» » Namangandagi bog‘cha tarbiyachisining jazolanishi adolatdanmi?

Namangandagi bog‘cha tarbiyachisining jazolanishi adolatdanmi?


Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun videodars tayyorlayotgan tarbiyachi opaning videosi tarqaldi. Videolavha so‘ngida tarbiyachining darsga xalaqit berayotgan farzandlarini koyigani aks etgan. Mazkur rolik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kulgu va masxara qilindi. Hatto uni turlicha talqin qilib, masxara qiluvchilar ham topildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi esa videorolik yuzasidan munosabat bildirib, uni tayyorlagan Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisini kasbiy etika qoidalarini buzganlikda aybladi va unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganini (aynan qanday jazo turi tanlangani aytilmagan) ma’lum qildi.

Mavzuga doir: Onlayn darsga xalal bergan farzandlarini urishib tashlagan ayol namanganlik bog‘cha tarbiyachisi ekanligi ma’lum qilindi

“Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bir qismi ‘xayp’ga o‘ch va beshafqatligi ma’lum va mashhur. Biroq, Maktabgacha ta’lim vazirligining qabul qilgan qarori yiqilganni ustidan tepkilash bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Bunday deyishga esa yetarlicha asoslarimiz bor”, — deb yozadi “Kun.uz” muallifi Dilshod Abduqodirov.

Vazirlik bayonotida 15-iyul kuni uy sharoitida videomashg‘ulot yozib olayotib, Hilola Nurmatova o‘z farzandlarini tarbiyachi kasbiy etikasiga zid ravishda — qo‘pol tarzda koyib tashlagani, keyinchalik bu lavha videomashg‘ulot o‘rniga, yanglish ravishda maktabgacha ta’lim tashkilotining Telegram’dagi guruhiga joylangani va tezda o‘chirib tashlangani aytiladi.

43 soniyalik videorolikning 34 soniyasigacha, yosh bolaning baland ovozda qo‘shiq xirgoyi qilgani eshitilgunga qadar tarbiyachi xotirjamlik va muloyimlik bilan dars o‘tmoqda. Faqatgina so‘nggi soniyalarda kutilmaganda bola ovozi videoga qo‘shilib ketadi. Tarbiyachi bundan asabiylashib, hissiy muvozanatini yo‘qotadi va farzandini qo‘pol tarzda koyib tashlaydi.

Tarbiyachining ushbu harakatlari ish beruvchi tomonidan kasbiy etika qoidalarini buzish, deb topiladi. Vazirlik ma’lumotida ushbu tarbiyachi maktabgacha ta’lim tizimida bir necha yildan beri ishlab kelayotgani, o‘tgan davr mobaynida hech qanday nojo‘ya harakatlar sodir etmagani va ish beruvchi tomonidan ijobiy ta’riflangani aytiladi.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 182-moddasi uchinchi qismiga muvofiq intizomiy jazoni qo‘llanishida sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning qay darajada og‘ir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.

“Shunday ekan, jazo qo‘llashdan avval tarbiyachi sodir etgan qilmishning og‘irlik darajasi baholanishi kerak edi. Bu vaziyatda ish beruvchi tomonidan tarbiyachi o‘z farzandiga baqirgani, onaning o‘z farzandiga o‘z uyida baqirgani kasbiy etikani buzish emasligi, bundan tashqari, videoning aynan shu versiyasi Telegram guruhiga yanglish joylashtirilgani va keyinchalik u o‘chirilib, xato bartaraf etilgani inobatga olinmagan. Shunchaki, jamoatchilikka ‘munosib’ javob taqdim etilishi uchun tarbiyachi ko‘r-ko‘rona jazolab qo‘yilgan, xolos.

Vaholanki, ayb uchun jazoning muqarrarligi prinsipi bu jinoyat qonunchiligiga xos narsa. Mehnat qonunchiligida xodimning aybli qilmishi uchun jazo qo‘llash ish beruvchining majburiyati emas, aksincha huquqi hisoblanadi. Ushbu vaziyatda jamoatchilikka ‘xodim jazoga tortildi’ deb bayroq qilib ko‘rsatadigan holat bo‘lmagan aslida.

Binobarin, karantin sharoitida tarbiyachi masofadan o‘qitish usulini o‘zlashtirib, bir necha oy mobaynida, haftasiga 4—5 martadan tarbiyalanuvchilar uchun videomashg‘ulotlar o‘tib kelgani e’tirof etilmoqda”, — deb yozadi Dilshod Abduqodirov.

Pandemiya sabab bo‘ldi-yu, barcha ta’lim muassasalari singari maktabgacha ta’lim tizimi ham onlayn darslar berishni boshladi. Bu esa doim bolalar davrasida yurgan tarbiyachilarga qo‘shimcha mas’uliyat va vazifalarni yukladi. Vaziyat o‘zgardi — endi ular uydan chiqmasdan videodarslar tayyorlashi kerak bo‘ldi.

“Tarbiyachi tasvirchi emas, sifatli tasvirga olishni, videoni o‘zi xohlagan joyidan qirqib, ulab, montaj qilishni bilmaydi. Bunga u o‘qimagan. Vaziyat talabi o‘laroq u shunday ishlashga majbur bo‘lyapti. Va buni qaysidir ma’noda uddalayapti ham. Ish bor joyda xatolar ham bo‘ladi.

Muhimi, ta’lim jarayoni to‘xtab qolmagan yoki kimningdir manfaatiga ziyon yetmagan. Mazkur holatda tarbiyachi yaxshi videodars tayyorlashga uringan. Nega uni jazolash kerak?”, — deb savol qo‘yadi Dilshod Abduqodirov.

Bu tarbiyachi — avvalo ayol, kimgadir ona, kimgadir opa, yana kimningdir singlisi. Kichik beparvolik sabab ushbu videoning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganining o‘zi uning uchun katta sinov aslida. “Ruhiy iztirob har qanday intizomiy jazodan og‘irdir. Mana shunday og‘ir ruhiy kechinmalarni boshidan o‘tkazayotgan xodimni himoya qilish o‘rniga, uni jazolash insoniylik va adolat mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi”, — deb hisoblaydi Dilshod Abduqodirov.

Abduqodirovning alohida qayd etishicha, “butun boshli tuman aholisini kurakda turmaydigan so‘z bilan haqorat qilgan mansabdorga jazo qo‘llanmaganda, o‘z farzandiga nisbatan shu so‘zni ishlatgan onaning jazolanishi qay mezonga to‘g‘ri keladi?”.

Mavzuga doir: Farg‘ona viloyati hokimi Aqto‘be bo‘yicha yig‘ilishda toshloqliklarni “haromi” deb atab, ularning Hajga borishini taqiqladi (audio)

“Shunday ekan, maktabgacha ta’lim vazirligi mas’ullaridan bu xodimga qo‘llangan jazoni bekor qilib, uni ruhan qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan bo‘lardik. Bu o‘rinda xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan kasaba uyushmalarining tegishli organi tashabbus ko‘rsatishiga umid bildirib qolamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan internet-nashr vakili.

“Hurmatli tarbiyachi opa! Siz o‘zingizni ayblamang. Har qanday ona o‘z farzandini koyishga haqli. Ijtimoiy tarmoqlarda sizni mazax qilgan, ustingizdan kulganlarni va eng asosiysi bu videolavhaning tarqalib ketishiga sababchi bo‘lganlarni Xudoga solib qo‘yavering. Bolalar tarbiyasi uchun mas’ul ekansiz, bu sharafli yo‘lingizda mardonavor davom eting. Bularning hammasi tezda unutilib ketadigan kichik bir ko‘ngilsizliklar, xolos”, — deya Dilshod Abduqodirov o‘z munosabatini yakunlagan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-08-2020, 16:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 101) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют