 25—30 kilometr masofadagi maydonni bosgan. Bu — Sardoba suv omboridan Sirdaryo daryosiga bir tomchi ham suv tushmagan, degani”, — dedi Suyunov.

Qo‘mita matbuot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, toshqin 3,2 ming gektar maydondagi 62 ta baliqchilik xo‘jaligini yuvib ketgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, baliqchilik Sardoba falokatidan subyektlari 124 milliard so‘m zarar ko‘rgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-06-2020, 09:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют