» » Surxondaryo hokimining koronavirusga chalingani bir necha kun yashirildi. U COVID-19 ni yuqtirib olgan yagona hokim emas

Surxondaryo hokimining koronavirusga chalingani bir necha kun yashirildi. U COVID-19 ni yuqtirib olgan yagona hokim emas


O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 18-iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingani, u Toshkent shahrida kasallikdan davolanayotgani, ahvoli barqaror ekanini ma’lum qildi; vazirlik axborotida hokimda kasallik alomatlari qachon kuzatila boshlangani, virus qachon tasdiqlangani ma’lum qilinmagan. Hokim Bobolov COVID-19 ni yuqtirib olgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar bir necha kun avval paydo bo‘lgan edi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumot “Daryo”ga dastlab 15-iyul kuni tushgandi. Viloyatdagi manbalar Termizda odatda viloyat hokimi tomonidan o‘tkazadigan yig‘ilish va tadbirlar uning o‘rinbosari tomonidan olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Surxondaryodagi bir necha tuman hokimliklari rasmiylari ham Bobolov so‘nggi vaqtlarda ko‘rinmay qolganini qayd etdi. Ular, jumladan, 11-iyul kuni Angor va Qiziriq tumanlariga yangi hokimlarni tayinlash bo‘yicha sessiyalarda Bobolov bevosita ishtirok etmay, yig‘ilishga Zoom dasturi orqali ulanganini ta’kidladi.

“Daryo” muxbiri shu kuniyoq Surxondaryo hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Hokimlik matbuot kotibi Zahiriddin To‘rayev hokim koronavirusga chalingani haqidagi gap-so‘zlar asossizligi, To‘ra Bobolov odatdagi tartibda ishlayotganini, hatto 16-iyul kuni viloyatdagi tumanlardan biriga chiqishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Hokimning Angor va Qiziriqdagi sessiyalarga Zoom orqali bog‘langanini izohlarkan, Zahiriddin To‘rayev bu kuchaytirilgan karantin talablari bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan edi.

Qayd etish joiz, hokim To‘ra Bobolov 16-iyul kuni ham, 17-iyul kuni ham biror tumanga chiqmadi, hokimning tumanga safarga bo‘yicha suratlar so‘ralganida berilmadi, 18-iyul kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan vaqtda hokimlik axborot xizmati bilan bog‘lanib bo‘lmadi. “Gazeta.uz”ning yozishicha, hokimning qabulxonasi 18-iyul kuni ham, SSV axboroti e’lon qilinishi oldidan, Bobolovning koronavirusga chalinganini rad etgan.

Viloyat hokimining koronavirusga chalinishi jiddiy hodisa, bundan Toshkentdagi markaziy rasmiy tuzilmalar bexabar qolishi mumkin emas. Shu bois “Daryo” muxbirlari 15-iyuldayoq ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘langan. Vazirlik matbuot xizmati vakillari “shunday gap-so‘zlar ularga ham yetib kelgani, lekin aniq ma’lumotni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (SEOA)dan so‘rash ma’qul”ligini bildirgan. Shu kuni ushbu masala yuzasidan SEOA matbuot xizmati bilan bog‘lanib bo‘lmagan.

18-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingani haqida xabarlar tarqalgach, “Daryo” muxbiri, SSV matbuot xizmatining 15-iyuldagi maslahatidan kelib chiqib, dastlab SEOA matbuot xizmati bilan bog‘langan va axborot olishga uringan. SEOA matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov ushbu holat yuzasidan aniq ma’lumotga ega emasligi, bu borada SSVdagi hamkasbi Furqat Sanayev bilan bog‘lanish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.

O‘z navbatida SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev unda “hozir aniq ma’lumot yo‘q”ligi, “10—15 minut sabr qilib turish”ni so‘rab, “aniqlashtirib, xabar berishi”ni ma’lum qilgan. Oradan 20 daqiqa o‘tgach muxbir SSV matbuot xizmati bilan bog‘lanishga qayta-qayta uringan, biroq qo‘ng‘iroqlar javobsiz qolgan. Shundan so‘ng muxbir yana SEOA matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov bilan bog‘lanib, undan agentlikning Surxondaryodagi vakili telefon raqamini so‘ragan.

Bozorov hozir ishda emasligi, telefon raqamlari yonida emasligini aytgan, shundan so‘ng muxbir uni shaxsiy masalada emas, balki agentlik faoliyatiga daxldor holat yuzasidan bezovta qilayotganini ta’kidlagach, SEOA vakili: “Hokimning koronavirusga chalinganini aniqlashtirib bersam bo‘ldimi?”, deya go‘shakni qo‘ygan. Muxbir yana SSV matbuot kotibiga qo‘ng‘iroq qilgan, u esa vazirlikning Telegram-kanalida so‘ralayotgan masala yuzasidan axborot chiqib bo‘lganini ma’lum qilgan — darhaqiqat, vazirlik Telegram-kanalida yozib tayyorlanishiga va rasman kelishilib tasdiqlanishiga 20 daqiqadan ko‘proq vaqt ketadigan katta axborot chiqqan, biroq 20 daqiqa avvalgi so‘rovga “hozir aniq ma’lumot yo‘q” deyilgani yuzasidan muxbirga tushuntirish berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovdan tashqari Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyozov ham koronavirusga chalinganini tasdiqladi. Bu O‘zbekistonda yuqori martabali shaxslarning koronavirusga chalingani bilan bog‘liq rasman tasdiqlangan dastlabki holatlardir. Ayni vaqtda, “Daryo” manbalarining ta’kidlashicha, bu O‘zbekistonda hokimlarning COVID-19 ni yuqtirib olishi bilan bog‘liq birinchi va yagona holatlar emas.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-07-2020, 09:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 63) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют