» » Eng ko‘p iqtibos olinadigan ilmiy maqolalar haqida qiziqarli faktlar

Eng ko‘p iqtibos olinadigan ilmiy maqolalar haqida qiziqarli faktlar


Telegram’dagi “Fan odam” (Chelovek nauk) kanalida qiziq maqola taqdim etildi. Ushbu maqolada ilm-fan tarixidagi eng ko‘p iqtibos keltiriladigan rekordchi ilmiy maqolalar haqida to‘xtab o‘tilgan. Qizig‘i shundaki, ularning barchasi biologiya fani bilan bog‘liq va hammasida ishlab chiqilgan yangi ilmiy uslub bayon qilingan.“Daryo” ushbu maqolaning tarjimasini taqdim etadi.

Ilmiy ish qilmoqchi bo‘lgan har qanday odam, albatta, mavjud ilmiy manbalar va adabiyotlar bilan tanishib, o‘z ilmiy ishida ham ularga murojaat qilib boradi. Yaxshi bilamizki, muayyan ilmiy ishlarda boshqa olim va mutaxassislarning avvalroq chop etilgan maqolalariga murojaat qilinadi va undan iqtiboslar keltiriladi. Biror olimning ilmiy ishiga boshqalar tomonidan qilingan murojaatlar, berilgan havolalar soni ma’lum ma’noda o‘sha ilmiy ishning nufuzini ham belgilaydi.

Keltirilgan iqtiboslar sonini o‘sha ilmiy ishning sifatiga berilgan mutlaq baho ham deb bo‘lmaydi. Boz ustiga, juda kuchli ilmiy maqola juda tor fan sohasida qilingan bo‘lib, unga ko‘p sonli boshqa olimlar murojaat qilmasligi tabiiy ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, keltirilgan iqtiboslar soni muayyan fan sohalari bo‘yicha bir-biridan keskin farq ham qiladi. Masalan, tibbiyot sohasida bir maqolaga iqtiboslar juda ko‘p uchraydi, matematikada esa juda kam bo‘ladi.

Amerikalik biokimyogar Oliver Louri muallifligida 1951-yilda e’lon qilingan Protein measurement with the Folin phenol reagent nomli maqolaga shu paytgacha boshqa olimlar tomonidan 300 mingdan ziyod marta murojaat qilingan (ya’ni boshqa ilmiy ishlarda bu maqoladan shuncha marta iqtiboslar keltirilgan) bo‘lib, mazkur maqolani haqiqiy ma’noda blokbaster deyish mumkin. Ushbu maqolada bayon qilingan ilmiy uslub hozirda deyarli barcha biokimyogar mutaxassislarga ma’lum va mashhurdir. Buning ustiga qo‘lda chizilgan ajoyib illyustratsiyalar (chizma-grafiklar) ushbu maqolaning yana bir o‘ziga xos jihati sanaladi.

Kashfiyot mohiyati nimada?

Louri eritmadagi oqsil miqdorini aniqlaydigan uslubni ishlab chiqqan. Lo‘nda qilib aytganda, bu quyidagicha ishlaydi: siz eritmaga muayyan bir kimyoviy moddani qo‘shasiz va natijada uning rangi o‘zgaradi. Tekshirilayotgan eritmada oqsil miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, uning rangi shunchalik kuchli o‘zgaradi. Maxsus asbob yordamida rangning to‘yinganini o‘lchash orqali siz grafikdagi nuqtani aniqlaysiz va bu nuqta o‘sha eritmada qancha oqsil borligini ko‘rsatadi.

Buning nimasi muhim?

Oqsillar hayot uchun muhim asosdir. Turli suyuqliklardagi oqsil miqdorini aniq bilishning ahamiyati juda katta. Ko‘plab tibbiy tekshiruv-tashxislarda va boshqa ilmiy ishlanmalarda, albatta, oqsil miqdoriga murojaat qilinadi.

Cleavage of Structural Proteins during the Assembly of the Head of Bacteriophage T4 ko‘rinishidagi uzundan-uzoq nomli ilmiy maqola 1970-yilda e’lon qilingan bo‘lib, unga har kuni o‘rtacha 14 marta murojaat qilinadi. Nashrdan chiqqan kunidan boshlab bu maqoladan 268 668 marta iqtibos keltirilgan. Sening ilmiy ishing haqida har kuni o‘nlab odam eslab o‘tsa, qanday yaxshi.

Kashfiyot mohiyati nimada?

Bu ilmiy ishda muallif, shveysariyalik olim Lemmli oqsillarni molekulyar massasi va zaryadiga asosan ajratish usulini takomillashtirgan. Bu esa boshqa olimlarga turli xil oqsil molekulalarini bir-biridan ajratish va farqlash imkonini bergan.

Buning nimasi muhim?

Yuqorida ham aytilganidek, oqsillar biologiya va tibbiyot uchun g‘oyat muhimdir. Lekin oqsil turlari juda ko‘p. Masalan, odamning o‘zida oqsillarning 30 ming xildan ziyod turi bor. Hatto ichak tayoqchasi (fag, virus) singari tuban organizmda ham 160 xil oqsil mavjud bo‘ladi. Oqsillarning bu darajadagi ulkan xilma-xilligini birdaniga tadqiq qilishning imkoni yo‘q. Shuning uchun ularni bir-biridan ajratib, alohida tarzda o‘rgangan qulayroq bo‘ladi. Lemmli uslubi aynan shu narsaning imkonini beradi.

Nomi Lemmli maqolasining nomidan ham uzun bo‘lgan va ilmiy manbalarda A rapid and sensitive method for the quantitation of microgram quantities of protein utilizing the principle of protein-dye binding tarzida qayd etiladigan yana bir ilmiy maqola ham oqsillar haqida. Hozirgi kungacha unga naq 221 523 bora murojaat qilingan. Ushbu ilmiy maqola ham yuqorida eng birinchi keltirilgan maqola mavzusi bilan bir xil, ya’ni unda ham oqsillar miqdorini aniqlash usuli haqida so‘z boradi.

Kashfiyot mohiyati nimada?

Birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan mutlaq rekordchi maqolada keltirilgan usul – Louri uslubining o‘ziga xos kamchiliklari mavjud bo‘lib, uni qo‘llash uchun muayyan shart-sharoitlar taqozo etiladi. Ushbu uchinchi o‘rinni egallagan va nomi favqulodda uzun bo‘lgan ilmiy maqolada esa muallif, amerikalik biokimyogar Bredford tomonidan oqsil miqdorini aniqlashning yanada soddaroq va tezkorroq usuli taklif etilgan. Ko‘rib turganingizdek, uning usuli bayon qilingan maqola rekordchilar ichida uchinchi o‘rinni mustahkam egallab turibdi.

Buning nimasi muhim?

Birinchi o‘rindagi maqola haqidagi izohdan buni yaxshi bilasiz.

Olimlar faqat oqsillar bilan shug‘ullanar ekan, degan taassurot uyg‘onmasligi uchun yana bir rekordchi maqola haqida ma’lumot ilova qilamiz. Albatta, bu  maqola iqtiboslar soni bo‘yicha yuqoridagilar bilan bahslasha olmaydi. Unga “atigi” 75 mingta iqtibos keltirilgan.

Mazkur ilmiy ishning nufuzini nafaqat ushbu ko‘p sonli iqtiboslardan, balki uning uchun muallif Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilganidan ham bilib olish mumkin.

Kashfiyot mohiyati nimada?

DNK bu – tirik organizmlarni yig‘ish bo‘yicha yo‘riqnoma bo‘lib, u har bir tirik hujayrada muhrlangan bo‘ladi. Angliyalik biokimyogar Frederik Senger aynan ushbu DNK axborotini o‘qish imkonini beradigan usulni ishlab chiqqan.

Buning nimasi muhim?

DNK har bir organizm haqidagi favqulodda katta hajmdagi axborotni o‘zida saqlaydi. Sayyoradagi hayot tarixi, kasalliklarning mexanizmlari, yangi dori vositalarining topilishi uchun kalitlar va boshqa ko‘plab qimmatli ma’lumotlarni DNK orqali bilib olish mumkin. Senger butun dunyo olimlari uchun haqiqiy xazina ochib bergan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sengerning mazkur maqolasi chiqqanidan beri aynan ushbu vazifani bajaradigan boshqa shu kabi usullar ham ixtiro qilingan bo‘lsa-da, biroq Senger usuli baribir hamon eng aniq usul bo‘lib qolmoqda. Odam irsiyati genomi ham birinchi bo‘lib aynan shu usul vositasida “o‘qib” ko‘rilgan edi.

Senger keyinchalik ikkinchi bora ham Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Unga ikkinchi Nobel nima uchun berilgan deb o‘ylaysiz? Sengerning ikkinchi Nobeli esa... oqsillar ketma-ketligini o‘qish imkonini beradigan ilmiy usulni ochgani uchun berilgan!

Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-08-2020, 22:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 97) ( 0) ( 95) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют