» » “Meni hech kim eshitmayapti, murojaatlarim javobsiz qolmoqda”. YTH oqibatida bir ko‘zidan ayrilgan surxondaryolik fuqaro mas’ullardan shikoyat qilmoqda

“Meni hech kim eshitmayapti, murojaatlarim javobsiz qolmoqda”. YTH oqibatida bir ko‘zidan ayrilgan surxondaryolik fuqaro mas’ullardan shikoyat qilmoqda


Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida yashovchi Abdurahmon Qurbonov Сobalt haydovchisining aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida jabrlanganini, biroq aybdor haydovchi o‘z vaqtida unga yordam ko‘rsatmagani sabab bir ko‘zi umuman ko‘rmay qolganini aytmoqda.

Bu haqda “Daryo”ga ma’lum qilgan Abdurahmon Qurbonovning aytishicha, YTH 2020-yil 13-may kuni Boysun tumanining Darband qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

“Toshkent shahridagi qurilishlardan biriga ishga ketayotgan kunimiz 2020-yil 13-may kuni kechasi soat 12 larda bizni olib ketayotgan Сobalt Boysun tumanining Darband qishlog‘ida “KaMAZ”ga urildi. Oqibatda yo‘lovchi sifatida ketayotgan sheriklarim va men tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildik. Men boshqa yo‘lovchilarga nisbatan og‘ir tan jarohati olganim bois hushimni yo‘qotdim. Termiz shahridagi shifoxonada 15-may kuni hushimga kelganimda nima bo‘lganini anglab yetdim. O‘shandan buyon davolanib, sog‘lig‘imni tiklash bilan ovoraman. Cobalt haydovchisi esa menga moddiy yordam berishdan bosh tortmoqda”, — deydi murojaatchi Abdurahmon Qurbonov.

Murojaatchining ma’lumot berishicha, YTH sodir bo‘lgach, Cobalt yo‘lovchilari dastlab Boysun tumanidagi shifoxonaga yetkazilgan. Abdurahmon Qurbonovdan boshqa yo‘lovchilarning ahvoli nisbatan yaxshi bo‘lgani sabab ular qoldirilib, jabrlanuvchi Termiz shahridagi shifoxonaga olib ketilgan.

“Biz Boysunga borganimizda akamning ahvoli og‘ir ekan. Yuz suyagi hamda burni sinib, qovog‘i yorilgani sabab hushini yo‘qotgan deyishdi. Hushsiz va ahvoli og‘ir akamni Boysun tumanidan Termiz shahridagi shifoxonaga olib bordik. 15-may kuni hushiga kelgach, operatsiya qilishdi. Ammo operatsiyadan so‘ng akamning bir ko‘zida muammo borligi, ko‘zi ko‘rmay qolgani ma’lum bo‘ldi”, — deydi jabrlanuvchining ukasi Abdurasul Qurbonov.

Ma’lum qilinishicha, YTHdan jabrlangan Abdurahmon Qurbonov yuz jarrohligi operatsiyasidan so‘ng uyiga qaytgan. Yuzidagi shishlar qaytgach, chap ko‘zi ko‘rmayotganini payqagan va shifokorga murojaat qilgan. Shifokor YTH oqibatida olgan jarohati sabab ko‘z pardasi yirtilganini aytgan.

“Shifokorning gapidan so‘ng Cobalt haydovchisi Abdukarim Abdumo‘minovga qo‘ng‘iroq qilib, davolanishim uchun kerak bo‘lgan xarajatlarni qoplashini, sog‘lig‘imni tiklashda ko‘maklashishini so‘radim. Toshkentga borib, shifokorlarga ko‘rinishim lozimligini aytdim. Ammo u vaqti yo‘qligini bildirib, uch million so‘m beraman, o‘zingiz davolanib keling, dedi. Men uch million so‘m yetmasligini, o‘zi birga borsa, qancha xarajat ketsa, qoplab berishi lozimligini aytdim. Biroq u buni rad etdi”, — deydi YTH jabrlanuvchisi.

Oydinlik kiritilishicha, Abdurahmon Qurbonov Toshkent shahriga borib, ko‘zini shifokorlarga ko‘rsatganida tibbiyot xodimlari ko‘z pardasiga shikast yetganini, endi ko‘zi ko‘rmay qolishini aytgan. Shuningdek, operatsiyaning foydasi yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, operatsiyadan so‘ng ko‘zim va boshdagi chayqalish sabab davolanishni davom ettirdim. Davolanishim davomida haydovchiga qo‘ng‘iroq qilib, davolanishim uchun ketayotgan sarf-xarajatlarni qoplashi lozimligini aytdim. U esa yordam berishdan bosh tortdi”, — deydi Abdurahmon Qurbonov.

Jabrlanuvchi Qurbonovning qo‘shimcha qilishicha, Cobalt haydovchisi Angor tumanida yashovchi Abdukarim Abdumo‘minov barcha xarajatlar uchun uch million so‘m berishini, undan ortiq xarajatni qoplay olmasligini ma’lum qilgan. Abdurahmon Qurbonov esa ayni kunga qadar davolanishi uchun besh-olti million so‘m xarj qilganini aytmoqda.

“O‘tgan to‘rt oy muddat davomida haydovchi xarajatlarimni qoplab berishdan bosh tortmoqda. Demak, uning avtomobili jarima maydonidan chiqarib yuborilgan. Shu sabab ham haydovchi mening ahvolim bilan qiziqmayapti. Men YTHdan jabrlanib, sog‘lig‘imni yo‘qotganim yetmagandek o‘tgan fursat davomida ishsiz ham qoldim. Bu esa mening oilaviy ahvolimga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildim. Biroq hech kim dardimni tinglamayapti”, — deydi Abdurahmon Qurbonov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan haydovchi Abdukarim Abdumo‘minovning aytishicha, u jabrlanuvchining sarf-xarajatlarini qoplash va undan hech qanday da’vosi yo‘qligi haqida tilxat olish uchun uning xonadoniga borgan.

“Mening ham xarajatlarim ko‘payib ketgani sabab jabrlanuvchining xarajatlari uchun uch million so‘m berishimni aytdim. Biroq u rozi bo‘lmadi. Jabrlanuvchining besh-olti million xarajati bo‘lsa, to‘lab beraman”, — deydi Abdukarim Abdumo‘minov.

Haydovchining ma’lumot berishicha, mazkur ish bo‘yicha sud ham bo‘lib o‘tgan.

“Mazkur ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudi jabrlanuvchining ko‘zi YTH oqibatida jabrlanganmi yoki undan ilgari ham uning ko‘zida muammo bo‘lganmi, shuni aniqlash maqsadida sud ekspertiza tayinlash to‘g‘risida to‘xtamga keldi va ishni ko‘rishdan to‘xtatdi”, — deydi Abdukarim Abdumo‘minov.

YTH jabrlanuvchisi Abdurahmon Qurbonovning gaplariga aniqlik kiritish maqsadida Surxondaryo viloyat IIB, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Elnur Abrayev bilan suhbatlashdik.

“Mazkur holat bo‘yicha yetarli ma’lumotga ega emasman, ammo tez orada bu haqda aniq ma’lumot beraman”, degan Elnur Abrayev sakkiz kun o‘tsa-da, hech qanday ma’lumot bermadi. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Farhod Toshboyev esa telefon qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Mazkur holatni o‘rganish davomida yuzaga kelgan savollarimiz esa ochiq qoldi.

Xo‘sh, O‘zbekiston hududida karantin tartibi davom etayotgan paytda — 2020-yil 13-may kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidan 4 nafar yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqqan Cobalt haydovchisi avtomobillar harakati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan qanday qilib, Boysun tumanining Darband qishlog‘i hududiga yetib keldi? Litsenziyasiz yo‘lovchi tashigan haydovchining harakati YPX xodimlariga oshkor bo‘lgach, viloyat transport boshqarmasi e’tiborini tortmadimi?

O‘ylaymizki, Surxondaryo viloyat IIB, YHXB va transport boshqarmasi mazkur savollarga tez orada javob beradi va muammo yechimi haqida xabardor qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-09-2020, 17:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 107) ( 0) ( 105) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют