» » Islomda fol ko‘rish haqida nima deyilgan?

Islomda fol ko‘rish haqida nima deyilgan?


Azon.uz Angren shahar “Qoraboshboy” jome masjidi imom-xatibi Ibrohim Imanovning “fol ko‘rish” haqida Islom dini manbalari asosida turli fikr-mulohazalar aks etgan maqolasini e’lon qildi. Ushbu maqola to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etiladi

Xalq orasida “fol ko‘rish” haqida turli fikr-mulohazalar bor. Kimdir folga ishonmayman desa, yana kimdir folsiz yurib bo‘lmaydi deydi. Ba’zi odamlarlar o‘zining boshidan kechirganlarini doston qilib boshqalarni folga ishontirishga xarakat qiladi. Yana kimdir ko‘rgan tushidan behuzur bo‘lsa yoki biron narsasini yo‘qotsa yoki biror ish boshlamoqchi bo‘lsa, uning ta’birini bilish uchun folbinga yuguradi. Afsuslar bo‘lsinki fol ko‘rish odamlar orasida ommalashib bormoqda. Bu holat esa jamiyatda sog‘lom e’tiqodning buzilishiga, odamlar orasida turli xurofotlarning ildiz otishiga olib bormoqda. Shunday ekan bu borada bosh qotirishga, sog‘lom muhitni saqlab qolishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Xo‘sh, Islom manbalarida bu haqda nimalar deyilgan?

Islom dini davrlar osha eng haqqoniy, eng to‘g‘ri, eng mo‘tadil din sifatida insoniyat ichida shuhrat qozondi. Chunki Islom dinida ijtimoiy hayotda uchraydigan barcha masalalar qamrab olingandir. Xususan e’tiqod masalasida ham mu’ayyan qoida-hujjatlar bordir. Aynan fol haqida esa qator ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan vorid bo‘lgan hadislardan birida shunday deyiladi.Hazrati Oyshadan (roziyallohu anho) bunday rivoyat qilinadi: «Odamlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib folbinlar haqida so‘rashdi. Shunda u zot: “Ularning gapining tayini yo‘q”, dedilar. Odamlar: “Ey Allohning rasuli, gohida o‘sha folbinlar aytgan so‘z to‘g‘ri chiqib qoladi-ku?” deyishgan edi, u zot: “Aslida ba’zi so‘zlarni jinlar ilib olishadi-da, do‘stlari — folbinlar qulog‘iga yetkazishadi. Folbinlar esa o‘sha narsalarga yuzta yolg‘onni qo‘shib, odamlarga aytishadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim)». Ushbu hadis folbinlarning ishi qanday bo‘lishini tushuntirdi. Ya’ni folbinlarning boshqa odamlardan ajralib turadigan hech qanday xususiyati yo‘q bo‘lib, bu ishda ularga jinlar yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Jinlar esa farishtalarning o‘zaro suhbatini yashirincha eshitib, so‘ng folbinlarga aytadilar. Folbinlar bo‘lsa eshitganlariga turli yolg‘onlarni qo‘shib odamlarga aytishar ekan. Ammo kimki folbinga ishonsa Islom e’tiqodiga binoan iymonidan judo bo‘lishi muqaddas kitoblarimizda bayon qilingandir. Bu haqda hadislarning birida shunday deyiladi; Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim fol ko‘ruvchining yoki sehrgarning oldiga borib, uning aytganlarini tasdiqlasa, albatta, Muhammadga tushirilgan (Qur’on)ga kofir bo‘libdi” deb aytdilar». Shunday qilib, fol ko‘ruvchilar o‘ziga ishongan insonlarni xonavayron qilish bilan cheklanib qolmay, balki ularni iymonidan ham mahrum etishadi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘ilishi mumkin. Qanday qilib jinlar g‘ayb xabarlarini bilishlari mumkin yoki qanday qilib farishtalarning suhbatlarini eshitishlari mumkin? Buning javobi juda oddiydir. Har bir tirik jonga ilm beruvchi, bildiruvchi Zot Alloh Taolodir. U Zot jinlarga g‘ayb sirlarini bildirgani uchungina ular bilishga muvaffaq bo‘lishadi. Quyidagi oyat bu savolga javob bo‘ladi.

“Qachon Biz (Sulaymonga) o‘limni hukm qilganimizda, uning o‘limiga faqat hassasini yeyayotgan kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki u qulab tushgach, jinlar aniq bildilarki, agar ular g‘aybni biluvchi bo‘lganlarida, bu xor qiluvchi azobda (mehnatda uzoq muddat) qolmagan bo‘lur edilar” (“Saba’” surasi, 14-oyat). Ya’ni, rivoyat qilinishicha ulug‘ payg‘ambar Sulaymon alayhissalomga Alloh Taolo ins-u jins podshohligini bergan edi. Hamda uchar shamollar izmi ham u kishining ixtiyorida bo‘lib, xohlagan manzillariga osongina eltib qo‘yar edilar. Shuningdek, u kishiga berilgan mo‘’jizalardan biri mis bulog‘i bo‘lib, undan muzdek mis oqib chiqardi. Sulaymon alayhissalomga xizmat qilgan jinlar o‘sha misdan u kishi buyurgan narsalarni yasab berishar edi. Kunlardan bir kuni Sulaymon alayhissalom jinlarga misdan qasr bino qilishni buyuradi. O‘zi esa hassasiga suyangan holda o‘tirib, jinlarni kuzatgan holda jon taslim qiladi va jonsiz holatda bir yil o‘tiradi. Bir yil davomida hassalarini bir qurt yeb bitirib, u kishi qulab tushmaguncha jinlar tinimsiz mehnat ichida baland qasr bino qilish bilan band bo‘lishadi. Yuqoridagi oyat jinlarning g‘ayb xabarlaridan bexabar ekanligini anglatadi.

Bugunlik kunda folbinlikning turli ko‘rinishlari (kartalar bilan, toshlar bilan, qushlar bilan fol ochuvchilar, ruh bilan gaplashuvchilar, sehr qiluvchilar, munajjimlar va hokazolar) ko‘payib ketgan bo‘lib, bu ishlar bilan shug‘ullanish yoki ulardan foydalanish shar’an harom qilingan amaldir.

Imomi Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Yetti halok etuvchidan chetlaning”, dedilar. Odamlar: “Ular nimalar Ey Allohning Rasuli?”, dedilar. U zot sallollohu alayhi vasallam: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni o‘ldirish, riboxo‘rlik, yetimning molini yemoq, urush kuni qochish va soliha, mo‘mina, pokiza ayollarni zinoda ayblash”, dedilar.

Imom Abu Dovud Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam:

“Kimki yulduzlardan ilm iqtibos qilsa, sehrdan bir shu’ba iqtibos qilgan bo‘ladi. Ziyoda olsa, ziyoda bo‘lib boraveradi”, deganlar. Biroq ilmiy maqsadda yulduzlarni o‘zini o‘rganish, ilmiy kashfiyotlar qilish yaxshi ish bo‘lib, bu ish bilan mashg‘ul bo‘lish joizdir. Imom Tabaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: “Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa, Muhammad sallollohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsadan ajrabdi. Kim uning huzuriga kelsa-yu gapiga ishonmasa, qirq kungacha namozi qabul bo‘lmaydi”, deganlar.

Imom Tabaroniy Vosila ibn Asqa’ roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: “Kim folbinning huzuriga kelib, undan biror narsani so‘rasa, qirq kechagacha tavbasi to‘siladi. Agar folbinning gapiga ishonsa, kofir bo‘ladi”, deganlar.

Imom Tabaroniy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: “Kimki fol ochsa, qismat xabarini talab qilsa yoki safaridan fol orqali qaytsa, hech-hech oliy darajalarga erisha olmaydi”, deydilar.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-10-2018, 10:12)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 29) ( 0) ( 28) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют