» » Jahon hafta ichida. Koronavirusning davomi, Navalniy zaharlanishi atrofidagi gap-so‘zlar va tinib-tinchimas belaruslar

Jahon hafta ichida. Koronavirusning davomi, Navalniy zaharlanishi atrofidagi gap-so‘zlar va tinib-tinchimas belaruslar


Kuz ham kirib keldi. O‘zgacha bir kayfiyatda o‘tayotgan 2020-yil kuzining ilk haftasida dunyoda qanday hodisalar yuz berdi? An’anaviy haftalik dayjestimizda shu haqda hikoya qilamiz.

Butun dunyoni o‘zgartirib yuborgan koronavirus pandemiyasini yuzaga keltirgan COVID-19 kasalligining paydo bo‘lganiga qariyb bir yil bo‘lmoqdaki, hamon kasallik chekinishni istamayapti. Buni o‘tayotgan haftada yuz bergan kasallik bilan bog‘liq yangi holatlar ham tasdiqlab turibdi.

Kasallik ilk tarqagan Xitoy bu borada ancha muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa, kasallikning ikkinchi o‘chog‘i bo‘lgan Yevropada yana kasallanish holatlari ko‘payib bormoqda. Fransiya, Ispaniya kabi davlatlarda kunlik kasallanish holatlari ancha o‘sdi. Eng ko‘p tarqalgan AQShda o‘tgan hafta boshida kasallanganlar soni olti million kishidan oshdi. O‘z navbatida undan keyingi o‘rinda borayotgan Braziliyada ham kasallikka chalinganlar umumiy soni o‘sdi. Ushbu mamlakatda hafta davomida kasallikni yuqtirib olganlar soni to‘rt milliondan oshdi.

Bu borada uni ta’qib qilib kelayotgan Hindiston ham unga yaqinlashib qoldi. Ushbu mamlakatda ham kasallikka chalinganlar umumiy soni to‘rt milliondan oshgan. O‘tgan hafta davomida Rossiya kasallikka chalinganlar soni milliondan oshgan 4-davlatga aylandi. Shuningdek, Moskva shahar meri Sergey Sobyanin shaharda epidemiya kuzda qaytadan avj olishi mumkinligidan ogohlantirdi. Turkiyada esa kasallik o‘zining ikkinchi cho‘qqisiga chiqqanligi ma’lum qilindi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘ja ma’lum qilgan.

Ma’lumki, koronavirus bir necha yuz ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Ular orasida turli xil kasb egalarini uchratish mumkin. Lekin bir kasb egalari borki, ular kasallik bilan doimiy yonma-yon yurishga majbur bo‘ldi. Ular — shifokorlar. O‘tgan hafta tahlillardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, butun dunyoda yetti mingdan ortiq shifokor koronavirus kasalligini yuqtirib olishi natijasida vafot etgan.

Hafta o‘rtalarida butun dunyoda kasallik bilan bog‘liq umumiy holatlar soni 26 milliondan oshgan bo‘lsa, hafta oxiriga kelib bu boradagi ko‘rsatgich 27 milliondan oshiqni tashkil qildi. Shundan 19 milliondan ortiq kishi tuzalgan bo‘lsa, 880 mingdan ortiq odam kasallik oqibatida vafot etgan. Bugungi holat bo‘yicha dunyodagi aktiv holatlar soni yetti millionga yaqinni tashkil qilmoqda.

Davlatlar kesimida AQSh 6,4 million holat bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda Hindiston to‘rt million 160 mingdan ortiq holat bilan ikkinchi va Braziliya to‘rt million 123 ming holat bilan uchinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Ko‘rinib turganidek, hafta oxiriga kelib Hindiston ikkinchi o‘ringa chiqdi. Shunday qilib, koronavirus pandemiyasi davom etmoqda.

O‘tgan haftada 20-avgustdan buyon koma holatida qolayotgan Rossiya muxolifati lideri Aleksey Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar oshkor qilindi. Siyosatchi Aleksey Navalniy Rossiyada asab tizimini falaj qiluvchi, tarkibi jihatdan “Novichok” moddasiga o‘xshash jangovar modda bilan zaharlangan. Bu haqda Germaniya hukumati ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.

Qayd etilishicha, siyosatchi davolanayotgan “Sharite” klinikasi shifokorlarining so‘roviga binoan o‘tkazilgan testlar natijalari Navalniyning organizmida zahar izlari mavjudligini ko‘rsatgan. “Aleksey Navalniy Rossiyada kimyoviy zaharlovchi modda qo‘llangan holda amalga oshirilgan hujum qurboni bo‘ldi”, deyiladi Germaniya hukumati bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, Germaniya hukumati tahlil natijalari haqida Yevropa Ittifoqi va NATOdagi hamkorlariga, shuningdek, Kimyoviy qurolni taqiqlash bo‘yicha tashkilotga xabar beradi. Rossiyaning Germaniyadagi elchisi ham tahlil natijalari haqida rasman xabardor qilinadi. “Biz Rossiya hukumatini bu hodisa bo‘yicha tushuntirish berishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Shundan keyin mojaro atrofida turli bahs-munozaralar ko‘payib ketdi. Jumladan, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishini “Kremlning muxolif siyosatchini g‘ayriinsoniy jazolashi” deb atadi va voqeaga “tegishli ravishda” chora ko‘rishga chaqirdi. “Sivilizatsiyalashgan dunyoning faqat bir dadil pozitsiyasi va qat’iy qoralashi, shu jumladan, sanksiyalar Rossiya hukumatini jinoyatlar sodir etishni to‘xtatishga majbur qilishi mumkin...”, deyiladi Ukraina TIV bayonotida.

Voqeaga mamlakatda norozilik namoyishlari davom etayotgan Belarus ham munosabat bildirdi. Minskning ushbu munosabati biroz istehzo ham keltirib chiqardi. Gap shundaki, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 3-sentabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi vaqtida siyosatchi Aleksey Navalniyning “Novichok” guruhiga kiruvchi zahar orqali zaharlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar yolg‘on ekanini ma’lum qildi, deb xabar beradi Meduza.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarus razvedkasi bunga qadar Germaniya va Polsha o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatni yozib olishga muvaffaq bo‘lgan. Unda Navalniyning zaharlanmagani aytilgan bo‘lib, Belarus prezidenti ushbu yozuvni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga berishni va’da qilgan. 4-sentabr kuni kechqurun Belarus hukumatiga qarashli “Pul pervogo” Telegram kanali ushbu suhbatni e’lon qildi. Suhbat quyidagicha:

Varshava: Allo! Xayrli kun, Nik. Ishlaring qalay?

Berlin: Hammasi rejadagidek… Navalniy bo‘yicha materiallar tayyor. Kansler adminstratsiyasiga yuboriladi. Uning bayonotini kutamiz.

Varshava: Zaharlanish aniq tasdiqlanadimi?

Berlin: Eshit, Maykl. Mazkur holatda bu u qadar muhim emas… Urush ketyapti… Urush vaqtida esa har qanday usul yaxshi.

Varshava: Qo‘shilaman. Putinning Belarus ishlariga burun suqishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirish kerak… Eng samarali yo‘l — uni Rossiya muammolariga ko‘mib tashlash, muammolar esa kam emas! Buning ustiga yaqin kunlarda saylovlar, Rossiya mintaqalaridagi ovoz berish kuni.

Berlin: Shu bilan shug‘ullanyapmiz. Belarusda o‘zi ishlar qalay?

Varshava: To‘g‘risini aytganda, yaxshi emas. Prezident Lukashenko qattiq yong‘oq bo‘lib chiqdi. Ular professional va tashkilotchi. Rossiya ularni qo‘llab-quvvatlayotgani tushunarli. Amaldorlar va harbiylar prezidentga sodiq. Qolganini telefon orqali emas, ko‘rishganda gaplashamiz.

Berlin: Ha-ha, tushunaman, unda ko‘rishguncha xayr.

Varshava: Xayr.

Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq ma’lumotlarga uning shtabi rahbari Leonid Volkov ham munosabat bildirdi.

“‘Novichok’ bu — Putin. Bu “dorixonada saqlanadigan” narsa emas. Bu ishlab chiqarish va butun dunyoda taqiqlangan substansiya. Skripallar zaharlanganidan keyin bu modda tasavvurdagi va tasavvur qilib bo‘lmaydigan barcha taqiqlangan ro‘yxatlardan joy olgan. ‘Novichok’ bu — terrorchilik akti. Bu jinoyat joyiga qon bilan yozib ketish yoki ‘Yarosh vizitkasi’dan zo‘rroq”, — deb yozadi Volkov.

Shuningdek, mazkur voqeaga Yevropa Ittifoqi, Vashington va London ham o‘z munosabatlarini bildirdi. AQSh rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlangani to‘g‘risidagi xabardan chuqur xavotirda va aybdorlarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni joriy etishga tayyor. Bu haqda AQSh Milliy xavfsizlik kengashi ma’lum qildi. “Biz Rossiyadagi aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun ittifoqchilarimiz va xalqaro hamjamiyatlar bilan ishlaymiz va ularning yovuz faoliyatini moliyaviy cheklaymiz”, deyiladi kengash bayonotida.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Navalniyga nisbatan qo‘llanilgan kimyoviy qurolni “ablahona” deb atadi. “Rossiya hukumati janob Navalniy bilan nima sodir bo‘lgani bo‘yicha tushuntirish berishi kerak. Biz xalqaro hamkorlarimiz bilan adolat tantanasini ta’minlaymiz”, deb yozadi Jonson o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Fransiya Navalniyning zaharlanishini “ajablanarli va mas’uliyatsizlik” deb atagan. Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyaen va Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi yetakchisi Jozep Borrel aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg esa javob reaksiyasi borasida alyans a’zolari bilan muhokama boshlanganini bildirgan.

Yevropa Ittifoqi esa Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilish bilan tahdid qilgan.

9-avgustda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan belaruslar o‘sha kundan buyon tinmasdan norozilik namoyishlari o‘tkazib kelmoqda. Jumladan, ular haftaning har yakshanba kunlari va muhim sanalarda ommaviy yirik namoyishlar tashkil qilmoqda. Shunday tadbirlardan biri hafta boshida — 1-sentabr kungi Bilimlar kuni munosabati bilan talabalar tomonidan amalga oshirildi.

Talabalar butun mamlakat bo‘ylab har bir shahar markaziga qarab yurishni amalga oshirdi. Eng yirik namoyish poytaxt Minskda bo‘lib o‘tdi. Talabalar Mustaqillik maydoniga qarab harakatlandi, ammo kuchishlatar tizim xodimlari yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. Natijada talabalar ko‘chalarda namoyishlarni tashkil qildi. Namoyish vaqtida 170 ga yaqin kishi hibsga olindi. Jumladan, bir nechta jurnalistlar ham hibsga olindi va ular bir necha kundan so‘ng qo‘yib yuborildi.

Navbatdagi yirik namoyish “Birlik marshi” deb nomlandi va u 6-sentabr kuni o‘tkazildi. Unda namoyishchilar har galgidek poytaxtdagi markaziy maydonlarda yurish qildi. Bu safar ular prezident qarorgohi oldida ham to‘plandi.

Протестующие напротив силовиков у Дворца Независимости. Перед рядом щитов — колючая проволока. pic.twitter.com/t3Zcd1Szzg

— TUT.BY (@tutby) September 6, 2020

Yomg‘ir yog‘ishi ham namoyishchilarni to‘xtata olmagan. Minsk, Brest, Nemig, Grodno kabi shaharlarda namoyishchilar hibsga olingan.

Belarusda namoyishlar davom etmoqda.

O‘tgan haftada Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yana bir bor o‘zining nimalarga qodir ekanini namoyish qildi. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov shu hafta mamlakat xavfsizlik kengashi uchun sayyor yig‘ilish o‘tkazdi, deb yozmoqda “Xronika Turkmenistana”. Yig‘ilishdan so‘ng prezident harbiylar va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari uchun otish mashqlari o‘tkazdi.

“Harbiy va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari navbatma-navbat nishonga o‘q uzib, qurol ishlatish mahoratlarini namoyish etdi. Prezident urilgan nishonlarni ko‘rib chiqdi va turli xil qurollardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishni buyurdi”, deb yozmoqda “Turkmenistan segodnya” nashri.

Shundan so‘ng prezident shaxsan o‘zi harbiy quroldan mohirona foydalanishini namoyish qilib, ikki xil to‘pponchadan nishonga o‘q uzdi. Keyin esa yo‘ltanlamas mashina tomiga o‘rnatilgan pulemyot — “Minigan”dan yaqin atrofda turgan bochkalarga qarata otgan va uni portlatgan. Berdimuhamedov yig‘ilganlarga qarata jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun muntazam ravishda harbiy-amaliy sport turlari bilan shug‘ullanish zarurligini ta’kidlagan.

Prezident askarlarga harbiy tayyorgarlik haqida master-klass o‘tayotgan paytda mamlakatning Sarhadobod shahrida pista terishga yuborilgan Taxtabozor chegara otryadining 11 nafar shoshilinch xizmat askari halok bo‘ldi. Baxtsiz hodisa 2-sentabr kuni 40 nafar harbiy xizmatchi harbiy yuk mashinasida pista hosilini terish uchun ketayotgan paytda yuz bergan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa yuz bergan joy tik qiyali va yo‘llari yomon tepalik bo‘lgan. Og‘ir yuk mashinasi nima sababdan yo‘ldan chiqib ketgani va ag‘darilgani hozircha noma’lum. Taxminlarga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan yoki mashinada nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda 11 nafar askar halok bo‘lgan, omon qolganlar orasida jarohatlanganlar ko‘p.

Askarlarning halok bo‘lgani haqida hech qanday rasmiy xabar berilmagan. Mahalliy aholi hodisa haqida xabardor, biroq uni o‘zaro muhokama qilmaydi. Qayd etilishicha, nima sababdan shoshilinch xizmat askarlari pista terishga jo‘natilgani noma’lum. Butun mamlakatda paxta terilgani kabi pista terish bo‘yicha ham yuqoridan buyruq kelgani yoki bu qo‘mondonlarning buyrug‘i ekani ma’lum emas.

Butun dunyoda tarqagan koronavirus kasalligi Turkmanistonni cheklab o‘tgani rasman tan olindi. Biroq aholi ehtiyot choralari ko‘rishi kerakligi uqtirilgan. Shu sababdan talabalar va budjet tashkilotlari xodimlari 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sababli aholini paxta terimiga ommaviy jo‘natish bekor qilinishiga umid bildirgandi, biroq bu yuz bermadi.

Ob-havo sharoitlari sababli Turkmanistonning Lebop viloyatida g‘o‘za bilan band bo‘lgan maydonlarning taxminan 60 foiziga ekin qayta ekilgan. Shu sababli paxta terimining boshlanishi noma’lum muddatga qoldirildi.

Qayd etilishicha, terim mavsumi ortga surilganiga qaramasdan, viloyatdagi Saidiy nomidagi pedagogika instituti talablari va bir necha litsey o‘quvchilari paxta terimiga borishi zarurligi haqida ogohlantirilgan. Talabalar viloyatning uzoq tumanlariga olib ketiladi. Tumanlardagi qishloq xo‘jaligi birlashmalari rahbarlari qarshi chiqishiga qaramasdan, hududlar rahbarlari talabalar va davlat idoralari xodimlarini qo‘shimcha ishchi kuchi sifatida paxta terimiga jo‘natadi. Paxta ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari ham bunday yordamni xohlamaydi. Bu ular uchun ortiqcha xarajat va ishlarni yuzaga keltiradi.

Boshlanayotgan yangi hafta sermazmun o‘tishini tilab, dayjestga yakun yasaymiz.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-09-2020, 13:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 56) ( 0) ( 56) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют