» » O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekistonda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanadi


Shavkat Mirziyoyev “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror matnini Prezident matbuot xizmati keltirdi.

“Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi”, — deyiladi hujjatda.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida o‘zbek xalqining sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurt hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.

Adibning 90 yilligini munosib nishonlash maqsadida Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillarining buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini mamlakat miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi belgilandi.

Ushbu chora-tadbirlar rejasida:

“Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish;

Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish;

Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini o‘rnatish;

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish;

mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;

2018 yil dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilishi lozim.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri A. Aripov, O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi X. Sultonov zimmasiga yuklandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-04-2018, 19:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют