Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimdagi yirik moliyaviy qonunbuzarliklar haqida ma’lum qildi
Maktabgacha ta’lim vazirligining Ichki audit xizmati tomonidan 2019-yil va 2020-yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy chora ko‘rish uchun 904 ta tekshirish hujjatlari yuborilgan, deya xabar bermoqda “Xabar.uz” vazirlikka tayanib.
Ma’lum qilinishicha, maktabgacha ta’lim tizimi uzoq yillar davomida yetarli nazorat qilinmaganligi oqibatida tizimda qonunbuzarlik va suiiste’molliklar avj olgan. Bu kabi noxush vaziyatlarga qarshi kurashish maqsadida 2017-yilning 30-sentabrida to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirga bo‘ysunuvchi Ichki audit xizmati tashkil etilgan.
2020-yilning boshida vazirlik 2018–2019-yillarda aniqlangan qonunbuzarliklarni tahlil qilib, hukumatga qator takliflarni kiritdi. Vazirlik tashabbusi bilan Hisob palatasi hamkorligida boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb qilingan holda budjet mablag‘larining samarali ishlatilishi yuzasidan chuqur tahliliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 48,3 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.
“MTV tashkil etilgan ilk kunidanoq tizimdagi korrupsiya va suiiste’molliklar bilan kurashib kelmoqda. Ichki audit xizmati tomonidan aniqlangan qonunbuzarliklar to‘g‘risida axborot muntazam ravishda e’lon qilinib kelinmoqda. O‘tgan yili MTV 680 ta tashkilot bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etgan bo‘lsa, 2020-yilda bu son 224 tani tashkil etgan. Ushbu hujjatlar asosida prokuratura tomonidan bir qator jinoiy va ma’muriy ishlar qo‘zg‘atildi, vazirlik esa moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mudira va hisobchilarni ishdan bo‘shatdi. Shu tariqa, aybdor deb topilgan shaxslardan budjet hisobiga 2019-yilda 9,5 milliard so‘m, 2020-yilning birinchi yarmida esa 4,1 milliard so‘m undirib olindi”, — deb, ma’lumot berdi MTVning Ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.
2019-yilda vazirlikning Ichki audit xizmati 31,5 milliard so‘m moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqladi, shundan:
“Kamomad va korrupsiya holatlarini aniqlanganda MTV mas’ul javobgar shaxslarni ishdan bo‘shatib, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuboradi. Ammo ushbu shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatib, jamoat fikrini manipulyatsiya qilishgacha bormoqdalar.
Ba’zi blogerlar va huquq himoyachilari ularga ishonib, mudiralarning noqonuniy ishdan bo‘shatilganliklari haqidagi ma’lumotlarni yozmoqdalar. Masalan, yaqinda Andijon viloyatidagi mudiralarning noqonuniy ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabarlar tarqatilgandi. Ushbu xabarlarda mudiralar “qiyin ahvolda yurganliklari”, “o‘ta og‘ir ruhiy siqilishlarga duch kelganlari” qayd etilgan. Ularning talqinida noqonuniy tarzda ishdan bo‘shatilganlar orasida Qo‘rg‘ontepa tumanining 2-MTT mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 39,9 million so‘m), Andijon shahridagi 25-MTT mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 32,7 million so‘m) bor.
Prokuratura ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan, ammo mudiralarning o‘z aybini tan olganligi va yetkazilgan zararni bartaraf etganligi sababli jinoyat ishi tugatilgan. Bu kabi sobiq mudiralar astoydil MTTlarga qaytishga harakat qilmoqdalar, ammo MTV tashabbusi bilan qonunbuzarlarning maktabgacha ta’lim tizimiga rahbar lavozimiga qayta olinmasligi qonun bilan chegaralangan”, – deya ta’kidladi Ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.
2019-yil va 2020-yilning birinchi yarmida aniqlangan yirik moliyaviy qonunbuzarliklar:
Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Hisob palatasi bilan birgalikda moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqlash, profilaktikasini ta’minlash va oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi va ushbu hujjat 14 ta vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Shuningdek, Bosh prokuratura bilan ham maktabgacha ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda 6 mingga yaqin davlat MTTlarida 223 ming xodim faoliyat yuritadi.
Mavzuga doir:
Manba: Daryo.uz
Добавить комментарий!
