» » Sport-TV Superliganing barcha o‘yinlarini jonli ko‘rsatishga qanday qilib erishadi?

Sport-TV Superliganing barcha o‘yinlarini jonli ko‘rsatishga qanday qilib erishadi?


Oldin ham ko‘p aytgandik, televideniye rivojlanmaguniga qadar, futbol joyida qotib turaveradi. APL yoki La Liga o‘yinlarini bugungi darajaga olib chiqqan narsa bu teletranslyatsiyalardir.

Bu bilan ularda nafaqat chempionatning ommaviyligi oshib ketdi. Balki teletranslyatsiyalardan tushgan daromad klublar g‘aznasini boyita boshladi. Biz hozircha bu darajaga chiqib ulgurmadik. Biroq 2018-yil bahorini eslab qolish kerakki, oldinga kattagina qadam tashlayapmiz. Chunki mamlakat Superligasining 1-turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar jonli ko‘rsatiladi. Bu tarixda ilk bor kuzatilayotgani uchun ham shu kunni yodda saqlash shart.

Bu birinchi navbatda shaffof o‘yinlarga eshik ochadi. Qaysidir hakam qaysidir viloyatda hunar ko‘rsata olmaydi. U yaxshi biladiki, uchrashuv TV orqali videotakrorlari bilan jonli namoyish etilyapti. Demak, uning arzimagan xatolariga qadar farqlash, sharhlash va tahlil qilishning imkoni bo‘ladi.

Endi viloyat jamoalarini muxlislar yanada yaxshiroq taniy boshlaydi. Futbolchilarda motivatsiya oshadi. Klublarning homiylar izlash masalasi osonlashadi. Klub libosida kattagina bo‘lib aks etib turgan kompaniya nomi 90 daqiqa jonli efirda ko‘rsatilsa, yomonmi?!

Hozircha yo‘q. Sota olmaydi ham. Chunki buning uchun kattagina baza kerak bo‘ladi. O‘zbekiston televideniyesi hali bu darajaga chiqib ulgurmagan. Birinchidan, klublarni davlat moliyalashtiradi. Klublar esa PFLni moliyalashtiradi. Va davlat MTRKni ham moliyalashtiradi. Shundan kelib chiqilsa, davlat homiyligi ostida yana qandaydir oldi-berdining bo‘lishi mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Ikkinchidan, O‘FAga futbolning ommaviyligi juda kerak. Muxlislarni stadionga qaytarish uchun toza futbol joiz. O‘sha toza futbolni TV yordamisiz qilish imkonsiz ish. Shundan kelib chiqilsa, o‘yinlarning ko‘rsatilishidan PFL ko‘proq manfaatdor. Aytaylik, Sport-TV hamma uchrashuvlarni ko‘rsatgani bilan, unga reklama beruvchilar keskin ko‘payib ketmaydi. Chunki gap O‘zbekiston chempionati haqida ketyapti, Angliya yoki Ispaniya emas.

Uchinchidan, Sport-TV barcha o‘yinlarni jonli namoyish qilib berish va’dasini berganining o‘zigayoq uning ustidan suv o‘girib ichsa arziydi. Chunki bu oson emas. Quyida mazkur masalada yana to‘xtalib o‘tamiz.

Sport-TV hamda PFLning o‘zaro kelishuvi qay ko‘rinishda bo‘lishi mantiqliroq ekani borasida fikr yuritib ko‘ramiz. Ma’lumki, PFL birinchi bor o‘ziga titul homiy izlamoqda. Agar kelishuv amalga oshsa, Sport-TV PFL homiylarini translyatsiyalar davomida ko‘rsatadi— tamom. Shuning o‘ziyoq tashkilot uchun katta yordam. Va bu band titul homiy bilan kelishishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Fakt shuki, PFL o‘yinlarini sota olmagan taqdirida ham, ularga egalik huquqini baribir o‘zida saqlab qoladi. Bunda ikki tomonning o‘zaro kelishishi juda muhim. Madomiki shunday ekan, MTRK ham PFL reklamalari masalasiga oyoq tirab turib olmasligi lozim.

O‘z navbatida Sport-TV ham PFL o‘yinlari teletranslyatsiyasi uchun sarf qilgan xarajatlarining bir qismini qoplash uchun, bevosita TV bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan reklama beruvchilar bilan muzokara olib boraveradi. Bu narsa kanal uchun juda zarur. Chunki MTRK bir oy, ikki oy, boring yana bir mavsum harakat qiladi. Keyin esa baribir Sport-TV aravaning bir qismini o‘zi tortishi kerak. Chunki MTRKda undan tashqari ham 10 dan ziyod boshqa kanallar bor (aslida shuncha kanal kerakmi yoki yo‘q — boshqa mavzu).

Faqatgina raqobat paydo bo‘lganida. Bunda TV uchun futbol uchrashuvlarining o‘zigina ahamiyatli darajaga chiqishi kerak. O‘zbekistonda mavjud telekanallarning 3—4 tasi jiddiy taklif kiritsagina, raqobat paydo bo‘lishi mumkin. Bunga qovun pishig‘i bor, albatta. O‘zbekiston chempionati qachonki oldinga katta qadam tashlab, mamlakat futboliga jamoatchilik e’tibori o‘zgarsa, uni ko‘rsatishga talab oshadi. Hozirgi holatda esa reklama beruvchi “Paxtakor” — “Bunyodkor” o‘yinidan ko‘ra, qaysidir turk seriali o‘rtasida mahsulotini ko‘rsatishni ko‘proq istayveradi.

Qolaversa, qolgan telekanallar texnika jihatidan MTRK bilan raqobatlasha olishi shart. PFL shu mavsum faqatgina Sport-TV bilan kelishishga majbur bo‘lganiga asl sabab ham aslida shu. Chunki 1 ta 90 daqiqalik futbol translyatsiya uchun yaxshigina mablag‘ va texnika kerak bo‘ladi. MTRK tasnifiga kirmaydigan telekanallar esa hozirgi holatda bunga tayyor emas. Qolaversa, hukumatning yangi qarori bilan xususiy telekanallar emas, istaysizmi, yo‘qmi MTRK texnikasi yangilanadi va bu ish jadal davom etmoqda.

Adashmayotgan bo‘lsam, MTRK ayni vaqtda 4 yoki 5 ta KTS (ko‘chma televizion stansiyaga ega). O‘z vaqtida “Bunyodkor” va “Nasaf” orqali qo‘lga kiritilgan 2 ta KTS MTRK uchun katta yutuq. Ular zamonaviy. Shu yilning o‘zida O‘zbekiston televideniyesi to‘liq raqamli formatga o‘tgan taqdirida ham, ular bemalol ishlashda davom etadi. Qolgan 2 ta KTS esa buning uchun yangilanishi shart. Biroq to‘liq raqamli formatga o‘tilmaganidan kelib chiqib, ularni hozircha ishlatib turish mumkin.

Zamonaviy KTSlardan biri Navoiy yo‘liga chiqqan bo‘lib, u “Qizilqum” — “Lokomotiv” o‘yinini ko‘rsatadi. Ertasi kuni esa Buxoroga yetib kelib, klub ishtirokidagi o‘yinni olib beradi. Shundan so‘ng Qarshi yo‘liga chiqadi hamda “Nasaf”ning OChL o‘yiniga javobgar bo‘ladi. Navoiy, Buxoro va Qarshi orasidagi masofa bunda MTRK tomonidan inobatga olingan.

Aslida oddiy ko‘rinishi mumkin. Biroq KTSning bir kunlik ishi ancha qimmat turadi. Aytaylik, MTRK uni Sport-TV uchun tekinga bergan taqdirida ham, birgina KTS ichida haydovchi-yu, texnik, boring ana sharhlovchigacha hisoblasak, kamida 15 kishi bo‘ladi. Ularning har biriga ish kuni uchun pul to‘lanadi. Ularning har biri mehmonxonaga joylashadi va hokazo. Ya’ni, bu Toshkentdagi o‘yinni “Paxtakor” stadioniga chiqib ko‘rsatish emas. Ko‘rsatuv olish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri studiya kabi ishlar bundan 10—20 marta arzon turadi.

Vodiy masalasi esa biroz og‘irroq. KTS Qamchiq dovonidan o‘tishi hazilakam ish emas. Hozirgi holatda balki imkoni kam bo‘lgan ishdir (agar eng yuqori doirada hal qilinmasa). KTSni poyezdga ortish mumkin, biroq tonnelga kirishda muammo chiqadi, poyezdning balandligiga KTS balandligi qo‘shilsa, muammo tushunarli.

MTRK bunda Namangan va Farg‘ona televideniyesi bilan ishlaydi. Ularda katta ehtimol bilan mashinaga yig‘ilgan kameralar jamlanmasi bor, shuni ishlatish mumkin. Shu holatda ham, KTS bilan ham o‘yinlar releyka orqali avval viloyat televideniyesiga uzatiladi, keyin esa u yerdan Toshkentga beriladi.

Aslida buning osonroq yo‘li ham bor. Buning uchun Superliga klublarining uy stadionlariga optik tolali kabellar yetib borgan bo‘lishi shart. Bizga ma’lum bo‘lishicha, hatto “Nasaf” stadioni ham bunga javob bera olmaydi. Bu ishga jiddiy kirishish shart. Bunda translyatsiyaning sifati oshadi, ish osonlashadi. Afsuski, ba’zida bizda stadionlar ura-ura bilan qurib tashlangan-u, ammo asosiy ishlar panada qolgan. Vaholanki, zamonaviy stadionlar birinchi navbatda teletranslyatsiya masalalarini qamrab olib, keyingina loyihalashtiriladi. Releyka esa ob-havoga bog‘liq bo‘lib qolaveradi. Kuchli shamol yoki yomg‘ir, signal sifatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Umid qilamiz, albatta. Biroq bu oson emas. Mablag‘ tomondan ham, boshqa tarafdan ham. Masalan, “Navro‘z” yoki qandaydir katta bayramlarga KTSlar jalb etiladi. Mamlakatda futboldan tashqari ham yirik tadbirlar bo‘lishi katta ehtimol. Mana shunday vaqtda futbol hamda boshqa tomon manfaatlari o‘zaro kesishib qoladi.

MTRK rahbariyati istasa, unga tegishli texnika nafaqat zamonaviy ko‘rinishga keltirilsa, balki tinimsiz ko‘payib borsa, ish oson kechadi. Biroq bunda gap million-million pul haqida ketyapti. Qolaversa, texnika zamonaviylashgani, ko‘paygani sayin kadrlarga talab ortadi. Hozirgi holatda Sport-TVdan boshqa birorta ham telekanal kadrlar masalasida maqtana olmaydi. Qaysi ma’nodaki, MTRK xodimlari yillar davomida tajriba to‘pladi va bugunga kelib translyatsiyalar sifatida biroz oldinga qadam tashlagan (aynan KTSlar bilan ishlash masalasida). Ming kuchli rejissyorni olib kelmang, agar oddiy kamerachi siz aytgan kadrni olib bera olmasa, ishingiz o‘xshamaydi. Futbol kamerani stadionning tepa qismiga o‘rnatibgina olinadigan translyatsiya emas, bu tinimsiz harakat davom etadigan va har bir soniyani inobatga olish kerak bo‘lgan juda nozik jarayon. Hatto o‘sha tajribali deyilgan kamerachilar ham, rejissyorlar ham xol qo‘yadigan holatlarga ko‘p guvoh bo‘lamiz, xullas, murakkab ish.

15 yillar davomida MTRK buni o‘rgandi, endi sifatni oshirishga harakat qilmoqda. Ya’ni, barcha masalada o‘sish bordek, biroq dunyo ham to‘xtab turmayaptiki va biz ko‘p jabhada ortda qolib ketmoqdamiz.

Hozir shunday deyishdan boshqa choramiz yo‘q. Hukumat talabi bilan futbol ham, televideniye ham tezlikni oshirgan. Boshlanishiga hamma o‘yinlarning jonli ko‘rsatilishi kattagina yutuq, buning qadriga yetish kerak. Qolgani esa aytilganidek mablag‘ va kadrlarga borib taqaladi. Nafaqat TV kadrlari, balki futboldagilar ham. Soha rivoji uchun bu juda-juda muhim omil.

Xulosa shunday: futbolni rivojlantirmoqchimisiz? Oldin televideniyega qarang. Siz 10 ta “Bunyodkor” stadioni qursangiz-u, uni boplab namoyon eta olmasangiz va aql bilan boshqarmasangiz, bari bekor. Axir Rio-de-Janeyroda bunyod etilgan Olimpiada talabidagi sport obyektlari bejiz 2 yilga ham qolmasdan tashlandiqqa aylana boshlamadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-03-2018, 11:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 89) ( 0) ( 88) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют