» » Xalqaro xavfsizlik borasidagi shartnomalarda ishonchni yo‘qotayotgan Rossiya va Turkmanistonning merosxo‘ri. Jahon matbuoti sharhi

Xalqaro xavfsizlik borasidagi shartnomalarda ishonchni yo‘qotayotgan Rossiya va Turkmanistonning merosxo‘ri. Jahon matbuoti sharhi


“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.

AQSh hukumati yaqinda Rossiya hukumati bilan 2010-yilda imzolangan va 2021-yilning fevral oyida shartnoma muddati tugaydigan strategik hujum qurollari borasidagi uchrashuvning navbatdagi raundini yakunladi, deb yozadi The National Interest nashri.

Lekin maqola muallifi nazarida ayni paytda Rossiya xalqaro shartnomalarni buzayotgani hisobga olinsa, Rossiya bilan strategik hujum qurollari muzokaralarini qayta tiklash, shartnoma muddatini uzaytirish va biror-bir yangi shartnoma imzolash xavotirlar uyg‘otadi. Buni tushunish mumkin.

So‘nggi paytlarda rasmiy Kreml qurollanishni nazorat qilish, ishonch va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi to‘rt shartnomani buzishi tabiiyki, nafaqat AQShni, balki xalqaro tizimni ham xavotir olishiga arziydigan jihat. 2019-yilda AQSh tomoni Rossiyani 1987-yilda imzolangan o‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish borasidagi shartnoma bandlarini buzganini e’lon qildi. Mazkur shartnoma esa sovuq urush davrida imzolangan muhim hujjatlardan biri sanalardi.

2008-yil boshlarida rasmiy Kreml 9M729 rusumli o‘rta masofaga uchuvchi takomillashtirishga kirishgani bilan o‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish borasidagi shartnomani buzdi. Keyinroq esa yoz oyida tajribalardan muvaffaqiyatli o‘tib, 2017-yilda rus qurolli kuchlari foydalanishiga berildi. Bundan tashqari, Rossiya Ochiq osmon haqidagi shartnomani ham buzib kelmoqda. Bu shartnomani 30 dan ortiq mamlakatlar 10 yil oldin imzolagan va shartnoma a’zo mamlakatlarga vaqti-vaqti bilan bir-birlarining harbiy qo‘shinlari harakatidan xabardor bo‘lish imkoniyatini yaratib bergan edi.

2010-yilga kelib Rossiya Ochiq osmon shartnomasi doirasida o‘z havo bo‘shlig‘ida xorij uchoqlarining parvoz qilishini taqiqlab qo‘ydi. Shuningdek, Rossiya Polsha va Litva orasidagi eksklav Kaliningradga 500 kilometr balandlikdagi parvozlarni amalga oshirilishiga ham taqiq qo‘ydi. 2007-yilda esa rasmiy Kreml Yevropa mamlakatlari bilan oddiy harbiy kuchlar borasidagi shartnomadan ham chiqishini ma’lum qildi. Moskva e’lon qilinmagan yoki kutilmagan harbiy o‘quv mashqlari bilan ham g‘arbda xavotirlarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lmoqda. Rossiyaning Gruziya va Ukrainadagi xatti-harakatlaridan esa xavotirlanishga sabab bordek.

AQSh nazarida Rossiya kimyoviy qurollardan foydalanish borasidagi konvensiyani ham buzmoqda. 2018-yilda Londonda rus bosh shtabi sobiq zobiti Skripal va uning qizini asab tizimini ishdan chiqaradigan modda yordamida o‘ldirishga urinishi ham mavjud xavotirlarni yanada kuchaytiradi.

Shu sababdan ham AQSh Rossiya bilan harbiy shartnomalarni imzolashda eng avvalo amerikaliklarning va AQShning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi muhim. Tramp hukumatining yaqin va o‘rta masofaga uchuvchi raketalar kelishuvi va Ochiq osmon shartnomasidan chiqishi esa tahsinga sazovor.

Hozirda Turkmanistonda Senat muhim qaror oldida turibdi. Berdimuhamedov vafot etsa yoki muomala layoqatini yo‘qotsa, Turkmaniston senati kimni Turkmanboshining merosxo‘ri deb e’lon qilishi kerak, deb yozadi The Euroasia.net sayti.

Turkmanistondagi hayot ma’lum bir muddatga to‘xtab qolgandek, sababi 15-avgust sanasida Sport va yoshlar bo‘yicha siyosat vazirligi “xavfli infeksiyaning tarqalishi sababli” mavsumdagi futbol musobaqalari o‘tkazilishini boshqa muddatga ko‘chirilganini e’lon qildi. Aynan shu kunda Turkmaniston temir yo‘llari kompaniyasi poyezdlar harakatini 1-sentabrgacha to‘xtatishi haqida e’lon qildi.

Ashxobod shahri pandemiyaning tarqalishi bois mamlakatda birinchilardan bo‘lib xalqaro aloqalarning harakatlanishiga oid cheklovlar kiritdi. Fevral oyidayoq “Turkman havo yo‘llari” Pekin bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, keyinroq barcha xalqaro yo‘nalishdagi parvozlarni to‘xtatishi borasida xabar tarqatdi. Hattoki Flightradar24 ilovasi Ashxoboddan xalqaro yo‘nalishlarga aviaqatnovlar qatnamayotgani haqida ma’lum qildi. 22-avgust sanasida Turkmaniston parlamenti o‘ta muhim – konstitutsiyaga o‘zgartirish masalasida yig‘in o‘tkazadi. Yig‘inning videokonferensiya tarzida o‘tkazilishi borasida xabarlar mavjud.

So‘ng sentabr oyida Xalq maslahati chaqiriladi va bu maslahat kengashida Turkmanistonning turli viloyatidan dabdabali, chiroyli ust-boshlarda kelgan vakillar yig‘iladi va mamlakatning kelajagi borasidagi muhim qarorni tasdiqlaydi. Turkmaniston hukumati hozirga qadar mamlakatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holat qayd etilmagani borasida ma’lum qilayotgan davlatlardan biri sifatida o‘ta sinchkovlik bilan ijtimoiy masofalanishga urg‘u bermoqda.

Norasmiy manbalarning xabar berishicha, bu safar ham taxmin qilinayotgan konstitutsiyaga o‘zgartirish borasida siyosiy fars spektakli ommaga ochiqlanadi, Senat tarqatib yuboriladi va yangi parlament ta’sis etiladi. Boshqacha qilib aytganda, poytaxtlik sakkiz nafar, viloyatlarning vakili bo‘lgan 56 nafar va Berdimuhamedov tayinlaydigan sakkiz nafar senatordan iborat Xalq maslahati tarqatib yuboriladi va o‘rniga yangisi bilan almashtiriladi.

Barchaning diqqat e’tibori aynan Senatning raisi sifatida kim kelishiga qaratilgan, chunki aynan Senat raisi keyin Turkmanistonning rahbari lavozimiga olib chiqiladi. Ko‘pchilik tahlilchilar nazarida Senat raisi sifatida Axal viloyatining hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov nomzodi ko‘rsatilishi taxmin qilinmoqda.

14-avgust sanasida Berdimuhamedov vazirlar mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazdi va yig‘ilishda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5,7 foizga o‘sgani haqida soxta raqamlarni keltirdi. Biroq majlis qatnashchilarining hech qaysi biri pandemiya sharoitida chakana savdo hajmining 19,3 foizga qay tariqa o‘sishi borasida savol berishga jur’ati yetmadi.

Mamlakatda pandemiya bois ommaviy ishdan haydashlar kuzatilayotgan bir vaziyatda yirik va o‘rta tadbirkorlik sohasida band aholining daromadlari qanday qilib 10,5 foizga oshgani ham qorong‘i. Jahon banki esa Turkmanistonning yalpi ichki mahsulotini 2020-yilda o‘smagani haqida ma’lumot bermoqda. Turkmaniston hukumati esa iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini olti foiz deb ko‘rsatib kelayotgani raqamlarning soxta ekanidan dalolat.

Rasmiy Ashxobod bug‘doy yetishtirish hajmi 1,4 million tonnaga yetgani haqida ma’lumot tarqatgan bo‘lsa-da, mamlakatda asosiy yerlarning paxta ekishga ajratilgani, bundan tashqari, mahalliy sabzavotlar yetishtirish uchun berilgani hisobga olinsa, berilayotgan raqamlar yolg‘onligi ko‘rinib qoladi.

AQSh qishloq xo‘jaligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning bug‘doy yetishtirish borasidagi ko‘rsatkichi bu yil 78 million tonnani tashkil qilgan, boshqa manbalarda bu raqam 80 million tonnaga yetgani xabar qilinadi. Bu esa bug‘doy importiga qaram mamlakatlar uchun yaxshi natija. Turkmaniston ham bug‘doy importi mamlakatlari sirasiga kiradi va mamlakat o‘tgan yilda Qozog‘istondan bir million tonna kam miqdorda bug‘doy sotib olgan.

Mamlakatda korrupsiya, qo‘shib yozishlar, urug‘-aymoqchilik kuchaygan bir vaziyatda yangi Senat mamlakatning kelajagi borasida muhim siyosiy qadamni qo‘yishi borasida umid qilmasa ham bo‘ladi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning millatchilar ta’siriga berilib borayotgani kurdlar, Yevropadagi turk dissidentlari va suriyalik qochqinlar uchun muammoga aylanishi mumkin, deb yozadi The Al Monitore nashri.

Milliy harakat partiyasi yetakchisi Davlat Baxchali avgust oyi boshlarida ashaddiy dushmani Meral Akshenerga xat yuborib, uni uyga qaytishga chaqirdi. Buni hattoki Erdo‘g‘on ham yaxshi qadam sifatida baholadi. Erdo‘g‘on so‘nggi to‘rt yil mobaynida davlat Baxchali partiyasi bilan ittifoqchi sifatida ish ko‘rmoqda.

Akshener yetakchiligidagi partiya ham oldin milliy harakat partiyasining tarkibida bo‘lgan va 2017-yilning oktabr oyida Baxchali va Akshener o‘rtasidagi shaxsiy raqobat sabab partiya ikkiga ayrilib ketgandi. Ikki millatchi ultraradikal partiya rahbarlarining shaxsiy qarashlari ham deyarli bir xil, ularning ikkovi ham o‘zlarini kulrang bo‘rilar yoki “idealizm o‘chog‘i” sifatida nomlab olgan.

Baxchali va Akshener ko‘p yillar davomida  bir-biri bilan ham salom-alik qilmagan, hattoki qurbon hayitida ham tabriklash o‘rniga, bir-birlarini kamsitib keluvchi ritorikaning boshidan tutgandi. Imkon bo‘ldi deguncha ular bir-birlarining ustidan mazax qilar, tanqid qilardi. Baxchelening kutilmagan taklifi birinchidan Erdo‘g‘on sabab, ikkinchidan Bexchalining yomonlashib borayotgan sog‘ligi bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Turk ultraradikalizmiga esa nufuzli rahbar joiz. Shundan bo‘lsa kerak, ikki ultraradikalchi yaqinlashishga qaror qildi.

Norasmiy ittifoqlar birlashuvi hozirda turk jumhurboshqoni Erdo‘g‘onning ma’muriy boshqaruvining o‘ziga xos belgisiga aylangan. Agarda ittifoq bo‘linib ketadigan bo‘lsa, barcha aybni ittifoqchiga ag‘darish imkonini beradi. Demokratiyani himoya qilish fondi katta direktori Aykan Erdemir nazarida Erdo‘g‘onning ultramillatchilar bilan hamkorligi, avvalo, mamlakat rahbarining so‘nggi yillarda yaqin ittifoqchilari orasidagi nizolari bilan izohlanadi.

2013-yilda Erdo‘g‘on liberallar bilan tortishib qoladi, keyinchalik esa Gulan tarafdorlari bilan poraxo‘rlik ortidan kelib chiqqan nizolar yuz beradi. 2014-yilda esa jumhurboshqoni kurdlarning ko‘magidan saylovlarda foydalana olmasligini bilgach, ular bilan ham aloqani uzib qo‘ya qoldi. Erdo‘g‘on deyarli azaliy ittifoqchilari bilan aloqani yo‘qotganini bilgan ultraradikallar Erdo‘g‘onning giribonidan tutib qo‘ya qoldi.

Turk islomchilari mamlakatning xoh ichkarisida bo‘lsin, xoh tashqarisida, asosan kulrang bo‘rilar yordamiga muhtoj. Baxchali bilan bog‘liq vaziyat turk matbuoti sarlavhasidan joy olgach, Baxchali va Akshener o‘rtasida ittifoqchilik yuz berishi haqida taxmin qila boshladi. Lekin bu ham navbatdagi saylovlarda Erdo‘g‘on uchun foyda keltirmasligi mumkin.

Erdo‘g‘on hozirda ultramillatchilar bilan birgalikda respublikachi xalq partiyasini va kurdchi xalq demokratik partiyasini ham siyosiy jarayonlardan chetlashtirishga urinmoqda. Shu boisdan ham amaldagi hukumat ham islomiylar, ham ultramillatchilardan foydalangan holda xalqning vatanparvarlik tuyg‘ulari torlarini chertib ko‘rishga urinib ko‘radi.

Agarda Akshenerning partiyasi koalitsiyaga qo‘shiladigan bo‘lsa, u holda suriyalik qochqinlarga nisbatan dushmanlik kayfiyati yanada ortishini kutish mumkin. Shuningdek, ultramillatchilarning Erdog‘on hukumati tarkibidagi nufuzi oshadigan bo‘lsa, ular Erdo‘g‘ondan hozirgidan ko‘ra ko‘proq narsalarni talab qilishga o‘tadi. Erdo‘g‘onning oldida esa yo yangi ittifoqchi topish yoki Musulmon birodarlar mafkurasiga izn berib, o‘z nomini yana bulg‘ash yo‘li qolmoqda. Akshener esa hozirda Baxchalining taklifi borasida biror-bir narsa deyayotgani yo‘q.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-08-2020, 12:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 63) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют