» » Shavkat Mirziyoyev: “Karantin yumshatilgani kasallik yo‘q bo‘ldi degani emas”

Shavkat Mirziyoyev: “Karantin yumshatilgani kasallik yo‘q bo‘ldi degani emas”


Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbir avvalida mamlakatda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilingan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Albatta, koronavirusga qarshi kurash ishlarini keskin kuchaytirganimiz natijasida zararlanganlarga nisbatan sog‘ayganlar ko‘paymoqda. 5 kun oldin davolanganlar 77 foiz edi, kecha kechqurunga kelib ularning soni 87 foizga yetdi.

Kuni kecha, mana, 40 ga yaqin Rossiyadan va 10 nafar Xitoydan juda tajribali mutaxassislar keldi, ular shifokorlarimizga yordam berish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Lekin hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Xabarlaringiz bor, aholining ko‘p sonli murojaatlarini inobatga olib, 15-avgustdan karantin talablarini yumshatish hamda 20-avgustdan qo‘shimcha yengilliklar yaratish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni, mahalla raislari, Mahalla vazirligining ko‘plab murojaatlarini inobatga olib, karantin talablarini ancha yumshatishga majbur bo‘lyapmiz. Bugun xalqimiz va mutasaddi rahbarlarimizni yana bir bor qattiq ogohlantirmoqchimanki, karantin yumshatildi degani, O‘zbekistonda kasallik yo‘q, degani emas. Bizda kasallikka chalinishning kunlik soni kamaygani yo‘q. Har bir fuqaromiz mas’uliyatli bo‘lib, rahbarlar, ayniqsa, mahalla raislari, “uchastkovoy”-melisalar, tuman sektor rahbarlari iloji boricha har kuni xalqimizni ogohlikka chaqirishi kerak.

Har bir fuqaromiz o‘zining sog‘lig‘iga o‘zi ehtiyot bo‘lib, karantin vaqtida orttirgan juda katta tajribamizni inobatga olib, yashashga, ishlashga o‘rganishimiz kerak va shunday qilishga majburmiz. Hammamiz uchun bu hayotiy majburiyat bo‘lishi kerak hozir. Barcha darajadagi hokimlar, sektor rahbarlari, ayniqsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, mahallalar, ichki ishlar va barcha boshqa vazirliklar tegishli hudud va sohalardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga shaxsan javobgar.

Bemorlarning 87 foizini davolangani bu juda katta raqam. Lekin bu raqamlar tagida shifokorlarimizning qahramonona mehnati, orttirgan tajribasi turibdi. Ana shularning barchasini inobatga olib, joylarda har bir sektor rahbari har bir soha vakilini, u tadbirkor bo‘ladimi, katta, o‘rta yoki kichik korxona bo‘ladimi, transport bo‘ladimi, yana bir marta hammasini ogohlantirishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev karantin yumshatilgani sababli COVID-19 tarqalishi xavfi sezilarli darajada oshishi mumkinligini aytgan edi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda 20-avgustdan buyum bozorlari va savdo majmualari qayta ishga tushadi

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23-martdan e’tiboran ommaviy tadbirlar, xususan, to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi taqiqlangan edi. Ushbu taqiqdan so‘ng to‘y marosimlarini o‘tkazishga uringanlarga nisbatan hatto jinoyat ishi ham qo‘zg‘atildi. Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashib, nisbatan nazorat ostiga olingach, Respublika maxsus komissiyasining 30-maydagi qarori bilan “yashil” toifaga kiritilgan hududlarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazishga ruxsat berildi.

Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan boshlab mamlakatda to‘ylarni o‘tkazish yana taqiqlangandi. O‘zbekistonda karantin yumshatilishi asnosida, 15-avgustdan boshlab 30 kishilik to‘ylar o‘tkazilishiga, mahalliy avia va temiryo‘l qatnovlariga ruxsat berilgan. Shuningdek, 17-avgustdan masjidlar faoliyati ham qayta yo‘lga qo‘yilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-08-2020, 13:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 57) ( 0) ( 56) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют