» » Mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda korxonalar ishtiroki kengayadi

Mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda korxonalar ishtiroki kengayadi


Shavkat Mirziyoyev “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujat matnini O‘zA e’lon qildi.

Qarorga keltirilgan sharhda aytilishicha, iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarini oliy ta’lim tizimidagi kadrlar tayyorlash jarayoniga keng jalb etish, ularning ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Bosh vazirning o‘rinbosarlari – kompleks rahbarlari, mutasaddi rahbarlar tarmoq(soha)lar bo‘yicha tegishligiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan.

Qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga kadrlar buyurtmachilari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash mazmuni, bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmasiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi oliy ta’lim yo‘nalishlari malakaviy talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini soha ehtiyojidan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqish va tasdiqlash, ishlab chiqarish stajirovkalarini joriy etish, eng ilg‘or xorij tajribasiga tayangan holda o‘quv adabiyotlari, o‘quv-metodik komplekslarini ishlab chiqish va joriy etish, istiqbolli yosh pedagoglar va doktorantlarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga stajirovkaga yuborish, ular uchun maxsus stipendiyalar ajratish kabi vazifalar yuklatilgan.

Qaror komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli tarmoq (soha) hamda hududlarning joriy va istiqbolli rivojlanish dasturlarini hisobga olib, oliy malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni yillar kesimida aniq balans beradigan hisob-kitoblar asosida ishlab chiqishni nazarda tutadi. Shu bilan birga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami bugungi kun bitiruvchilaridan ushbu ijobiy o‘zgarishlarda faol ishtirok etishni talab qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularning bilim va malakalari darajasiga muayyan, jiddiy talablarni qo‘ymoqda.

Qabul qilingan qaror yangi o‘quv yilidan boshlab har bir oliy ta’lim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitishni bosqichma-bosqich tashkil etishni, o‘z navbatida ingliz tilida dars o‘tadigan professor-o‘qituvchilarni maqsadli tayyorlash jarayoniga boshqacha yondashuvni talab qiladi. Shu maqsadda professor-o‘qituvchilarning xorijda tegishli tayyorgarlikdan o‘tishini tashkil etish, mashg‘ulotlarni olib borishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilgan.

Istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni, birinchi navbatda, muhandislik-texnika va arxitektura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari pedagoglarini rivojlangan davlatlarda homiylik va xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlar malakasini oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishini tashkillashtirish “Iste’dod” jamg‘armasi orqali malaka oshirishlarini tashkil etish vazifasi qarorda ta’kidlab o‘tilgan.

Joriy o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalari talabalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha muayyan tashkilotlar va korxonalarda malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda o‘tkazilishini, shuningdek, ularning amaliy mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish belgilab qo‘yilgan.

Asosiy masalalardan biri sifatida ishlab chiqarish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan islohotlar ta’kidlab o‘tilgan. Ushbu islohotlar oliy ta’lim tizimidagi ilmiy salohiyatni oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, yosh olimlar va tadqiqotchilarni tizimli tayyorlash masalalari bilan chambarchas bog‘liq.

Kompleks rahbari, tegishli vazirlik va idora rahbari biriktirilgan har bir oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan tarmoqqa (sohaga) oid yangiliklar, istiqbollarni belgilab olish, ta’lim mazmunini takomillashtirish kabi masalalar muhokamasini kamida oyda bir marta o‘tkazishi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Ijtimoiy sohada yosh olimlar, izlanuvchilar va doktorantlar uchun keng imkoniyatlar yaratish ham qarorda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unda amaliyotga tatbiq etilgan ish mualliflarini, ixtiro egalarini moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida talabgorligi va professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari amaliyotga joriy etilishi samaradorligiga e’tibor qaratilgan bo‘lib, bunda milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan oliy ta’lim muassasalariga o‘quv jarayonining alohida me’yoriy-huquqiy hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlashda akademik erkinlik berilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda doktorantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishiga moddiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularning oylik stipendiyasining 50 foizigacha miqdorda moddiy rag‘batlantirilishi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari hisobidan amalga oshirilishini, doktorantura bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlariga ishga joylashishi, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish uchun bazaviy doktoranturaning 2-kursidan imtiyozli ipoteka kreditini 25-yil muddatga ajratish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutgan Hukumat qarorini qabul qilish vazifasi topshirilgan.

Qarorda yana bir muammo – magistraturada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ularni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida ta’lim muassasalarining boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish; pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda abituriyentlar bilan kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasbiy layoqatini aniqlash bo‘yicha ijodiy suhbat o‘tkazish, pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga davlat grantlari asosidagi qabul kvotalari ulushini oshirish orqali maqsadli qabulni tashkil etish yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda takliflarni ishlab chiqib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi belgilangan.

Qarorda zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy ta’lim muassasalaridan yiroqda joylashgan, bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan akademik litseylarni tugatish, ularni faqat yuqori ilmiy-pedagogik salohiyatga ega oliy ta’lim muassasalari tarkibida bittadan qoldirish masalalari qayd etilgan.

Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro‘sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarish, shuningdek, turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo‘lgan, o‘quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo‘jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste’mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilgan.

Bugungi kunda yoshlar tarbiyasi o‘ta dolzarb masala ekanini inobatga olgan holda qarorda talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ta’lim va tarbiya uyg‘unligini amalda ta’minlash borasidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratilgan. Yoshlarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ijarada turuvchi talabalarni ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilgan shaklini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bir oy muddat ichida mamlakatimizda ijtimoiy sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlar tarbiyasining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, shaxsning ma’naviy kamol topishini psixologik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti tarkibida Psixologiya o‘quv-ilmiy markazini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritishlari belgilangan.

“Daryo” yangiliklarini Facebook’da kuzatib boring

Опубликовано: admin (28-07-2017, 09:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 70) ( 0) ( 69) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют