» » Yunusoboddagi Ahmad Donish ko‘chasidagi yo‘llar kengaytirilib, olti polosali bo‘ldi

Yunusoboddagi Ahmad Donish ko‘chasidagi yo‘llar kengaytirilib, olti polosali bo‘ldi


Poytaxtdagi Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan Toshkent xalqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 2,2 kilometr qismi 6 qatorli qilib qayta qurildi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev ushbu ko‘chada amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini borib ko‘rdi.

Ilgari bu ko‘cha o‘rtasidagi maydon beton devor bilan o‘ralgani sababli yo‘l judayam tor edi. Yunusobod metro yo‘nalishining davomi qurilishi natijasida bu joy ochildi. Shuningdek, 4 qatorli mavjud yo‘l rekonstruksiya qilindi. Piyodalar va velosiped yo‘lakchalari, maysazorlar tashkil etildi. Energiya tejamkor yoritish moslamalari o‘rnatildi.

E’tiborli jihati, Ahmad Donish ko‘chasi o‘rtasidagi yashil hudud va ko‘cha bo‘ylaridagi daraxtlar saqlab qolindi va 1850 ta manzarali daraxt ko‘chati ekildi.

“Yo‘l qurilishiga qo‘shimcha pul berib, zamonaviy texnikalar olingani bugun natijasini beryapti. Bu esa odamlarga manfaat, sifat keltirishi kerak”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, chorrahalarda yo‘l 92 metrgacha kengaytirilgan. Transport vositalari o‘ng tarafga to‘xtovsiz harakatlanishi ko‘zda tutilgan. Bu Ahmad Donish, Amir Temur, Bog‘ishamol kabi ko‘plab ko‘chalardagi tirbandlikni kamaytiradi. Toshkent va Qibray tumanlari aholisining poytaxt markaziga yetib borish vaqti 2 barobar qisqaradi. Ushbu yangi trassada bir kunda 60 mingtagacha transport vositasi harakatlanishi mumkin.

“Odamlarimiz ham, mehmonlar ham yo‘lga qarab davlatga baho beradi. Yo‘llar yaxshi bo‘lsa, xalqimiz rozi bo‘ladi. Shuning uchun bunday sifatli yo‘llarni hududlarda ham qurish, qishloq yo‘llarini ham o‘zgartirish kerak”, — degan davlat rahbari.

Shu yerda Yunusobod tumani aholisi vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tgan.

Prezident, shuningdek, Toshkentning Farg‘ona yo‘li ko‘chasida amalga oshirilayotgan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini ham borib ko‘rgan.

Davlat rahbari bir kilometr yo‘l qurishga O‘zbekiston va xorijda ketadigan mablag‘ hamda materiallar qatlamini tahlil qilish asosida yo‘l industriyasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, avtomagistrallar bilan birga ichki yo‘llarga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Toshkent metrosining “Yunusobod” yo‘lidagi 2 ta yangi bekat qurib bitkazilgan edi. Metroning yangi yo‘nalishlari Ahmad Donish ko‘chasidan o‘tgan. Ko‘chani ta’mirlash ishlari metro yo‘nalishlari yakunlanganidan so‘ng boshlangan.

Qurilish ishlari sababli Ahmad Donish ko‘chasining Toshkent halqa avtomobil yo‘lidan Amir Temur shoh ko‘chasigacha bo‘lgan qismi 23-avgustdan 1-sentabrgacha avtotransport vositalarining harakati cheklandi. Toshkent hokimligi ko‘cha yopilishi haqida u yopib bo‘linganidan bir kun o‘tib xabar berdi.

Yo‘l yopilishi munosabati bilan Ahmad Donish ko‘chasi va Ahmad Donish—Yangi shahar, Ahmad Donish—Yunus ota ko‘chalari kesishgan chorrahalar orqali harakatlanuvchi 17 ta avtobus yo‘nalishlari harakatiga vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilgan.

Iyul oyida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Xidoyatov qurilish ishlari uch bosqichda amalga oshirilayotgani, ilk jarayon sentabr oyida yakunlanishi to‘g‘risida xabar bergandi. Yunusobod tumanidagi yo‘lning butkul yakunlanishi noyabr oyiga rejalashtirilayotgani aytilgan.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishidagi yangi qurib bitkazilgan bekatlarini borib ko‘rdi (foto)



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-08-2020, 18:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют