» » O‘zbekistonda xorijdan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi loyiha ishga tushirildi

O‘zbekistonda xorijdan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi loyiha ishga tushirildi


O‘zbekistonda xorijdan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi loyiha ishga tushirildi. Loyiha shu yilning mart oyiga qadar mamlakatning barcha hududlarida o‘tkaziladi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

Dasturga muvofiq, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda “Yosh fermerlar” Kengashi nodavlat-notijorat tashkilotlari tomonidan barcha mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun o‘quv seminarlari, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish mavzusida taqdimotlar, yoshlarning yirik ishlab chiqarish korxonalari va sanoat zonalariga sayohatlari tashkil etilyapti. Har oyda o‘ntadan mahalla tanlab olinib, xorijda ishlab, yashash manzillarga qaytib kelgan yoshlar bilan tadbirkorlik va bandlik, munosib mehnat, salomatlik va gigiyena, diniy-ma’rifat yo‘nalishlarida o‘quv seminarlar bo‘lib o‘tadi.

Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan tadbirlar natijasida xorijga ishlash va o‘qishga ketib, O‘zbekistonga qaytib kelgan yoshlarning muammolari o‘rganilib, mutasaddi idoralar vakillari bilan mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Yoshlarga bo‘sh ish o‘rinlari taklif etish, ularning tadbirkorlik bilimlarini oshirish, bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi.

Loyihaga doir tadbirlarning dastlabkisi Navoiy viloyatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Qiziltepa tuman kengashi tomonidan tashkil etildi. Unda mahallalardagi yoshlar bilan ochiq muloqot qilindi.

Xususan, tumandagi “G‘amxo‘r”, “O‘rtaqo‘rg‘on” va “Xo‘jaqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda Navoiy shahridagi “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida xorijga chiqib, ishlab qaytgan yoshlar uchun mehnat xavfsizligi va muhofazasi, salomatlik va gigiyena qoidalariga bag‘ishlangan bir qator o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. O‘zga yurtdan o‘z uylariga qaytgan yoshlar “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatiga katta qiziqish bildirishdi.

Tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga mazkur jamg‘armadan imtiyozli kredit olish, o‘z biznes loyihasini yaratish va uni amalga oshirish bo‘yicha maxsus mahorat saboqlari berildi.

Loyihadagi tadbirlarning navbatdagisi To‘rtko‘l tumanining “O‘zbekiston” hamda “Otayurt” ovul fuqarolar yig‘inlarida ham o‘tkazildi. Muloqotda chet elda ishlab yashash manziliga qaytib kelgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati va ularga yer ajratib berish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan atroflicha tanishtirildi.

Jizzax viloyatining tuman-shaharlarida ham yoshlar takliflarini o‘rganish, muammolariga yechim topish, bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga doir “Sayyor qabul” lar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlarda hudud yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ularni qiynayotgan muammolarga yechim topilib, ko‘plab masalalarga ijtimoiy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatildi. Xorijda ishlab kelgan yoshlar o‘zlari uchun munosib ish topib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘lmoqda.

— 4 yil Rossiya davlatida ishlaganman. Musofirlikda hayot kechirish, Vatan, ota-ona va yaqinlardan uzoqda mehr-e’tiborga muhtojlik, yurt sog‘inchi azobini juda yaxshi bilaman, — deydi arnasoylik Bobur Zulinov. —Ayniqsa, kuchga to‘lgan paytimda o‘z yurtimda qiziqqan sohamda ishlamasdan, o‘zga yurtda qora mehnatda umrim o‘tayotganiga achinardim. 2018-yilda O‘zbekistonga qaytib keldim. Bolaligimdan musiqaga qiziqqanman, bu sohada ma’lum bilim va ko‘nikmalarim ham bor. Shu bois ishlab topgan pulimga musiqa va ovoz yozish jihozlarining bir qismini sotib oldim. Hozir tumanimizdagi Musiqa va san’at maktabida musiqa va ovoz yozish bilan shug‘ullanaman. Jihozning qolgan qismi uchun kredit olish maqsadida Yoshlar ittifoqining “Sayyor qabuli”ga keldim. “Yoshlar —kelajagimiz” jamg‘armasi orqali imtiyozli kredit olishim mumkinligini aytib, shu yerning o‘zida manzilli rejaga kiritishdi.

Yoshlarni munosib mehnatga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar barcha viloyatlarda o‘tkazilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-01-2019, 15:30)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 127) ( 0) ( 124) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют