» » Pastdarg‘omliklar uy va omborxonalari noqonuniy buzilganini aytdi. Buzish ishlarini bajargan quruvchi esa ishi qonuniyligini ma’lum qildi

Pastdarg‘omliklar uy va omborxonalari noqonuniy buzilganini aytdi. Buzish ishlarini bajargan quruvchi esa ishi qonuniyligini ma’lum qildi


Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda katta janjal bo‘lyapti. Hokim ko‘zingiz qayerda?” deb nomlangan video tarqaldi. Videoda Pastdarg‘om tumani “O‘rta Charxin” mahallasi 4-uyda yashovchi fuqarolar omborxona va uylari “Azishax fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan noqonuniy tarzda buzilayotganligidan shikoyat qilgan.

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib bordi.

“O‘rta Charxin” mahallasidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolarning ma’lum qilishicha, ular bu yerda omborxona qurib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa narsalarini saqlab keladi. Aholining ta’kidlashicha, hududda qurilgan omborxona va uylarning hech qanday hujjati yo‘q.

“Bu yerga uy qurib, 15 yildan buyon uchta xo‘jalik yashab kelamiz. Barcha soliqlarni, xususan,  kommunal to‘lovlarini ham muntazam to‘laganmiz, — deydi Tamara Norbulakova. — Uyga hujjat qilish uchun juda ko‘p yugurdim. Bir necha bor tuman hokimligiga murojaat qildim. Biroq qaror chiqara olmadim. Hatto Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-iyundagi 461-sonli “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ham hujjat qilish uchun yugurdim. Ammo men egalik qilayotgan yer bu qarorga to‘g‘ri kelmasligini aytishib, qaror chiqarib berishmadi”.

Tamara Norbulakova bilan suhbat jarayonida uyga tegishli hujjatlar bilan tanishishni maqsad qildik va hujjatlarini so‘radik. U qo‘lida barcha zarur hujjatlari borligini, ammo bizga hech qanday hujjat ko‘rsatmasligini, barcha hujjatlarni mas’ul tashkilotlarga ko‘rsatishini ma’lum qildi. “Namuna” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati esa Tamara Norbulakova egalik qilib, uy qurib olgan yer bo‘yicha hech qanday qaror yo‘qligini aytib, bu haqdagi xatni ko‘rsatdi.

Fuqaro Qobil Rahmatullayev ham ko‘p qavatli uyda yashashini, “Namuna” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli yerda uy qurganligini ma’lum qildi. Qurilgan uyiga egalik qilish huquqini beruvchi qarori bo‘lmaganligi uchun qaror chiqarish maqsadida bir necha bor tuman hokimligiga murojaat qilganini, tuman hokimligi bu yerdan qurilgan uy uchun qaror chiqarib bo‘lmasligini ma’lum qilganini aytdi.

“Bu uyda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlaymiz. Ko‘p qavatli uy yozda issiqlik qiladi. Shuning uchun yozda shu yerda turaman, — deydi Qobil Rahmatullayev. — Qurilgan uyga qaror chiqarish uchun ko‘p harakat qildik, ammo bo‘lmadi. Bugun esa biz qurgan uylar buzilib, bu yerga yangi ko‘p qavatli uy qurilmoqda”.

Jurnalistik surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi Pastdarg‘om tuman bo‘limi 2020-yil 10-aprel kuni tuman hokimligiga xat chiqarib, “O‘rta Charxin” mahallasi hududidagi “Namuna” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli foydalanilmaydigan 60 sotix yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazilishini so‘ragan.

Mazkur xat va Pastdarg‘om tuman yer ajratish masalalari bilan doimiy shug‘ullanuvchi tuman hokimligi komissiyasining 2020-yil 15-apreldagi xulosasi asosida 2020-yil 2-may kuni “O‘rta Charxin” mahallasi hududidagi “Namuna” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli foydalanmasdan bo‘sh turgan yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazilgan.

“2020-yilning 13-iyul kuni ‘Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi’ davlat unitar korxonasi tomonidan o‘tkazilgan onlayn auksionda ushbu hududga ko‘p qavatli uy qurish maqsadida 10 milliard so‘m miqdorda investitsiya kiritish orqali yerni sotib oldik. Loyihaga ko‘ra biz bu yerda uchta besh qavatli uy qurishni rejalashtirganmiz. Buning uchun barcha zarur hujjatlarni qilib, so‘ng ish boshlaganmiz, — deydi “Azishax fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Azim Hamidov. — Biroq qurilish ishlarini boshlamoqchi bo‘lib turganimizda bu yerda noqonuniy qurilish qilib olgan fuqarolar bizga qarshilik qilishmoqda. Vaholanki yuqorida aytganimdek, biz yerni auksiondan sotib olganmiz”.

“Azishax fayzi” MChJ rahbari Azim Hamidov Tamara Norbulakovaning yashash sharoiti og‘irligi sabab xonadoni buzilishi evaziga yangi qurilayotgan uydan imtiyozli tarzda ikki xonali uy berilishini ma’lum qilib, vaqtinchalik yashab turishi uchun 2-3 ta uy taklif qilganligini bildirdi. Ammo Tamara Norbulakovaga taklif qilingan uylar ma’qul kelmagan.

“Biz tuman hokimligiga Tamara Norbulakovaning yashash sharoiti og‘irligini hisobga olib, homiylik qilishsa yangi qurilayotgan uylardan berishimizni aytdik. Uyning boshlang‘ich to‘lovini homiylar to‘lab bersa, qolganini kredit asosida to‘lab borishi mumkinligini bildirdik. Biroq ular bizning taklifimizni ma’qullamadi”, — deydi Azim Hamidov.

Tamara Norbulakova esa yangi uy uchun nafaqat boshlang‘ich to‘lovi, balki keyinchalik kredit to‘lovlarini amalga oshira olmasligini aytdi.

Holat yuzasidan “O‘rta Charxin” mahalla raisi Mahfuza Xo‘janova va mahalla mutaxassisi Gulchehra Rahmonova bilan ham suhbatlashdik. Ularning ta’kidlashicha, fuqarolar ushbu yerdan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda. Hatto fuqaro Qobil Rahmatullayev o‘zi egallab olgan yerga qaror chiqarish maqsadida shirkat raisi Salim Sattarovga pul berganligi oqibatda jinoyat ishi ochilib, ishi sudda ko‘rib chiqilganligini ma’lum qildi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-08-2020, 20:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 78) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют