» » Dehqonobodda IIB xodimlari qariyani urib o‘ldirgani xabar berildi. Marhumning qizi esa buni inkor qilmoqda (audio+video)

Dehqonobodda IIB xodimlari qariyani urib o‘ldirgani xabar berildi. Marhumning qizi esa buni inkor qilmoqda (audio+video)


Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida profilaktika inspektori va Milliy gvardiya xodimlari 60 yoshni qarshilagan qariyani urib o‘ldirgani haqida xabar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda dehqonobodlik qariya qizi chaqirgan IIB xodimi va Milliy gvardiya safdori tomonidan ayovsiz kaltaklangani tilga olingan.

“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Dehqonobod tumanida bo‘ldi.

IIB xodimi va Milliy gvardiya safdori tomonidan kaltaklanib o‘lgani aytilgan fuqaro tumanning “Istiqlol” mahallasida yashovchi 53 yoshli To‘raqul Karimov bo‘lib, 2020-yilning 10-avgust kuni taxminan soat 01:00 da vafot etgan.

“2020-yilning 31-iyul kuni soat 19:00 da uyimizga pochcham Azamat Otaqulov keldi. Uyda dadam va men bor edik. Onam akamnikiga ketgandi. Uyda yolg‘iz bo‘lganim uchun qo‘rqdim va pochcham bilan ammamning O‘lmasoy va G‘ulom ismli farzandlarini olib keldik. Pochcham va dadam bayramni nishonlab o‘tirishdi. Kech bo‘lgach, dadam muzlatgichda turgan bir shisha aroqni olib ichdi. Pochchamga uzatdi, lekin pochcham ichmadi. Soat kechki 11 dan o‘tgach, pochcham ketaman dedi. Dadam pochchamga ‘anchadan beri kelmaganding, yaxshi o‘tiribmiz ketma’ dedi. Dadamning ovozi balandlagach, pochcham bilan urishib qolmasin deb, Muxtor ismli profilaktika inspektorini telefon qilib chaqirdim. Biroz o‘tgach, ‘To‘ra, To‘ra’ deb, kimdir kirib keldi. Men charchaganim bois, o‘rnimdan turolmadim. Keyin biroz o‘tgach, tapur-tupur ovozni eshitib, tashqariga chiqdim. Chiqsam, dadam yerda yotgan ekan. Usatkavoy urgan. Jiyanim O‘lmasoy o‘sha yerda tik turgan ekan”, — deydi marhum To‘raqul Karimovning qizi Oynisa Karimova.

Marhum To‘raqul Karimovning qizi Oynisa Karimova bilan 2020-yil 10-avgust kuni tuman IIB mas’ul xodimi hamda yaqin qarindoshi ishtirokida suhbat qilinganda u otasini profilaktika inspektori urmaganligini, otasi va pochchasi birgalikda olti shisha spirtli ichimlik iste’mol qilganini aytgan bo‘lsa-da, keyinchalik fikrini o‘zgartirgan.

Marhumning qizi fikrini o‘zgartirishiga qo‘rqitilganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

“Uchastkavoy o‘sha kuni kechki payt uyimizga yana qaytib kelib, dadamni tinchlandimi deb so‘radi. Men dadam tinchlanganini, ammo nega urishganining sababini so‘radim. Shunda u menga ‘agar bugungi voqeani birovga aytsang, seni ish joyingdan bo‘shataman, dadangni qamatib yuboraman’ deb qo‘rqitdi. Men qo‘rqib ketganim uchun, bu haqda o‘sha payt hech kimga aytmadim. Va uschatkavoy talabiga ko‘ra, dadamga ‘Muxtor sizni urmadi-ya’ deb ovoz yozib berdim”, — deydi Oynisa Karimova.

Oynisa Karimovaning aytishicha, Muxtor ismli profilaktika inspektori o‘sha kuni uyga kirishi bilan dadasini urgan. Biroq u profilaktika inspektorining dadasiga qo‘l ko‘targanini ko‘rmagan. Ammo shovqinni eshitgan va shunday xulosa qilgan.

“Dadam yerda yotgani uchun, profilaktika inspektori dadamni urgan degan xulosaga keldim. O‘sha yerda turgan jiyanim esa, uchastkavoy dadamni urganini ko‘rgan”, — deydi marhumning qizi.

“Ikki nafar IIB xodimi ‘To‘ra, To‘ra’ deb chaqirib, uyga kirib kelishdi. O‘sha paytda tog‘am rahmatli va pochcham o‘tirishgandi. ‘Uchastkavoy’lar nima qilyapsiz deb kirib kelgach, tog‘am ‘o‘tiribman, uyda mehmon bor’ dedi. Shunda ular tog‘amning qo‘lidan tortib, olib ketishga urinishdi. Pochchamning ko‘zi ilingan ekan shekilli, uchastkavoy tog‘amni urganini ko‘rmay qoldi. Ammo men ‘uchastkavoy’ tog‘amning yuziga shapaloq tortganini ko‘rdim”, — deydi voqea guvohi O‘lmasoy O‘rinova.

Marhumning qizi va jiyanining aytishicha, chaqiruvga asosan To‘raqul Karimov xonadoniga borgan profilaktika inspektorlari — Muxtor Qurbonov hamda Alisher Ashurovlar To‘raqul Karimovning qo‘lini qayirib, hovlidan ko‘chaga olib chiqqan.

“Ko‘chaga olib chiqilgan tog‘am biroz vaqtdan so‘ng baqirib yubordi. Pochcham, opamga (Oynisa Karimova nazarda tutilmoqda. Tahririyat) ‘bor qara, dadangni urishdi’, dedi. Opamning oyog‘ida nuqsoni borligi sabab, oqsoqlanib, ko‘chaga chiqdi. Keyin men va pochcham ortidan bordik. Borsak, tog‘am biqinini ushlaganicha, yerda yotgan ekan”, — deydi O‘lmasoy O‘rinova.

Oynisa Karimova hamda O‘lmasoy O‘rinova profiliktika inspektorlari marhum To‘raqul Karimovga hovlidan tashqarida qo‘l ko‘targanini ko‘rmaganini, ammo baqirgan ovozidan kaltaklangan degan xulosaga kelganini ma’lum qildi.

“Men profiliktika inspektorini chaqirib, dadamni tinchlantirib bering degandim. Ular esa dadamni urishdi”, — deydi marhumning qizi.

Marhumning yaqinlari taqdim etgan videoda profilaktika inspektorlari chaqiruvga asosan xonadonga kelganini, xonadon ichkarisiga kirib ketgach, biroz o‘tib qaytib chiqqanini ilg‘ash mumkin. Voqea joyi qorong‘i bo‘lgani bois, kuzatuv kamerisidagi holat g‘ira-shira ko‘ringan. Videodagi voqeani izohlagan marhumning yaqini Shuhrat Karimov bu paytda amakisi kaltaklanganini taxmin qilmoqda.

“Videoda profilaktika inspektorlari amakimni uyidan olib chiqqani, olib chiqishi davomida avtomobilining oldiga olib borgunicha urib kelganini ko‘rish mumkin, — deydi marhumning qarindoshi Shuhrat Karimov. — Amakim ‘uchastkavoy’lardan birining oyog‘idan ushlab, turishga harakat qilgan. Turgach, biri uni urgan. Muvozanatni yo‘qotgan amakim, ikkinchi inspektorga urilgan. Xullas, qorong‘uda amakim rosa kaltaklangan. Keyin qizi kelib uni olib ketgan”.

“‘Uchastkavoy’ va uning sherigi amakimni rosa kaltaklayotgan payt ko‘chadan mashina o‘tib qolgan. Mashina yorug‘i tushgach, ular amakimni urishdan to‘xtagan. Shu payt qizi ham kelib qolgan va dadasini ichkariga olib kirgan. Ammo qorong‘uda ular amakimni rosa urishib, ahvolini og‘irlashtirgan. Lekin bu holatga hech kim e’tibor qaratmayapti”, — deydi Shuhrat Karimov.

Marhum yaqinlarining shikoyatiga ko‘ra, ularda IIB xodimlarining qotilligini isbotlovchi videolar bo‘lishiga qaramasdan mas’ul tashkilot vakillari sukut saqlamoqda.

Shuhrat Karimov aytgan videoni “Istiqlol” MFY profilaktika inspektori Muxtor Qurbonov boshqacha izohladi.

“2020-yil 31-iyul kuni kechki payt soat 11 dan o‘tgach, 18-96 raqamidan menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ‘To‘raqul Karimovning qiziman, uyimizda mehmon bor, chiqarib yuborib, dadamni tinchlantirib bering’ dedi. Aytilgan manzilga yetib bordik. Borsak, To‘raqul aka va mehmoni o‘tirgan ekan. To‘raqul aka, o‘zini bilmas darajada mast edi. Shunda u kishiga, ‘aka bayram kuni ichish shartmidi’ dedim. Va qo‘lidan tutib, ko‘chaga olib chiqishga harakat qildim. To‘raqul aka esa, meni haqorat qilib ketdi. Shunda sherigim Alisherga xonadon mehmonini uyiga kuzatib qo‘yishi lozimligini aytdim. To‘raqul akani esa, olib ketish uchun ko‘chaga olib chiqdik. Shunda To‘raqul akaning qizi dadasi o‘ziga kelganini aytib, olib ketmasligimizni iltimos qildi. Va oyog‘ida turolmaydigan To‘raqul akani yelkasiga suyab, ichkariga olib kirdi. Kuzatuv kamerasida mana shu voqealar yozilgan”, — deydi “Istiqlol” mahallasining profilaktika inspektori Muxtor Qurbonov.

Voqea sodir bo‘lgan kuni Muxtor Qurbonov bilan birga bo‘lgan qo‘shni hudud — “Bo‘ston” mahallasining profilaktika inspektori Alisher Ashurov ham To‘raqul Karimovning oyoqda turolmas darajada mast bo‘lganini ta’kidlamoqda.

“Chaqiruvga asosan xonadonga bordik. Borsak, uyda begona kishilar bor ekan. Ularga uyiga ketishlari lozimligini aytib, uydan chiqarib yubordik. Xonadon egasini olib ketmoqchi bo‘lganimizda, u oyoqda turolmaydigan darajada mast bo‘lganligi sabab yurolmasdan, yerga o‘tirib olardi. Shunga qaramasdan, To‘raqul Karimovni yetaklab, ko‘chaga olib chiqdik. Biz bilan birga ko‘chaga chiqqan qizi dadasini olib ketmasligimizni iltimos qila boshladi. Shundan so‘ng, ko‘chaga olib chiqilgan To‘raqul Karimovni ortga qaytardik. So‘ngra Muxtor Qurbonov meni uyimga tashladi.Undan keyingi voqealardan bexabarman”, — deydi Alisher Ashurov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Dehqonobod tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Mirzayevning ma’lumot berishicha, fuqaro To‘raqul Karimov dastlab 2020-yil 2-avgust kuni tuman tibbiyot birlashmasiga sog‘lig‘idan shikoyat qilib, murojaat qilgan va uni IIB xodimi kaltaklaganini aytgan. Shundan so‘ng, holat tuman IIB XPB katta inspektori Samariddin Bekkamov tomonidan o‘rganilgan.

Fuqaro To‘raqul Karimov IIB xodimlari bilan suhbat jarayonida goh ‘profilaktika inspektorlari kaltakladi’ desa, goh Milliy gvardiya xodimlaridan jabr ko‘rganini, yana bir gapida esa uni kaltaklaganlarni tanimasligini aytgan. Va profilaktika inspektori Muxtor Qurbonovdan uni kaltaklagan ikki nafar Milliy gvardiya xodimlarini topib berishini talab qilgan. Voqealar rivoji bunday tus olganini ko‘rgan IIB mas’ullari holatga aniqlik kiritish uchun ishni tuman prokuraturasiga topshirgan.

“Tuman tibbiyot birlashmasidan qo‘ng‘iroq qilib, fuqaro IIB xodimi tomonidan kaltaklanganini aytishganidan so‘ng, murojaatchi To‘raqul Karimov bilan suhbatlashdim. O‘shanda marhum uni 2020-yil 1-avgust kuni soat 10:30 da Milliy gvardiya xodimlari kaltaklaganini aytdi. Hamda profilaktika inspektori o‘sha Milliy gvardiya xodimlarini topib berishini talab qildi”, — deydi Dilshod Mirzayev.

Dehqonobod tuman IIBning ma’lumot berishicha, profilaktika inspektorlari To‘raqul Karimov xonadonidan ketganidan so‘ng, xonadon egalari kechasi soat 12:00 da tez yordam chaqirgan.

“Kechasi soat 00:07 da fuqaro To‘raqul Karimovning qizi Oynisa Karimova chaqiruviga ko‘ra, ushbu xonadonga bordik. Bemor To‘raqul Karimov buyragi bezovta qilayotganini aytib, yordam so‘radi. Bemorning aytishicha, bu kasallik uni anchadan beri qiynab kelgan. Bemorga “Noshpa” ukol qildim. Uning tanasini ko‘zdan kechirganimda, hech qanday jarohat yoki shish izlarini ko‘rmagandim”, — degan tez yordam hamshirasi Dilnoza Nazarova tuman IIB bilan suhbati davomida.

“Xonadon egalari 1-avgust kuni soat 11:00 da ham tez yordam chaqirib, To‘raqul Karimovning buyragi bezovta qilayotganini bildirgan. Tez yordam feldsheri Umarbek Tangirovning aytishicha, u yordamga kelgan paytda To‘raqul Karimov mast bo‘lgan”, — deydi tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Mirzayev.

“Bemor mast bo‘lgani va yuzida niqobi yo‘qligi bois, niqob taqib olishini so‘radim va shundan keyin yordam ko‘rsatishimni aytdim. Bemor esa meni haqoratladi. Shunda maska taqmasa, Milliy gvardiya xodimlarini chaqirishimni aytganimda, bemor niqob taqdi. Bemor buyragi bezovta qilayotganini aytgach, yordam ko‘rsatdik va yana nima bezovta qilayotganini so‘radik. U shikoyati yo‘qligini bildirdi”, — deydi Umarbek Rasulov.

Tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Normurod Umarovning ma’lumot berishicha, marhum To‘raqul Karimov dastlab, 2020-yil 1-avgust kuni soat 20:30 da shifoxonaga murojaat qilgan.

“Fuqaro To‘raqul Karimov bizga murojaat qilib, IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytib, tibbiy yordamga muhtojligini, ikkala biqin sohasida og‘riq borligini bildirdi. U mast holatda bo‘lishiga qaramasdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Ko‘rik davomida uning sog‘lig‘ida muammo yo‘qligi, ko‘krak qafasidan shikoyat qilmaganligi, ammo ikkala biqin sohasida og‘riq borligi va shilinma jarohat olganligi ma’lum bo‘ldi. Shu sabab unga sud ekspertizadan o‘tish tavsiya qilindi”, — deydi Normurod Umarov.

Shifokorlarning ma’lumot berishicha, bemor 1-avgust kuni shifoxonada yotmasdan uyiga qaytgan. Ertasi kuni soat 13:50 lar atrofida esa qizi Oynisa Karimova bilan yana shifoxonaga murojaat qilib, nafas olishda qiynalayotganini, ko‘krak qafasi chap tomonida shish va og‘riq borligini bildirgan. U tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda, to‘qqizinchi qovurg‘ada yopiq sinish, chapdan pnevmotoraks teri osti emfizemasi, ya’ni teri osti havo yig‘ilishi borligi ma’lum bo‘lgan.

“Bemorning qizi va o‘zi bilan suhbatlashganimizda jarohat qachon va qayerda orttirilganini bilmasligini ma’lum qildi”, — deydi shifokor Marat Qurbonov.

Mutaxassis shifokorlarning ma’lumot berishicha, inson qovurg‘asida sinish kuzatilganda besh soat muddat ichida ko‘krak qafasining teri qismida havo yig‘ilishi kuzatiladi. Aniqlik kiritilishicha, marhumda qovurg‘a sinishi, 2020-yilning 2-avgust kuni soat taxminan 14:00 da aniqlangan.

Marhumning akasi Jumanazar Karimovning aytishicha, ukasining o‘limida profilaktika inspektorlarining qo‘li bor.

“Ular ukamning qizi chiqaruviga ko‘ra, uyiga kelib, uni rosa do‘pposlagan. Kaltaklab, jarohat yetkazgan va urib o‘ldirgan. Tuman prokuraturasi esa bunga e’tibor qaratmayapti. Kecha prokuror keldi, hovlining u yer bu yerini ko‘rib, yana qaytib ketdi”, — deydi Jumanazar Karimov.

Dehqonobod tuman prokurori Laziz Hamrayevning “Daryo”ga ma’lumot berishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni paytda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holatni o‘rganish davomida bir savol ochiq qoldi. Marhumning qovurg‘asi qachon va qay tarzda singan? Dehqonobod tuman prokuraturasi holat bo‘yicha, tez orada qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-08-2020, 11:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 93) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют