» » Toshkent viloyati bosh infeksionisti hibsga olinishining sababi ma’lum qilindi

Toshkent viloyati bosh infeksionisti hibsga olinishining sababi ma’lum qilindi


Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva 8-sentabr kuni hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Guljahon Yo‘ldosheva rahbarlik qilgan Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan bemor shifoxona xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazilgan va shundan keyin vafot etgan.

Xabar berilishicha, 2020-yil 10-avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 1-avgust kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazilganligini bildirgan. F.Rustamov 2-avgust kuni sog‘lig‘i yomonlashib, vafot etgan. Shu sababli, uning qarindoshi aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘lishiga sabab bo‘lgan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik holati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko‘rsatmasi bilan ushbu bemor og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy kasalliklari dispanseriga yuborilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 million so‘m budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlandi.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan.

2020-yil 8-sentabr kuni shifoxona bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi “a” (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etildi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9-sentabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Guljahon Yo‘ldosheva pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirus bemorlarini o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotganini, og‘ir vaziyatda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgandi.

Shuningdek, iyul oyida ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi tibbiy xodimlari shifoxonadan ketib qolgani, muassasa esa yopilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Toshkent viloyati hokimligi esa mazkur xabarlar yolg‘on ekanligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, avgust oyida Toshkentdagi “Sayohat” mehmonxonasida karantinda bo‘lgan erkak to‘rtinchi qavatdan sakrab o‘z joniga qasd qilgandi. Iyun oyida O‘rtasaroydagi karantin markazida fuqaro konteyner ichida o‘zini osib qo‘ygan. Fuqaroda koronavirus aniqlanmagan. Biroq u virusga chalinganligini aytib o‘zini agressiv tutgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-09-2020, 21:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 75) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют