» » Shavkat Mirziyoyev milliy kino san’ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev milliy kino san’ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi


Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-dekabr kuni milliy kino san’ati va kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili, bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yig‘ilishda bosh vazir, tegishli vazirlik va idoralar, “O‘zbekkino” milliy agentligi va uning tizimidagi ijodiy tashkilotlar rahbarlari, kinoijodkorlar vakillari ishtirok etdi.

Prezident soha oldida turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib, kino san’atining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish bilan bog‘liq ishlarni jadallashtirish va uni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zarurligini alohida qayd etdi.

Jumladan, viloyatlarda madaniyat va san’at kollejlari, poytaxtda esa O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Nukus va Qo‘qon shaharlarida uning filiallari faoliyatini takomillashtirish, kino sohasi uchun ssenarist va rejissorlar, operator va aktyorlar tayyorlanayotgan bu ta’lim dargohlarining ilmiy va ijodiy saviyasi, o‘quv dasturlari va metodikasini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Yana bir muhim masala – hududlarda kinoteatrlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq ishlar ham atroflicha muhokama qilindi. 1996-yilga qadar mamlakatda mavjud bo‘lgan 342 ta qishki va yozgi kinoteatrlarning 323 tasi o‘tgan yillar mobaynida xususiylashtirilib yuborilgan. Ularning asosiy qismi savdo majmuasi, to‘yxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul o‘zgartirilgan yoki buzib tashlangan. Bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan 176 ta kinoteatrdan 8 tasi avariya holatida, 65 tasi jiddiy ta’mirtalab, qolganlarining deyarli yarmi faoliyat ko‘rsatmaydi.

Viloyat va tumanlarda kinoteatrlar faoliyatini qat’iy yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, kinoprokat tizimi ham qoniqarsiz ekani, bu yaratilayotgan filmlarni muntazam namoyish etib borish, boshqacha aytganda, aholiga kino xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgani tanqid qilindi.

Davlat tomonidan beriladigan ijodiy grantlar uchun o‘tkaziladigan tanlovlarda xususiy studiyalarning ishtiroki o‘ziga xos sog‘lom ijodiy raqobatni yuzaga keltiradi, dedi davlat rahbari.

Kinematografiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, xorijiy kinostudiyalar va kinoijodkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda filmlar yaratishni yo‘lga qo‘yish muhim ekani qayd etildi.

Biz O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak, dedi pirovardida davlat rahbari.

Опубликовано: admin (29-12-2017, 20:15)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 44) ( 0) ( 43) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют