» » Yangi tarixiy film — “Islomxo‘ja” 1-sentabrda katta ekranlarga chiqadi. Undan nima kutamiz?

Yangi tarixiy film — “Islomxo‘ja” 1-sentabrda katta ekranlarga chiqadi. Undan nima kutamiz?


Rejissor Jahongir Ahmedov “Islomxo‘ja” deb nomlangan tarixiy film ustida ish boshlagani haqida shu yilning yanvar oyida ma’lum bo‘lgan edi. Keyinroq filmda kimlar qanday rol ijro etishi mumkinligi haqida yozilgan edi. Rejissor “Ozodlik”ka bergan intervyusida loyihaning yangi tafsilotlarini oshkor qildi. Jumladan, Prezident tashabbusiga ko‘ra olinayotgan film joriy yilning 1-sentabrida katta ekranlarga chiqishi aytildi.

Film 1907–1913-yillarda Xiva xonligining qushbegisi (bosh vaziri) bo‘lgan Islomxo‘janing taqdiriga bag‘ishlanadi. Afsuski, bu ism o‘zbekistonliklarga yetarli darajada tanish emas: maktab darsliklarida Islomxo‘ja hamda uning islohotlari haqida birmuncha ma’lumot keltirilganiga qaramay, bu shaxsning ko‘lami, mahalliy tarixda tutgan o‘rni haqida deyarli hech narsa yozilmagan. Bunda zamonaviy o‘zbek tarixchiligining asosiy kamchiliklaridan biri ko‘rinadi.

Zamonaviy o‘zbek tarixchiligi SSSR zamonida shakllangani sir emas. 1980-yillarning oxiridan milliy tarixga bo‘lgan qarashlarda ma’lum siljishlar yuz bera boshlagan bo‘lsa-da, sovet zamonida qurilgan tarixiy paradigma deyarli o‘zgarmay qoldi: o‘zbek xalqi tarixi salkam 3 ming yil davom etgan tinimsiz kurashlar va qahramonliklar ketma-ketligi sifatida tushuniladi. Bunda xalq goh chet el bosqinchilariga, goh o‘z hukmdorlariga va ekspluatator sinfiga qarshi kurashadi. O‘z vaqtida qahramonlar, qo‘zg‘olonchilar, kurashchilar “o‘ylab topish” shu darajaga yetib bordiki, ming yillar oldin mintaqadan uzoqda yashagan Mazdak kabi diniy arboblar-u, Abro‘y singari tushunarsiz, qorong‘u tarixiy nomlar ham “boylar sinfiga qarshi kurashgan qahramon”larga aylantirib yuborildi. Ayniqsa Ikkinchi jahon urushi yillarida qahramon “o‘ylab topish”ga ehtiyoj kuchaydi — bu xalqning vatanparvarlik ruhini oshirish, fashizmga qarshi kurashga safarbar etish uchun muhim edi. Shu tariqa o‘zbek xalqiga deyarli tanish bo‘lmagan To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi kabi obrazlar “buyuk ajdodlar” safiga qo‘shildi.

O‘tmishni o‘rganish aslida xayrli ish. Qadimda shu zaminda yashagan insonlar haqidagi xotirani saqlab qolish ham burch, ham savobdir. Lekin aniq siyosiy maqsadlar yo‘lida tarixni taftish etish noxolislikka, biryoqlamalikka olib keladi. Shuning ta’sirida yuqorida tilga olingan shaxslarni xislatlarga va kamchiliklarga ega real tarixiy odamlar sifatida emas, afsonaviylashtirilgan ulug‘ qahramonlar obrazida tasavvur etamiz. Ya’ni ular qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday qabul qila olmaymiz, balki ularning qiyofasida o‘zimizga xush yoqadigan, o‘zimiz xohlaydigan ota-bobolar ramzini yaratib olganmiz. Bu esa tarixga noto‘g‘ri baho berilishiga hamda boshqa yanglish xulosalarga olib keladi.

Ikkinchidan esa, o‘z xohishimizga binoan chizib olingan bunday ro‘dapo “bobolar” tarixni yozgan haqiqiy ismlarga soya soladi. Uzoq o‘tmishda sodir etilgan qahramonliklarga mahliyo bo‘lib qolgan avlod yuz yil oldin yashagan bobolarga e’tiborsiz bo‘lib qoladi. Buni bugun o‘zbek jamiyatida kuzatish mumkin — tarixchilarning, ziyolilarning salmoqli qismi nazdida qancha qadimiy bo‘lsang, shuncha buyuksan. Oxirgi besh yuz yillik tarix esa “qora kunlar” sifatida ta’riflanadi.

Aslida esa qadimiylik zinhor buyuklikni belgilab bermaydi. Buyuk tarixni bir avlodning jasorati yaratadi. Ming yillar oldin qanday odamlar yashagan bo‘lmasin, qanday qahramonliklar ko‘rsatgan bo‘lmasin, ularning bugungi kun uchun ahamiyati juda kam. Lekin oxirgi 2–3 asr mobaynida faoliyat yuritgan arboblar bo‘lmaganida edi, balki bugunimiz ham bo‘lmas edi. Jaloliddin Manguberdi harqancha jasur sarkarda bo‘lmasin, bugungi o‘zbek millatining shakllanishida hech qanday rol o‘ynamagan. Bu jarayonda uni Fayzulla Xo‘jayev yoki Fitratga hatto tenglashtirib ham bo‘lmaydi. Temur Malik qanchalik zo‘r jangchi bo‘lmasin, Shayboniyxon bo‘lmasa, O‘zbekiston degan nom ham bo‘lmas edi. Shunday ekan, tarixiy shaxslarga “qaysi biri buyukroq va qadimiyroq ekan?” deb emas, “ular o‘z davri yoki bugunimiz uchun nima ish qilgan?” deb baho berish lozim.

“Islomxo‘ja” filmining ahamiyati ana shunda — u bizni “o‘tmish ertaklari”dan uzib, real tarixga qaytarmoqda, bugungi kunimizga bevosita aloqador shaxslarni va zamonani gavdalantirmoqda.

O‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘idan chiqqan o‘n birinchi Xiva xoni — Muhammad Rahimxon II Feruz hukmronligining (1864–1910) oxirgi yillarida bosh vazirlik rutbasiga ko‘tarilgan Islomxo‘ja ziyoli, ko‘pni ko‘rgan inson bo‘lib, yashab qolish uchun taraqqiy etish zarurligini tushungan birinchi davlat arboblaridan biri edi. U Rossiya imperiyasi tajribasini o‘rganib, xonlikda zavod, shifoxona, dorixona, dunyoviy maktablar qurdiradi; qamoqxonadagi qiynoqlarni bekor qiladi; soliqlarni yengillashtiradi, tartibga soladi; davlat ishchilariga muntazam maosh tayinlaydi; pochta va telegraf xizmatini tashkil etadi; fotosyomka va kinochilikning boshlanishiga homiylik qiladi.

Afsuski, uning islohotlari yakuniga yetmay qoladi. 1910-yili taxtga o‘tirgan Isfandiyorxon qushbegiga ishonchsizlik bildiradi. Diniy arboblar va qadimchi aslzodalar Islomxo‘ja hokimiyatga tahdid solishini uqtirib, xondan uni bartaraf etishga rozilik oladi. Bir kuni kechki soatlarda uyiga qaytayotgan Islomxo‘jaga noma’lum shaxslar tashlanib, pichoqlab ketadi. Qotillik xonlikning xavfsizlik xizmati tomonidan hatto taftish etilmaydi ham.

Zamonaviy o‘zbek kinochiligida tarixiy mavzudagi filmlar u qadar ko‘p emas, bori ham juda ayanchli taassurot qoldiradi: ba’zi birovlarida tarixiylikni ekranga ko‘chirish uchun mablag‘ yetishmagan, mablag‘ yetishganida esa g‘oya, bilim va mahorat yetishmagan...

OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarga tayansak, “Islomxo‘ja” filmiga bo‘lgan e’tibor ham, tayyorgarlik ham boshqacha. Albatta, kattakon shedevr yaratilishini kutishga hali erta bo‘lsa kerak, lekin o‘zbek kinotomoshabinlari nihoyat sifatli, aqlli tarixiy filmga ega bo‘lishga haqli deb o‘ylayman.

To‘laqonli tarixiy film yaratish oddiy kinokartinalarga nisbatan ko‘proq mehnatni, mablag‘ni va bilimni talab qiladi. O‘tmish manzaralarini gavdalantirish, bizdan oldin yashagan odamlar dunyoqarashini va turmush tarzini haqqoniy aks ettirish — bularga erishish uchun katta mablag‘, ko‘plab aktyorlar va mahoratli suratga olish guruhidan tashqari, kamida yana quyidagi mutaxassislarni jalb etish lozim bo‘ladi:

O‘tmish me’morchiligi va liboslari bo‘yicha ekspertlar. Har bir davrning o‘z liboslari, me’morchilik uslublari, o‘ziga xos “moda”si bo‘lgan. Bu “moda” xuddi bugungidek tez-tez o‘zgarib turgan. Shunday ekan, dizaynerlar va libos ustalari tegishli rekvizitlarni yaratishda albatta me’morchilik va liboslar tarixi bo‘yicha ekspertlarga murojaat etishi kerak.

Harbiy tarix bo‘yicha ekspertlar. Yuz-ikki yuz odam qilich solishini ekranda ko‘rsatish bilan tarixiylikka erishib bo‘lmaydi. O‘tmish muhorabalari qanday olib borilgani, qanday taktika va strategiya qo‘llanganini bilish jang sahnalarining jonli aks ettirilishiga xizmat qiladi.

Professional tarixchilar. Tarixning o‘ziga yarasha uslublari, aksiomalari, nazariyalari bor. XIX asrda yashagan bir nemis tarixchisi ingliz hamkasbining Qadimgi Yunoniston haqidagi kitobiga taqriz berar ekan, istehzo bilan “uning yunonlari aslida yunoncha kiyinib olgan inglizlardir” degan edi. O‘tmish avlodlari qanday fikrlaganini, qanday yashaganini yaxshi biladigan mutaxassislar tarixiy kinoloyihalarga jalb etilmasa, bu loyihalar parodiyaga o‘xshab qolishi ehtimoli katta. 90-yillarda Amir Temur haqida olingan teleserialni eslaylik: uning bosh qahramoni bugungi targ‘ibotchining so‘zlari bilan gapiradi. “Biz ming yillik tarixga egamiz”, “Buxoriylarning avlodimiz”... Temur Buxoriy yoki Ibn Sinoni o‘ziga ajdod sanaganini aqlga sig‘dirib bo‘ladimi? Shak-shubhasiz, o‘tmish odamlari o‘z tarixini bizdan boshqacha tasavvur etgan, boshqa odamlarni ajdod deb bilgan, umuman boshqacha fikrlagan.

Professional tilshunoslar. O‘zbek tarixiy kinolariga e’tibor bersangiz, Alisher Navoiy ham, Otabek va Kumush ham bir xil tilda gapiradi. Aslida esa til tinimsiz o‘zgarib boradi. XI asrdagi til bilan XV yoki XIX asrdagi til orasida yer bilan osmoncha farq bor. “Bo‘lgan”ni “bo‘lg‘on” degan bilan tarixiy reallik gavdalanib qolmaydi. Boz ustiga, har bir davr uchun mos atamalar, tushunchalar, nutqni qurish ko‘nikmalarini to‘g‘ri qo‘llay bilish uchun ham tilshunoslar ko‘magi zarur bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-04-2018, 13:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 77) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют