» » “Ularning o‘zi suvga tushgan”: Ariqdagi oltovlon bo‘yicha tafsilotlar ayon bo‘ldi

“Ularning o‘zi suvga tushgan”: Ariqdagi oltovlon bo‘yicha tafsilotlar ayon bo‘ldi


27-oktabr kuni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari shumshayib turgan, ko‘rinishidan ziyoli, rahbarlarga xos qo‘lida bloknot tutgan olti kishining ariq suvida dong qotgan holati tasvirlangan suratni rosa muhokama qildi. “Kun.uz” ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi maydonida yuz berganini aniqladi.

“Kun.uz”ga yetib kelgan axborotga ko‘ra, ariq suviga oyoq tiqqan kishilar Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — Sherzod Murodov, tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — Sharof Ahmedov, “Ozod” mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqoli — Zokir Musabekov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligini rahbari — Abror Mavlonov, “Abdunosir” fermer xo‘jaligi rahbari (ismi Nosir) bo‘lib chiqdi.

Ma’lum qilinishicha, bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzayev g‘allaga o‘z vaqtida suv quymagan mas’ul va fermerlarni shu ko‘rinishda jazolagan. Tuman hokimi Farhod Omonov “Kun.uz” muxbirlariga voqea tafsilotlarini aytib bergan.

“G‘alla ekish bo‘yicha tumani hokimi o‘rinbosari (Sherzod Murodov — tahr.) borganda, qilingan ishlarning barchasini tahlil qilmoqchi bo‘lgan. Ikki nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlari, o‘zining (qo‘l ostidagi) xodimlari, suv xo‘jaligi boshlig‘i bilan birgalikda bo‘lgan. G‘alla ekilgandan keyin, suv quyilishi kerak. Lekin, g‘alla ekilgan joyda suv quyilmagan, yonidagi ariqda esa suv oqib yotibdi. ‘Mana suv bor-ku! Nega suv quymaysan?’, degan payti, suvga o‘zi tushib ketgan. ‘Mana — suv! Bu yoqqa kel, sen ham suvni ko‘rgin’, deb turib, qolganlarni ham suvga (nima qilgan)...”, — deydi u.

Omonovning aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov ushbu tekshiruvga rahbarlik qilgan va “g‘allaga bo‘lgan talabini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan”.

“G‘allani birinchigacha (1-noyabr — tahr.) ekib bo‘lishimiz kerak. Bu paytda sug‘orib, chiqarib yuborish kerak. Shunga, talab sal kuchaytirilgan. Noto‘g‘ri qilgan. Shuning uchun, biz buni muhokama qildik. O‘zidan tushuntirish xatini oldik. Bundan tashqari, eng kam ish haqining 5 baravarida ma’muriy jazoga tortildi. Bu voqea o‘tgan kuni, tushdan so‘ng bo‘lgandi”, — deydi tuman hokimi Farhod Omonov.

Bundan tashqari, hokim tekshiruv payti “respublikadan hech kim bo‘lmagani”ni tasdiqladi. Bu gapning teskarisi, ya’ni o‘sha kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zoir Mirzayev Oqqo‘rg‘onda, suvga botgan oltovlondan sal narida bo‘lgani haqida tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov aytib berdi. Murodovga ko‘ra, voqea sal boshqacha yuz bergan — ya’ni u g‘allaga suv quyilmaganini aniqlagan va jahl ustida oyoq kiyimi bilan suvga tushgan.

“Mana, suv bor-ku, deb, jahl ustida suvga tushdim... Fermerga suvni ko‘rsatmoqchi edim. Men ularni suvga tushirmadim. Ularning o‘zi tushdi. ‘Ariqda suv yo‘q’, deyilgandi. ‘Mana bor’, deb tushgandim, ular ham ergashib tushdi. Suvda ko‘p turmadik, bir daqiqa atrofida bo‘ldik”, — deya boshqa manzarani ko‘rsatdi Sherzod Murodov.

Suvga “o‘zi anglagan holda tushgan” hokim o‘rinbosari nega atrofdagilar, xususan o‘zining qo‘li bog‘liq turganiga izoh bermadi. Uning aytishicha, “turish — shunaqa”. Ro‘parada esa rahbarlar bo‘lgan, deya tasdiqlaydi u: “Ular bizga ters qarab turgandi, 20-30 metr uzoqroqda edi. Ular orasida Bosh vazir o‘rinbosari, viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. Ular buni ko‘rmadi”.

Murodovning ta’kidlashicha, unga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan. Buni hokim ham aytgandi, faqat Murodov jazoni boshqa ishi uchun “olgani” haqida aytib qoldi. “Eng kam ish haqining 5 baravari miqdoridagi jarimani men, tuman qishloq xo‘jaligi hamda tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i to‘ladi. Dalaga suv quyilmagandi, qishloq xo‘jaligi kompleksi rahbari sifatida nazorat qilmagandim. Shuning uchun, ma’muriy jazo tayinlandi”, — deydi u.

Ariq suvida turganlar va tarqalib ketgan surat muallifi orasidagi masofa uzoq emas. Shunga qaramay, Murodov u yerda kim turganini eslolmadi, bilmaydi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-10-2018, 09:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют