» » O‘zbеkistonda soliq tizimini isloh qilish konsеpsiyasi: tavakkal va prognozlar

O‘zbеkistonda soliq tizimini isloh qilish konsеpsiyasi: tavakkal va prognozlar


Iqtisod fanlari doktori, professor Shuhrat Toshmatov shu kunlarda keng muhokama qilinayotgan soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasiga tahliliy va tanqidiy munosabati aks etgan maqolasini “Daryo”ga taqdim etdi. Quyida maqola e’tiboringizga havola etiladi.

Soliqqa tortish tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘zda tutilayotgan yirik o‘zgarishlarga munosabat:

Yuridik shaxslarning foyda solig‘ini bekor qilish (tijorat banklari va sug‘urta tashkilotlari bunday mustasno) va dividendlar solig‘i 25 foizli stavka bo‘yicha faqatgina dividendlar ko‘rinishida to‘lanadigan daromadga soliq solish tartibini belgilash va qo‘llash.

Mazkur islohotdan korxonalar ixtiyorida qoladigan foydani ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo‘naltirishni rag‘batlantirish va bu orqali makroiqtisodiy samaraga erishish ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin. Buni albatta uzoqni o‘ylab ko‘rilayotgan chora-tadbir sifatida baholash mumkin. Shu bilan birga investor nuqtai nazaridan qaralganda dividend sifatida undiriladigan soliqning stavkasi (25 %) masalasini pasaytirish jihatdan o‘ylab ko‘rish kerak, chunki dividend solig‘i stavkasi asosiy hamkor davlatlarimiz Rossiyada rezident va norezidentligiga qarab 13 foizdan 15 foizgacha, Qozog‘istonda 15 foiz atrofida, shuningdek respublikamiz soliq islohotlarida foyda solig‘ini bekor qilish (Estoniyada nol stavka deb ataladi) va dividend solig‘i o‘tkazish jihatida asos qilib olingan Estoniya tajribasida ham dividend solig‘i stavkasi 20 foizni tashkil etadi, mamlakatimiz soliq islohotlarida ekspert sifatida konsalting firmasi qatnashayotgan Gruziyada taqsimlangan foydadan soliq stavkasi 15 foizga teng. Konsepsiyada ko‘zda tutilgan dividend solig‘i stavkasini pasaytirish masalasini fikrimizni quyidagilar bilan asoslashga harakat qilamiz:

Birinchidan, mulkdor-investor biznesga mablag‘ yo‘naltirishda eng avvalo undan keladigan foydani maksimallashtirishni ko‘zda tutadi, bu bilan ko‘proq ixtiyorida qoladigan, to‘g‘rirog‘i cho‘ntagiga kiradigan daromadni oshirishni nazarda tutadi. Shuning uchun, faqat shuning uchun bozor iqtisodiyotida investor riskka boradi, tavakkal qiladi. Agar investor, mulkdor o‘ziga oladigan (qo‘liga tegadigan) daromadlardan (dividend) solig‘ini oshirilishi uning biznesga dastavval mablag‘ tikishda o‘ylantirib qo‘ysa, keyingi navbatda dividendlarni ko‘paytirishga bo‘lgan intilishida ham o‘ylantirib qo‘yadi.

Ikkinchidan, yollanma ishchi daromadi bilan mulkdor oladigan daromadni (dividendni) bir xil jihatdan qarash qanchalik o‘rinli (konsepsiyada jismoniy shaxslar daromad solig‘ini stavkasini ham 25 % qilib belgilangan). Investor risk qilib mablag‘ tikayotgan bir paytda, yollanma ishchi funksional vazifasini bajarganlik uchun ish haqi oladi va bu riskdan bir muncha holi hisoblanadi.

Uchinchidan, xorijiy investorlarning jalb qilinishida ushbu choraning ijobiy ta’sir etishi ham munozarali, chunki xorijiy investor ichki investordan ham ko‘ra ko‘proq tikkan (yo‘naltirgan) mablag‘ini tezroq chiqarib olishni xohlaydi.

To‘rtinchidan, bu bosqichlarni bosib o‘tgan davlatlar tajribasidan ma’lumki, samarali soliq stavkalarining oshishi investitsiya oqimiga salbiy ta’sir etadi.

Beshinchidan, dividend solig‘i faqat davlat byudjetiga tushadi va maqsadli jamg‘armalarga taqsimlanmaydi. Demak yollanma ishchi to‘layotgan daromad solig‘i maqsadli jamg‘armalarga taqsimlanishi tufayli pensiya hisoblanayotganda pensiya tayinlash bazasiga kiritiladi, dividend solig‘i to‘lovchi mulkdor bunday ijtimoiy rag‘batdan ham mahrum bo‘ladi.

Shu bilan birga fikrimizcha, foyda solig‘ining (ko‘pgina xorijiy davlatlarda korporatsiya solig‘i deb ataladi) saqlanib qolinishi nafaqat davlat byudjetini to‘ldirishda fiskal vazifani, shu bilan birga foydani shakllantirish va uning hisobini yuritishdagi mulkdorning mas’uliyatini ham oshirishda katta xizmat qiladi.

QQS ni tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan soliq to‘lovchilarning barcha toifalari, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar orasida keng tadbiq etish bilan birga QQS stavkasini 20 foizdan 12 foizgacha kamaytirish, shuningdek, respublikamizda ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jalik va ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sotish aylanmalarini QQS dan ozod etish bilan birga to‘laqonli soliq solish tizimini yaratish va soliqqa tortish bazasini aniqlashtirish.

Respublikamizda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini pasaytirish bir necha yildan buyon dolzarb bo‘lib turgan masala hisoblanib, ushbu yo‘nalishdagi islohotni faqat qo‘llab-quvvatlash mumkin. Ushbu holatda stavkani o‘rnatishda aniq hisob kitoblarni amalga oshirish talab etiladi, ya’ni respublikamiz byudjetida QQSni ulushi eng yuqori bo‘lib, byudjet daromadlarini shakllantirishda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu munosabat bilan birinchidan QQS stavkasining pasayishini yalpi ichki mahsulotning o‘zgarishiga ta’sirini aniqlash, ikkinchidan QQS to‘lovchilar sonining keskin oshishi hisobiga soliq solinadigan bazaning kengayishini hisoblab chiqish, shuningdek QQS tushumini natijaviy omil sifatida belgilab unga ta’sir etuvchi boshqa omillarning ta’sirini korrelyatsion-regression tahlil qilish orqali tushumlarda yuz beradigan o‘zgarishlarni prognozlash mumkin. Bu bo‘yicha 2008-yilda respublikamizda olib borilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha (tahlilda natijaviy omil sifatida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushumlarning taqqoslama narxlardagi summasi, ta’sir etuvchi omillar sifatida esa QQS bazasi, QQS to‘lovchilar soni, QQSning o‘rtacha stavkasi va eksport-import operatsiyalar bo‘yicha savdo summasi olingan) QQS stavkasining bir foizga pasayishi soliq solinadigan bazani 14 foizdan ortiq oshishiga olib keladi. To‘g‘ri ushbu tahlilni oxirgi ma’lumotlar bo‘yicha yangilash zarur, lekin shunga qaramay QQS stavkasining pasayishi hamda mazkur soliqni to‘lovchilar sonining oshishi soliq solinadigan bazaning kengayishiga xizmat qilishga shubha yo‘q.

Jismoniy shaxslar daromad solig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolar sug‘urta badallarini 25 foizli bir tekis shkaladagi stavka bo‘yicha jismoniy shaxslarning daromad solig‘i sifatida birxillashtirish.

Ushbu islohotni soliqqa tortish tizimini ixchamlashtirish hamda jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini soddalshtirish bo‘yicha qo‘yilgan katta qadam deb baholash mumkin. Shu bilan birga quyidagi holatlarni ham e’tibordan qoldirmaslik zarur:

Birinchidan, soliq va majburiy to‘lov tushunchalari bir-biridan farq qilib, bularni aynan bir xil majburiy to‘lov deb qarash kerak emas. To‘g‘ri kelib tushgan soliqni taqsimlash orqali (xuddi hozir yagona soliq to‘lovi taqsimlangani kabi) bir qismini byudjetga, bir qismini Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltirish mumkin. Shu bilan birga ilg‘or xorij tajribasida jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan soliq va sug‘urta badalini yuridik shaxs (ish beruvchi) tomonidan to‘lanadigan majburiy to‘lov bilan biriktirilib, yagona holda soliq to‘lanishi joriy etilgan davlatlarni uchratish qiyin.

Ikkinchidan, yagona tekis stavkaning joriy etilishi nisbatan pastroq ish haqi oladigan jismoniy shaxslarda soliq yukining oshishini keltirib chiqarishi mumkin, shu sababli soliq solinmaydigan eng kam daromadlar miqdorini joriy etish talab etiladi. Faqat bu bilan muammoni yechib bo‘lmaydi, chunki nisbatan pastroq ish haqi oladigan jismoniy shaxslar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga pul mablag‘larning o‘tkazilmasligi ularning pensiya miqdorini aniqlashda va moliyalashtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Uchinchidan, yuridik shaxsning (ish beruvchi) yollanma ishchi oldidagi ijtimoiy mas’uliyatini oshirish maqsadida yollanma ishchidan sug‘urta badali bilan birga yuridik shaxsdan pensiya jamg‘armasiga majburiy to‘lov undiriladi. Rivojlangan davlatlarda yuridik shaxs va jismoniy shaxslarning pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiradigan mablag‘lari nisbati taxminan 50/50 foizni tashkil etadi.

Umumiy xulosa sifatida keltirish mumkinki, fikrimizcha, jismoniy shaxslarga daromad solig‘i bo‘yicha bir tekis stavkani kamaytirish hamda soliq solinmaydigan eng kam daromadlarni va sug‘urta badalini joriy etish orqali yuridik shaxlarga yollanma ishchilar ish haqiga nisbatan pensiya jamg‘armasiga to‘lovlarni pasaytirilgan stavkalarda tadbiq etish maqsadga muvofiq.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-04-2018, 15:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 69) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют