» » Farg‘onadagi “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan mahalla aholisi nega qo‘lbola simyog‘ochlardan foydalanmoqda?

Farg‘onadagi “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan mahalla aholisi nega qo‘lbola simyog‘ochlardan foydalanmoqda?


“Daryo” internet-nashriga Farg‘ona viloyati Rishton tumani Xurramobod qishlog‘i “Navro‘z” mahallasi aholisidan murojaat keldi. Murojaatdan ma’lum bo‘lishicha, mazkur qishloq 2018-yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Dastur asosida hududdagi ayrim ko‘chalarga asfalt yotqizilgan, elektr va toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan. Biroq bu ishlar aksariyat ichki ko‘chalarga va “Navro‘z” mahallasigacha yetib bormagan. Mahalla aholisi ayni paytda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola simyog‘ochlar va oddiy simlar yordamida elektr energiyasidan foydalanmoqda. Ichimlik suvi tarmog‘i mahalla boshiga kelganda to‘xtab qolgan. Ichki ko‘chalardagi yo‘llarning ahvoli ham talab darajasida emas.

“Daryo” muxbiri vaziyat bilan tanishish uchun Rishton tumanining Xurramobod qishlog‘ida bo‘ldi.

– Mahallaga yangi uy solib, oilam bilan ko‘chib chiqqanimga qariyb 9 yil bo‘ldi. O‘sha paytda yog‘ochdan, daraxtlardan qo‘lbola simyog‘och yasab, oddiy sim yordamida elektr tortib kelgandik. Hozirgacha shu muammo hal bo‘lmayapti. Bu simlar har ikki yilda yaroqsiz holga kelib qoladi. Hammasini qaytadan almashtirib chiqamiz. Simyog‘ochlarimiz ham daraxtlar bilan birga o‘sib ketaveradi.

O‘tgan yili “O‘zbekenergo”ga internet orqali murojaat qildim. Murojaatimni tuman elektr tarmoqlari korxonasiga yuborishibdi. Telefon qilib, tayyor simyog‘ochlar bor, tez orada o‘rnatib beramiz, deyishdi. Kutdik, mutasaddilardan ham, simyog‘ochlardan ham darak bo‘lmadi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga yana qayta murojaat qilsam, siz bu muammolar bilan boshingizni qotirmang, tez bitadigan ish emas bu, vaqti kelganda o‘zimiz hal qilamiz, deyishdi. Mana oradan 6–7 oy vaqt o‘tdi, lekin hech qanday o‘zgarish yo‘q.

O‘tgan yili ichimlik suvi tortish ishlari boshlangandi. Mahallamizning boshigacha suv keldi. Keyin uni ham to‘xtatib qo‘yishdi. Sababini so‘rasak, loyihada shu yergacha ko‘rsatilgan, u yog‘iga o‘zlaring o‘rtada pul yig‘ib tortib olasizlar, deb tashlab ketishdi.

Yo‘llarimizning holati ham juda chatoq edi. Yomg‘ir yog‘sa bu yo‘llardan yurib bo‘lmaydi. Bolalar maktabga, bog‘chaga borolmaydi. Majburlikdan, o‘zimiz g‘isht zavodining chiqindilarini olib kelib, yo‘lga tashladik. Aslida mana shu ko‘chaning davomi katta yo‘lga chiqishi kerak. Shunda qishloq markaziga, maktab va bog‘chaga borish masofasi ancha qisqaradi, – deydi Oybek Ahmadjonov.

– 9 ta nevaram bor. Mana shu nevaram tug‘ilgan paytda ham elektr, suv, yo‘l muammo edi. Nevaram hozir 2-sinfda o‘qiyapti. 8–9 yildan beri hech kim qiziqmayapti bu muammolarni hal qilish bilan. Hammada yosh bola bor, ularning kasal bo‘lishi bor, kechasi turishi bor. Elektr hammaga kerak-da. Bolalar uchun ham eng zaruri shu. Kattaroq kuchlanishdagi elektr jihozlarini umuman ishlatib bo‘lmaydi, ko‘tarmaydi simlar.

Suvku, mayli ko‘chaning boshigacha kelib qoldi. Lekin yo‘limizni tuzatish kerak. Agar taksiga chiqsangiz, bu ko‘chalarga kirishga umuman rozi bo‘lmaydi. Chunki, yo‘l yomon-da. Buning ustiga aylanib kelish kerak, – deydi Patilaxon Abdullajonova.

– Suv, elektr va yo‘l. Xalqning haqiqiy e’tirozi bu, haqli e’tirozi. O‘zi “Obod qishloq” dasturi asosida qilinishi kerak bo‘lgan asosiy ish ham suv, elektr va yo‘l edi. Ichki ko‘chalarga yursangiz, qiyshaygan yog‘och “stolba”larning anchasini ko‘rasiz. “Navro‘z” mahallasidagilar o‘zlari terakdan simyog‘och yasab olishgan.

Mana shu yangi qo‘yilgan beton simyog‘ochlarga qachon elektr toki ulansa, o‘shanda eski simyog‘ochlarni yangi mahallalarga o‘rnatib berishar ekan. Lekin besh-o‘nta simyog‘och bilan hamma ko‘chaning muammosini hal qilib bo‘larmikan? Nima uchun o‘zi “Obod qishloq” dasturiga tushdi bu yer? Prezidentimiz nima deb jon kuydiryapti, qishloqlarimiz ham obod bo‘lsin, sharoitlari shaharnikiga yaqinlashsin, odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashasin, deyishyaptiku. Bunga kim e’tibor beryapti?

Qishloqni dasturga tushirishdan avval Prezident maslahatchisi kelib, uyma-uy yurib, muammolarni o‘rgangan edi. Kirmagan xonadonimiz qolmagandi. Shu harakatlar natijasida Xurramobod qishlog‘i birinchilardan bo‘lib “Obod qishloq” dasturiga kirdi. Bu Prezidentimiz bergan imkoniyat edi. Buni ijro qiluvchilar joy-joyiga qo‘yib, tadbirini, chorasini ko‘rib taqsimlashi kerak edi. Lekin ko‘p ishlar chala qolib ketdi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida MFY idorasida bo‘ldik. “Xurramobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akbarali Mamajonovning aytishicha, MFY tarkibida uchta qishloq bor. 810 xonadonda 4200 nafardan ortiq aholi yashaydi. Hududda 2 ta umumta’lim maktabi, bitta maktabgacha ta’lim muassasasi va qishloq oilaviy poliklinikasi joylashgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 29-mart kungi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra qishloq obodonlashtirish ro‘yxatiga kiritilgan.

– “Obod qishloq” dasturi doirasida 2300 metr yo‘l asfalt qilindi. Do‘tir, Jahonobod va Xurramobod qishloqlari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan qishloq oilaviy poliklinikasi mukammal ta’mirlandi. 10 km toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 70–80 dona atrofida yangi beton simyog‘ochlar o‘rnatildi va elektr simlari yangilandi. Bitta yangi nimstansiya o‘rnatildi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan 35-maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirdan chiqarildi. 29-maktabda esa joriy ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Shuningdek, mahalla guzarida kutubxona ochildi, – deydi Akbarali Mamajonov.

— Simyog‘ochlar muammosi elektr tarmoqlari korxonasi bilan bog‘liq. Mana shu yangi beton simyog‘ochlarning o‘rnatilganiga yetti oydan oshdi. Lekin haligacha tarmoqqa ulangani yo‘q. Loyiha tashkiloti bilan elektr tarmoqlari korxonasi o‘rtasida qandaydir munosabat qochgan. Buning nimaligini aniq bilmayman. Bir hafta oldin ham “elektroset” boshlig‘iga telefon qildim. Buni tezroq ulanglar, chiroqlar yonsin, o‘rtadagi eski “stolba”larni olib tashlaylik, yo‘llar ochilsin, bo‘shagan simyog‘ochlarni ichki mahallalardagi nosozlarining o‘rniga o‘rnataylik, dedim. Mana shu simyog‘ochlar bo‘shasa, 100 ga yaqin simyog‘och bor bu yerda, ichki ko‘chalarga o‘rnatardik. Muammo shu bilan hal bo‘ladi.

Bundan tashqari, bizga bitta ichimlik suvi qudug‘i zarur. Chunki, 10 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani bilan bosim past. 15 km shag‘al yotqizilishi kerak bo‘lgan ichki ko‘chalarimiz bor, – deydi MFY raisi.

Mahalla aholisini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammoning yechimi tuman elektr tarmoqlari korxonasiga borib taqalgani uchun, mazkur korxona rahbarining munosabati bilan qiziqdik.

– Loyiha tashkiloti bilan kelishib oldik, hozir bu bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Faqat uni energiya nazorati inspeksiyasining ko‘rigidan o‘tkazish qoldi xolos. Bir haftani ichida tarmoqqa ulab beramiz. Shundan keyin 100 dan ortiq simyog‘och bo‘shaydi. Ularning hammasini holatiga qarab o‘sha mahalladagi nosoz, qo‘lbola simyog‘ochlar o‘rniga vaqtinchalik o‘rnatamiz. Bosqichma-bosqich eskirgan simyog‘ochlar to‘liq yangisiga almashtiriladi. Yangi nimstansiyalar o‘rnatiladi. Bu bo‘yicha alohida dastur bor, – deydi Rishton tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Rustamjon Dodaqo‘ziyev.

Har doimgidek, muammoni hal qilish bo‘yicha mutasaddi shaxsning va’dasini oldik. Agar ushbu va’dalar va’daligacha, dasturda belgilangan ishlar qog‘ozda qolib ketmasa, “Navro‘z” mahallasi aholisini qiynayotgan muammo yaqin kunlarda ijobiy yechim topadi, albatta.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-05-2019, 12:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 72) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют