“Tutash taqdirlar” seriali aktyorlari oradan 10 yil o‘tib uchrashdi (video)
“Tutash taqdirlar” seriali rejissori Zamira Begimqulova hamda bosh rollar ijrochilari Ja’far Mo‘minov va Nilufar Hamidova MY5 telekanalining “Omon-omon” ko‘rsatuvida mehmon bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, serial ijodkorlari o‘tgan vaqt ichida biron marta ham birga yig‘ilmagan. Aktyor Ja’far Mo‘minov hozirda AQShda yashaydi.
“Ja’far bilan ‘Gulxan atrofida’, ‘Tutash taqdirlar’ va ‘Opa-singillar’ seriallarida birga ishladik. Ammo ‘Opa-singillar’ oxiriga yetmasdan, menga ham aytmasdan Amerikaga ketib qoldi. Ssenariyga biroz o‘zgartirish kiritib, vaziyatdan chiqib ketdik”, — deydi serial rejissori Zamira Begimqulova.
“Zamira opa bilan 8 yildan buyon ko‘rishmasak-da, Facebook tarmog‘i orqali gaplashib turamiz. Ammo Nilufarni ko‘rmaganimga roppa-rosa 10 yil bo‘ldi. Kuni kecha uy telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, arang bog‘lanishga erishdik”, — deydi serialdagi Azizbek rolini gavdalantirgan Ja’far Mo‘minov.
“Ijodiy guruhni chindan ham sog‘indim, serial orqali qanchadan-qancha muxlislar ko‘nglidan joy olganmiz. Hattoki, partnyorim Aziz aka bilan ko‘chada yursak, yoshi katta onaxonlar baxt tilab, duo qilgan vaqtlar ham bo‘lgan”, — deydi aktrisa Nilufar Hamidova.
Uchrashuv davomida serialdan o‘rin olgan to‘y sahnasidagi qiziqarli voqealar ham aytib o‘tildi.
“Eng qizig‘i, Nilufar ikkimizning to‘yimiz kuni, kelin-kuyov bo‘lish kartinasida Nilufarning hayotdagi turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi tashrif buyurgan edi. Haqiqatan ham, ajoyib bo‘lgan edi”, — deya yodga oldi aktyor.
Serialdagi uzun sochli kelin ayni damda sochini kesib yuborgan, uning aytishicha, buning sababi odamlarning nazari. “Hatto ko‘cha-ko‘yda sochi o‘zinikimi yoki ulamami, deb tortib ko‘radiganlar ham uchragan”, — deya qo‘shimcha qiladi aktrisa.
Mavzuga doir:
Manba: Daryo.uz
Добавить комментарий!
