» » Muhrim A’zamxo‘jayev: 1995-yilgi “Oltin to‘p” sohibi Afrikadagi davlatga prezident bo‘ldi? Yo‘q, hozircha yo‘q

Muhrim A’zamxo‘jayev: 1995-yilgi “Oltin to‘p” sohibi Afrikadagi davlatga prezident bo‘ldi? Yo‘q, hozircha yo‘q


11-oktabrdan beri ijtimoiy tarmoqlarda va ba’zi internet-nashrlarda (ular orasida O‘zbekiston saytlari ham bor) Afrika tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri — Jorj Vea o‘z vatani Liberiyaga prezident bo‘lgani haqidagi xabarlar aylanib yuribdi. Haqiqatan ham shundaymi?

Liberiya — G‘arbiy Afrikadagi eng qashshoq mamlakat (mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha jahonda uchinchi); bu davlatga 1822-yilda AQShdan qaytgan ozod afroamerikaliklar — “Ozodlik yeri” deb asos solgan. Mamlakat XX asrda davlat to‘ntarishini boshdan kechirgan, davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyat tepasiga kelgan diktatorga qarshi urush esa Liberiyadagi birinchi (1989—1996-yillar) va ikkinchi fuqarolar urushi (1999—2003-yillar)ga sabab bo‘lgan.

Jorj Vea — Afrika tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri. 1995-yili FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan, Yevropaning eng yaxshi futbolchisi sifatida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan va uch marta Afrikaning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilingan. World Soccer nashri uni XX asrning eng buyuk futbolchilaridan biri deb e’tirof etgan, FIFAning 100 yilligiga atab tayyorlangan buyuk futbolchilarning 100 talik ro‘yxatidan o‘rin olgan. Bir so‘z bilan aytganda, jahon chempionatida o‘ynamay jahonda zo‘r bo‘lgan futbolchi. Bunday obro‘ bilan hududi Navoiy viloyatidek keladigan mamlakatda prezidentlik uchun bemalol kurashsa bo‘ladi, albatta.

Serjant Semyuel Douning 1980—1990-yillardagi diktaturasi, undan keyingi yetti yillik prezidentsiz davr, so‘ng “U mening ota-onamni o‘ldirdi, lekin men baribir unga ovoz beraman” shiori bilan prezident bo‘lgan dala qo‘mondoni Charlz Teylorning 2003-yilgacha davom etgan hukmronligidan so‘ng, Liberiya tarixida yangi bir davr boshlandi.

Mamlakat boshqaruvi muvaqqat hukumatga ishonib topshirildi. 2005-yil kuzida natijalari ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor xalqaro jamoatchilik tomonidan tan olingan prezident saylovlari o‘tkazildi. Prezidentlikka 22 kishi, xususan, Jorj Vea ham da’vogar edi. O‘shanda ko‘pchilik uni saylov favoriti deb atagan — u bu taxminlarni tasdiqlab, saylovning birinchi turida, saylovchilarning 28,3 foiz ovozini olgan. Biroq ikkinchi turda Afrika tarixiga demokratik yo‘l bilan saylangan ilk ayol prezident sifatida kirgan va hozirga qadar Liberiyaga rahbarlik qilib kelayotgan Elen Jonson-Serlifga imkoniyatni boy berdi.

Jorj Vea dastlab saylov natijalarini tan olishni istamadi, “saylov natijalari saylovchilarni qo‘rqitish yo‘li bilan va qalbaki byulletenlar vositasida soxtalashtirilgan”, deb bong urib chiqdi. Sobiq futbolchining tarafdorlari esa poytaxt Monroviya ko‘chalarida norozilik namoyishlari uyushtirdi, hatto tartibsizliklar keltirib chiqardi. Biroq Afrikaning bir qator davlatlari yetakchilari Vea va uning tarafdorlarini mag‘lubiyatni sharaf bilan tan olishga chaqirganidan so‘ng, Jorj “tinchlik yo‘lida” o‘z da’volaridan voz kechdi.

2005-yilgi saylov davomida Jorj Veaning raqiblari uni ta’lim ko‘rmaganlik va davlat ishida, boshqaruv lavozimlarida mehnat qilish tajribasiga ega emaslikda ayblagan edi. Darhaqiqat, uning o‘sha saylovdagi asosiy raqibi Elen Jonson-Serlif Garvard bitiruvchisi, o‘z vaqtida prezident Teylor hukumatida moliya vaziri lavozimida, Jahon banki va BMTda mas’ul lavozimlarda ishlagan edi.

Vea bu tanqidlarga: “Bu ta’lim ko‘rganlar va tajribalilar 100 yillardan beri mamlakatni boshqaradi, biroq xalq uchun biror ish qilgani yo‘q”, deb javob berganiga qaramay, uni yana diplomsizlikda ayblamasliklari uchun, Mayamidagi DeVri universitetida biznes boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qib keldi.

AQShdan qaytgach, Vea 2009-yili Montserrado okrugi bo‘yicha Senatga saylovda o‘z nomzodini qo‘ydi. Ko‘pchilik buni 2011-yilgi prezident saylovi oldida tayyorgarlik deb baholadi va u bu taxminlarni oqlab, bo‘lajak prezident saylovida Serlifga raqib bo‘lishini e’lon qildi. Keyinroq prezidentlikka nomzod Uinston Tyubman jamoasida vitse-prezident lavozimi uchun kurashga kirishdi.

Biroq bu safar ham ikki tur davom etgan saylovda yana Elen Jonson-Serlif g‘alaba qozondi. Boshqacha bo‘lishi ham qiyin edi — Elen Jonson-Serlif bir qator islohotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan, boz ustiga, saylov arafasida “ayollar xavfsizligi va ularning huquqlari uchun kuch ishlatmay kurash”dagi hissasi uchun Tinchlik yo‘nalishidagi Nobel mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Vea 2017-yilgi prezident saylovi arafasida ilk siyosiy g‘alabasiga erishib bo‘lgandi. U 2014-yili 30 a’zodan iborat Liberiya Senatiga bo‘lib o‘tga saylovlarda Montserrado okrugidan saylandi. E’tiborli jihati, saylovda unga amaldagi prezident Serlifning o‘g‘li — Robert Serlif raqiblik qilgan edi. Yakunda senatorga aylangan Vea saylovda 78 foiz ovoz oldi, prezidentning o‘g‘li esa 11 foiz.

2017-yilning 10-oktabr kuni Liberiya prezidentligi uchun saylov bo‘lib o‘tdi. Saylov yakuniga yetishi bilan, ijtimoiy tarmoqlar va shov-shuv o‘ch internet-nashrlarda Veaning prezident bo‘lgani haqida xabarlar aylana boshladi. Bu yolg‘on xabarlarga ishonib, Veaning futbolchilik faoliyatidagi ustozlaridan biri — Londonning “Arsenal” klubi bosh murabbiy Arsen Venger uni prezidentlik bilan tabriklashga ham ulgurdi (lekin, BBC News muxbirining ta’kidlashicha, buni Veaning o‘zi Vengerga qo‘ng‘iroq qilib aytgan bo‘lishi ham mumkin — “Venger shogirdini juda samimiy va o‘zgacha bir hayajon bilan tabrikladi”).

Biroq Liberiya Milliy saylov komissiyasi (MSK) 12-oktabr kuni bayonot bilan chiqib, saylovning rasmiy va haqqoniy natijalari faqat MSK tomonidan e’lon qilinishi, komissiya esa hali g‘olib nomini e’lon qilmaganini bildirdi. O‘z navbatida, fuqarolar va partiyalarni sabrliroq bo‘lishga chaqirdi. Hozircha mamlakatning 25 foiz saylov uchastkalarida ovozlar hisoblab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra Jorj Vea saylovchilarning 39,39 foiz ovozini, uning asosiy raqibi — mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Jozef Boakai esa 30,47 foiz ovozni qo‘lga kiritgan (Boakaini “toza va korrupsiyadan xoli nomzod” deb atashmoqda).

The New York Times’ning yozishicha, agar mamlakat bo‘ylab barcha ovozlar hisoblab chiqilib, nomzodlardan birortasi 50 foizdan bitta bo‘lsa ham ko‘proq ovoz to‘play olsa, saylovning noyabrga belgilangan ikkinchi turi o‘tkazilmaydi — bir tur yakuniga ko‘ra prezident nomi e’lon qilinadi. Bunaqasi Liberiyaning yangi tarixida hali bo‘lmagan. Yakuniy natijalar 25-oktabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

“Daryo” yangiliklarini Facebook’da kuzatib boring

Опубликовано: admin (13-10-2017, 14:30)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 68) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют