» » Zangiotada 11 yoshli bolaning “ZIL” urib ketishi oqibatida halok bo‘lgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Zangiotada 11 yoshli bolaning “ZIL” urib ketishi oqibatida halok bo‘lgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi


Toshkent viloyati Zangiota tumanida 2020-yil 1-sentabr kuni “ZIL” yuk mashinasi 11 yoshli bolani urib ketib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Bu haqda Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Hodisa 2020-yil 1-sentabr kuni soat taxminan 12:30 larda Zangiota tumani “Tarnov” mahallasi hududi ichki avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. A.A. boshqaruvidagi “ZIL” o‘ziga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishdan velosiped boshqarib kelayotgan 11 yoshli A.G‘.ni yuk mashinasining orqa o‘ng g‘ildiragi bilan turtib yuborib, bosib o‘tgan.

Oqibatda voyaga yetmagan A.G‘. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifoxonasiga yotqizilgan. Jabrlanuvchiga shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, bola chap oyoq boldir sohasidan reanimatsion kesilib, jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan.

Zangiota tumani IIB tergov tezkor guruhi shu kunning o‘zida hodisa joyiga yetib borgan va holat o‘rganilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Oradan 4 kun o‘tib, 5-sentabr kuni 2009-yilda tug‘ilgan A.G‘. ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan o‘rnatilgan tartibda marhum A.G‘.ning o‘lim sabablari va undagi tan jarohatlarining og‘irlik darajasini aniqlash borasida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 2020-yil 5-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi, deyiladi Toshkent viloyati IIBB ma’lumotida.

Bundan avval 8-sentabr kuni “Mikrafon ko‘targan ayol” Telegram-kanali muallifi, jurnalist Aziza Qurbonova mazkur voqea yuzasidan post qoldirgandi.

1-sentabr kuni velosipedda ketayotgan 11 yoshli Abdurahmonni Zangiota tumani “Tarnov” mahallasidagi katta avtomobil yo‘lida magazin oldidan chiqayotgan Matiz turtib yuboradi. Bola yiqiladi. To‘g‘ridan kelayotgan “ZIL” yuk mashinasi esa bolani...bosib ketadi.

“ZIL” haydovchisi va odamlar bolani 16-bolnitsaga olib borishadi. Abdurahmonning oyog‘ini kesib tashlashadi, uzoq operatsiya qilishadi, bola 4 kun komada yotadi. Bolajon dardga dosh berolmay joni uziladi.

Aytishlaricha, “16”dagi shifokorlar tartibga ko‘ra, militsiyaga “zapros” berishgan. Ammo 4 kun ichida hech kim kelmagan. Tanish-bilish qilib, prokuratura jalb qilingach, tergovchi biriktiriladi. Bolaning jasadini olib chiqib ketish uchun sudmedekspertiza qilish kerak odatda. Sudmedekspertizaga olib borish uchun bolaning kesib tashlangan oyog‘i qidiriladi (ha, to‘g‘ri o‘qidingiz).

Morgdanmi-qayerdandir oyoq topib kelingach, Zangiotadagi sudmedekspertizaga olib boraylik, hammasi tayyor turibdi, tez bo‘ladi, deydi tergovchi. Qo‘lida kasallik tarixini ham olib ketadi. Shu bilan kuni bo‘yi uni topib bo‘lmaydi, telefonini o‘chirib oladi. Ming dardiga million dard qo‘shilib, ota-onasi, yaqinlari bolani shomga ham chiqarisholmaydi. Bolaning pajmurdasi bilan vayrona sudmedekspertizaning eshigida sarson bo‘lishadi. Tungi 12 gacha. Tasavvur qilyapsizmi...

Shu bilan bomdodga deb reja qilishadi. Sudmedeksperti yo‘q, kasallik tarixi yo‘qligi uchun qabul qilinmaydi. Yana kattaroq kimnidir topib, ishga jalb qilish uchun ezilish... Qo‘ng‘iroqdan keyingina tergovchi, ekspert topiladi. Sudmedeksperti ham ishiga “astoydil kirishib” shundoq ham 4 kun ichida a’zoyi badani operatsiya bo‘lgan bolani yana qayta “titkilab” chiqadi...

La’natilar...ayting, o‘zi siz qanaqa odamsiz? Qanaqa ablah odamsizlar? Ketib qolgan Matiz’chi, “zapros”ga kelmagan Zangiota huquq-tartibot organlari, vaziyatni bilib turib ham, qo‘lida “istoriya”ni ko‘tarib ketib, telefonini o‘chirib olgan tergovchi, navbatchi topilmagan Zangiota Sudmedekspertiza xizmati – sizlarning bolangiz bormi?, Yaqiningiz bormi?, Sizlar faqat tepadan qo‘ng‘iroq bo‘lsa ishlaysizmi?, Qotib ketgan betingiz orqasida aql, vidjon bormi?

Sudmedekspertiza xizmatida umuman tartib yo‘qligini koronavirusning birinchi to‘lqinida butun Toshkent ko‘rib bo‘ldi, ishi tushganlarning dardidan tutun chiqadi. Bular o‘likni sotdi ham, almashtirib ham qo‘ydi, qo‘lini tekkizmay paketga o‘rab ham berdi va hokazo...

Norasidaning musibatidan ado bo‘lgan ota-onani yana o‘likni olish uchun ham shuncha sarson qilishga moslashtirilgan qanday “tizim” o‘zi bu? Qachongacha chidaymiz bu boshboshdoqlikka, o‘z ishiga sovuqqonlikka, inson qadriga befarqlikka? Zangiota IIB, tuman prokuraturasiga ham shu savol.

Shundoq jonga tegdi shunday voqealarni o‘qish, eshitish, ishtirokchisi bo‘lish.

Abdurahmon, bolajonim, hecham xafa bo‘lma... Gunohlardan xoli chin dunyoga ketding. Bu odamlar bilan yashash ham osonmas, men senga aytsam...

“Mikrafon ko‘targan ayol” Telegram-kanali.

Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasining rasmiy axborotida Matiz’ning 11 yoshli bola o‘limiga sabab bo‘lgan mazkur YTH ishtirokchisi bo‘lganligi yuzasidan ma’lumot keltirilmagan.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda sakkiz oyda oqibati o‘lim bilan tugagan salkam 1000 ta YTH yuz berdi

Avval Farg‘onada 6 yoshli qiz yuk mashinasi urib yuborish oqibatida vafot etgani, Samarqandda 19 yoshli haydovchi Lacetti’da 7 yoshli bolani urib yuborgani, bola voqea joyida halok bo‘lgani, Navoiyda Tiko haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yuborgani haqida xabarlar berilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-09-2020, 14:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 125) ( 0) ( 123) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют