» » Xivalik shifokorning qarindoshlari marhum koronavirusdan vafot etgan deya hisoblamoqda. Viloyat SSB esa buni rad etyapti

Xivalik shifokorning qarindoshlari marhum koronavirusdan vafot etgan deya hisoblamoqda. Viloyat SSB esa buni rad etyapti


5-sentabr kuni Xorazm viloyat 1-son klinik shifoxonasi shifokori Baxtiyor Qilichev 66 yoshida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Unda bemorning o‘limiga koronavirus asoratlar sabab bo‘lgani haqida yozilgan. 15-sentabr kuni Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Urganch shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli karantin shifoxonasidan olingan kasallik tarixi ma’lumotlariga tayanib, marhumda koronavirus infeksiyasi tasdiqlanmaganini ma’lum qildi.

“27-avgust kasalxonaga yotqizilgan bemorda birlamchi tekshiruv jarayonida maxsus laboratoriya tekshiruvida ham, keyingi tashxislarda ham koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. Bemorning o‘limdan keyingi tashxisi natijalariga ko‘ra, bemorning vafotiga ikki tomonlama pnevmoniya sabab bo‘lganini ko‘rish mumkin”, — deyiladi bayonotda.

“Gazeta.uz” nashri bilan suhbatlashgan marhumning rafiqasi Sanobar Jumaniyozova (terapevt) va uning hamkasblari ushbu bayonotga qo‘shilmagan. Ular laboratoriya tahlillari va tekshiruvlarga asoslanib, Qilichevning o‘limiga aynan koronavirus asoratlar sabab bo‘lganini tasdiqlamoqda.

Baxtiyor Qilichev 1954-yili Xivada tug‘ilgan, 1978-yilda Toshkent tibbiyot institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Xiva tumani shifoxonasida boshlagan, keyinroq viloyati IIV ambulatoriya tibbiyot xizmati boshlig‘i, 1-sonli viloyat klinik shifoxonasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Uzoq yillar davomida Xiva tumani markaziy shifoxonasi terapiya bo‘limiga mudirlik qilgan. Xalq deputatlari tuman kengashi deputati bo‘lgan.

Baxtiyor Qilichevning qarindoshlari va hamkasblarining so‘zlariga ko‘ra, u koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon bemorlarni davolash bilan shug‘ullanib kelgan, avgust oyida esa o‘zi ham koronavirus yuqtirib olgan.

Ta’kidlanishicha, Qilichev koronavirusdan davolanganini ko‘rsatuvchi qator faktlar mavjud. Xususan, uning karantinga joylashtirilgani va Toshkent tibbiyot akademiyasining viloyat filiali qoshidagi Urganchdagi COVID-19 markaziga yotqizilgani (yangi tug‘ruqxona bazasidagi). Uning davolanishini rossiyalik mutaxassislar, jumladan, Moskvadan kelgan reanimatolog Muzaffar Zakirov nazorat qilgan.

“Ikkala o‘pka interstitsiyasining siqilish belgilari (interstitsial pnevmoniya). Katta ehtimol bilan COVID-19. O‘ng o‘pkada parenxima 30 foiz, chap o‘pkada esa 26 foiz. Og‘irlik darajasi KT-3 (og‘ir)”, — deyiladi 24-avgust kungi MSKT tashxisida.

COVID-19 tashxisi kasalxonadan tashqaridagi pnevmoniya, arterial gipertenziya va semirish bilan birga Xorazm viloyati patologanotomiya byurosi aktida keltirilgan (nusxasi tahririyatda mavjud). Shuningdek, ushbu aktda marhumni ko‘mishga va dafn marosimlarini o‘tkazishga tayyorlash jarayoniga izoh berilgan. Unga ko‘ra, marhum qarindoshlari guvohligida ikki nafar mahalliy SES vakili nazorati ostida ko‘milgan.

20-sentabr holatiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilayotgan koronavirus statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirgacha 433 kishi COVID-19 oqibatida vafot etgan. Biroq “Daryo” yuritayotgan alohida hisob bo‘yicha, O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni rasmiy statistikadagidan kamida 19 taga ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida, Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori To‘lqin Ashurov 51 yoshida, Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma huzuridagi COVID-19’ga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi shtab rahbari Sherali Nurmatov 61 yoshida, Samarqand shahridagi 1-sonli tug‘ruqxona bosh vrachi Gulnora Jo‘rayeva 56 yoshida, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Alisher Uralov 52 yoshida, Toshkentning Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva 60 yoshida, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova 62 yoshda koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan edi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-09-2020, 11:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 90) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют