» » O‘zbekistonda qiynoqqa solganlik haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish tartibi kuchaytiriladi

O‘zbekistonda qiynoqqa solganlik haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish tartibi kuchaytiriladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr kuni “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.

Farmonga keltirilgan sharhlarda aytilishicha, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalarini umumlashtirish qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligidan dalolat bermoqda. Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholining asosli e’tiroziga, uning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudning xolisligiga ishonchi pasayishiga olib kelmoqda. Shu munosabat bilan mazkur farmon qabul qilindi.

Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsadi sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarning amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashdan iboratdir.

Farmon bilan Jinoyat-protsessual kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanmoqda. Protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

Qonunchilikda mavjud bo‘shliqni hisobga olgan holda, shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar va ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan holatlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatmalar berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Shuningdek, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ushlangan shaxsga tegishli vakolatli organga keltirilgan vaqtdan boshlab 72 soat ichida mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqi berilmoqda.

Qiynoqqa solganlik haqidagi arizalarni o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish maqsadida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarni prokuratura organlari yoki sud tomonidan majburiy tekshirish kiritilmoqda. Tekshirish o‘tkazishda tibbiy ekspertiza tayinlanishi shart.

Asosiy protsessual harakatlarni majburiy video qayd etish dalillarni to‘plash va mustahkamlashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga qaratilgan muhim yangiliklardan hisoblanadi. O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, shuningdek, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va tergov eksperimenti bunday harakatlarga kiritildi.

Ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun mahkumlarga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishining qonuniyligi prokuror tekshiruvi bilan qamrab olinadi. Bu mahkumlar tomonidan qoidabuzarlik sodir etilganligi bahonasi bilan ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan suiiste’molchiliklarning oldini olish imkonini beradi.

Qayd etilganlardan tashqari, vakolatli organlarga tashkiliy xarakterdagi qator topshiriqlar berilmoqda. Xususan, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylarida videokuzatuv vositalarini o‘rnatish topshirilgan.

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida qonunchilikni hamda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish uslubiyotini yanada takomillashtirish, sud-tergov faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jinoyat ishi bo‘yicha ish yurituvni, jumladan “Elektron jinoyat ishi” tizimini joriy etish orqali optimallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Опубликовано: admin (30-11-2017, 21:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 76) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют