» » Yangilangan “Abu Saxiy” bozori ma’muriyati binosida bir guruh jurnalistlar “jismoniy va ruhiy tazyiq”ga uchradi

Yangilangan “Abu Saxiy” bozori ma’muriyati binosida bir guruh jurnalistlar “jismoniy va ruhiy tazyiq”ga uchradi


“Toshkent savdo markazi” (sobiq “Abu Saxiy” bozori) hududida 28-mart kuni bir guruh muxbirlar jurnalistik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida bozor ma’muriyati xodimlari tomonidan to‘sqinlikka uchradi, deya xabar bermoqda “Kun.uz” nashri.

Xabar berishlaricha, “Kun.uz” jurnalisti, ijodiy guruh boshlig‘i Xurshid Daliyev, tahririyat yuristi Zafarbek Solijonov va tasvirchisi Fazliddin Abduqodirov tahririyatga fuqarolardan kelib tushgan murojaat yuzasidan o‘rganish olib borish uchun 28-mart kuni “Toshkent savdo markazi” bozor kompleksiga tashrif buyurgan.

Bozor ma’muriyatining Rustam ismli xodimi “Kun.uz” tasvirchisidan kamerani tortib olib, kamera xotirasida mavjud barcha tasvirni o‘zboshimchalik bilan o‘chirib tashlagan. Shuningdek, xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan tahririyat xodimlarini majburiy ravishda bozor ma’muriyati binosiga kirishga undagan.

Xizmat vazifasida bo‘lgan muxbirlar bozor ma’muriyatiga qarashli binoda jismoniy va ruhiy tazyiqlarga uchragan.

Ushbu holatda bozor ma’muriyati xodimlari va muxbirlar o‘tirgan xonaga ichki ishlar xodimlari (hudud inspektori bo‘lishi mumkin) kirib kelib, vaziyatga hech qanday munosabat bildirmadi.

Bundan tashqari, Tohir ismli shaxs muxbirlarni noqonuniy tintuvdan o‘tkazdi.

“Kun.uz” xabaridan

Jurnalist Daliyevning ta’kidlashicha, kamera va diktofon xotirasidan o‘chirib tashlangan yozuvlarda tadbirkor bilan suhbat jarayoni bor edi. Muxbirlarning aytishicha, bozor ma’muriyati savdo kompleksi xususiy mulk ekanligini ta’kidlab, bu hududda suratga olish mumkin emasligini bildirgan.

“Bu bozorning O‘zbekistondagi ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqib, jamoatchilik nazorati va sof jurnalistik tamoyillarga asoslangan holda ish olib borayotgan muxbirlar guruhi bozor ma’muriyati bilan suhbatlashishni ham rejalashtirgan edi”, — deyiladi “Kun.uz” xabarida.

“Toshkent savdo markazi” ma’muriyati hozircha bu holat yuzasidan biror izoh yo bayonot berganicha yo‘q.

Avvalroq “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida sobiq “Abu Saxiy” bozori xorijlik yangi investor qo‘liga o‘tib, nomi “Toshkent savdo markazi” bo‘lib o‘zgargach, tinim bilmay rivojlanayotgani, bundan sotuvchi va xaridorlar behad mamnunligi haqida reportaj berilgan edi. Reportajda maqtalgan chet ellik investorning kimligi ma’lum qilinmagan edi.

Mavzuga doir: “Axborot 24”da eski “Abu Saxiy” bozori yangi investor sabab rivojlanib ketayotgani haqida lavha berildi. Lekin investorning kimligi aytilmadi

Qayd etish joiz, bu joriy haftada O‘zbekistonda jurnalistlarga turli ko‘rinishda bosim o‘tkazilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Avvalroq samarqandlik taniqli jurnalist Karimberdi To‘ramurod Prezident tashrifi arafasida YTH oqibatida halok bo‘lgan kattaqo‘rg‘onlik 23 yoshli o‘qituvchi Diana Yenikeyeva o‘limi yuzasidan olib borgan surishtiruvlari sabab tahdid va po‘pisalar ostida qolganini ma’lum qilgan edi. Keyinroq bu holat O‘zbekiston prokuratura organlari tomonidan nazoratga olingani bildirildi.

Mavzuga doir: “Sizdek jurnalistlarimizni himoya qila olamiz!”. O‘zbekiston prokuratura organlari Karimberdi To‘ramurod atrofidagi vaziyatni nazoratga oldi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-03-2018, 11:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 71) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют