» » Chaqiruvga mast holda borgani iddao qilingan muboraklik shifokor aslida diabetga yo‘liqqanini aytgandi. Qandli diabetda odamda mastlik belgilari bo‘ladimi? Biz buni aniqladik

Chaqiruvga mast holda borgani iddao qilingan muboraklik shifokor aslida diabetga yo‘liqqanini aytgandi. Qandli diabetda odamda mastlik belgilari bo‘ladimi? Biz buni aniqladik


“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev 30-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Qoraqum qishlog‘ida shifokor chaqiruvga mast holda borgani iddao qilingan video tarqalishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha jurnalistik tekshiruvini e’lon qilgandan so‘ng sayt tahririyatiga o‘quvchilardan “Qandli diabet bilan kasallangan bemor haqiqatan ham o‘zini mast odamday tutadimi?” kabi savollar kela boshladi. “Daryo” kolumnisti Sarvar G‘aniyev bu savolga javob beradi.

Bizning xatti-harakatlarimiz, o‘zimizni tutishimiz, jamiyat bilan muloqotga kirishimiz va boringki barcha hayotiy funksiyalarimiz miya faoliyati va uning boshqaruvi mahsuli hisoblanadi. Shunday ekan, masalaning tub ildizi alkogol va qandli diabet o‘z ta‘sirini ko‘rsatadigan miyada joylashgan. Insonning qaror qabul qilishi, jamiyat oldida o‘zini nazorat qilishi, unda qabul qilingan normalarga rioya qilishiga bosh miya po‘stlog‘ining prefrontal qismi javobgar.

Odam alkogol iste‘mol qilganda bu zonada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Etil spirtining 10-20 gramm miqdori eng avval membranasi alkogolga sezgirligi yuqori bo‘lgan  dofaminli neyronlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, dofaminning aktivatsiyasiga olib keladi. Dofamin — harakat faolligi, ijobiy emotsiyalarga javob beruvchi neyromediator. Shuning uchun oz miqdordagi alkogol kayfiyat ko‘tarilishi, dofaminning psixostimullovchi effekti tufayli charchoq tarqalishi kabi hissiyotlarni uyg‘otadi. Lekin qani endi ichuvchi shu bilan cheklanib qolsa. O‘rtacha miqdordagi alkogol o‘zida 20 grammdan 80 grammgacha etil spirti saqlaydi. Bu dozada esa GAMK (gamma-aminomoy kislota) kuchli javob berishni boshlaydi. GAMK asosiy tormozlovchi mediator hisoblanadi. Shu orqali alkogolning tormozlovchi effekti boshlanadi. Mana shu yerda biz kundalik hayotimizda ko‘radigan mastlarning xatti-harakatlari nega bunday mas’uliyatsiz, beso‘naqayligiga javob bor. Miyadagi neyronlar faoliyatini GAMK tormozlaydi, ular esa, o‘z navbatida, o‘zlari javobgar bo‘lgan a’zo va to‘qimalarga kerakli impulslarni yubormaydi. Natijada organizmning funksional yaxlitligi buziladi.

Prefrontal zonaga qaytsak. Yuqorida uning nazorat qilish va jamiyatdagi normalarni tan olib, ularga bo‘ysunishga, qaror qabul qilishga javobgar ekani haqida aytib o‘tdim. Qabul qilingan alkogol esa bu funksiyalarni tormozlaydi. Ya’ni endi bu shaxs o‘zi va jamiyat oldida javobgarlik hissini vaqtincha unutadi. Alkogolizmga ruju qo‘yganlarning oilasida, shaxsiy hayotidagi ko‘ngilsiz holatlarni miyadagi shu jarayonlar bilan izohlash mumkin. Albatta, alkogol qabul qiladigan, lekin hech kimga zarari tegmaydigan insonlar ham bor. Bunga sabab har bir inson miyasi va unda kechadigan biokimyoviy jarayonlarning individualligidir. Lekin, afsuski, ular juda kamchilikni tashkil etadi.

Qandli diabetdagi mastlik alomatlari

Qandli diabet – me’da osti bezida insulin gormonining yetarlicha ishlab chiqarilmasligi tufayli kelib chiqadigan va qonda glyukoza miqdorining ortishi bilan kechadigan endokrin kasalligi. Kasallik asosan qon tomirlari va nerv tizimi tolalarini zararlaydi. Bunda qon tomirlarining ichki qavati shikastlanib, qalinlashadi va tomir ichida qon harakati qiyinlashib, tromblar hosil bo‘lishiga sharoit paydo bo‘ladi. Natijada a’zo va to‘qimalar oziq moddalar va kislorod bilan keraklicha ta’minlanmaydi. Miya ham bundan mustasno emas. Miya qon tomirlarida ham xuddi shu o‘zgarishlar kechadi. Shu sababli miyaning ma’lum qismlari ishemiya tufayli atrofiyaga uchraydi. Atrofiya — to‘qima hajmining kamayib, o‘z funksiyasini bajara olmay qolishi. Organizmda kislorod tanqisligiga eng sezgir a’zo miya hisoblanadi. Qandli diabet miyada kognitiv o‘zgarishlarni keltirib chiqaruvchi patologiyalarni chaqirishi olimlar tomonidan isbotlangan. Agar zararlangan zonalar prefrontal va fazodagi muvozanat, harakatlarning aniqligiga javob bervchi miyachaga to‘g‘ri kelsa, bu bemorda alkogol qabul qilmagan bo‘lsa ham, mastlik alomatlarini ko‘rishimiz mumkin.

Qandli diabetning yana bir asorati — nerv tizimi va uning tolalarini oziqlantiradigan mayda qon tomirlarining kasallik tufayli shikastlanishidan kelib chiqadigan diabetik neyropatiya. Neyron va tolalarning shikastlanishiga qarab uning sezuvchi, sezgi-harakat va vegetativ turlari bor. Sezuvchi turida sezgi hissiyoti buziladi, sezgi-harakat turida bir vaqtning o‘zida har ikki funksiya buziladi vegetativ turida qorachiq funksiyasining anomaliyalari, ter ajralishi disfunksiyasi va ichki organlarning vazifalarining buzilishi bilan kechadi. Ko‘p yillar davomida qandli diabet bilan kasallangan bemorlarda bularning har birini uchratish mumkin.

Diabetik neyropatiyaning eng ko‘p uchraydigan asoratlaridan biri oyoqlar va qo‘llarda sezgining pasayishi va yo‘qolishidir. Shuning uchun ham qandli diabet bilan kasallangan bemorlar oyoqlarini kuydirib olsa ham, biror joyda urib travma olganda ham og‘riqni sezmaydi. Shu sababli travma olganini sezmasdan, to‘qimalari nekrozga uchragani uchun  oyoqlari amputatsiya qilingan bemorlarni yetarlicha toppish mumkin.

Endi maqolaga qaytsak.

O‘sha kuni voqea ishtirokchisi bo‘lgan qo‘shnisi Nargiza Qurbonova shunday deydi: “Tez yordam shifokori uyga kirishda eshikka suyanib, oyog‘idagi “tapochka”sini yechishga urinyapti, ammo o‘sha oyog‘ida oyoq kiyim yo‘q edi. Shu darajada mastligidan bir oyog‘ida oyoq kiyim yo‘qligini hatto sezmadi ham. Damas’dan tushayotganda bir poy oyoq kiyimini mashinada qoldirgan shekilli, uyga bir poy oyoq kiyimda kirib keldi. Keyin qo‘shnilar shifokorga oyoq kiyimingizni yechgansiz degandi, o‘shandan keyin ichkariga kirdi”.

Yuqoridagilarga asoslanib, tez yordam shifokori Eshmamat Botirovda ham diabetik neyropatiya rivojlangan degan taxminga kelish mumkin.

Videoda shifokordan yoqimsiz hid kelayotgani haqida aytilgan. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlardan ham qo‘lansa hid keladi, agar ularda diabetik ketoatsidoz rivojlangan bo‘lsa. Bu nima o‘zi? Agar organizmga insulin yetishmasa, u glyukozani energiyaga aylantira olmaydi. Shundan so‘ng u kerakli energiyani yog‘lardan ola boshlaydi. Badbo‘y hid beradigan keton tanachalari esa yog‘larning katabolizmining mahsuloti hisoblanadi. Ular ter va siydik bilan ajralib chiqadi va o‘ziga xos hid beradi. Bu qachon rivojlanadi? Qabul qilinayotgan insulin miqdori juda kam bo‘lsa, insulin qabuli o‘tkazib yuborilsa, juda ko‘p uglevodlar iste‘mol qilinsa, infeksiyalar, haddan tashqari ko‘p alkogol iste‘mol qilganda. Tez yordam shifokori insulin qabul qilish qilmasligi men uchun qorong‘u, lekin bir kun oldin to‘yda spirtli ichimlik ichganligini hisobga olsak, unda diabetik ketoatsidoz rivojlanganligini taxmin qilish mumkin.

Men shifokorni oqlash tarafdori emasman. O‘zi vrach bo‘la turib, sog‘lig‘iga e’tibor bermagani achinarli albatta. Qandli diabeti bo‘la turib alkogol iste’molini to‘xtatmagani meni taajjubga soldi. Eshmamat Botirov o‘sha kuni rostdan ham spirtli ichimlik ichganmi, yo‘qmi, buni aniqlash uchun guvohlarning so‘zlaridan boshqa asosli fakt yo‘qligi xalaqit beradi. O‘sha kuni qon tarkibidagi alkogol miqdori aniqlanganda va qandli diabetning asoratlari haqida laborator-instrumental tekshiruvlari o‘tkazilganda maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu tashxis bilan vrachlik faoliyatini yuritayotgan hamkasblarimiz ko‘plab topiladi. Qandli diabet uchun adekvat terapiya belgilangan va parhezga amal qilib yuradigan shifokor bemalol kasallar bilan ishlab yurishi, to‘g‘ri tashxis qo‘yishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham shifokor ishdan bo‘shatildi.

Tanganing teskari tomoni

Endi e‘tiboringizni masalaning boshqa tomoniga qaratmoqchiman. Vrach o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragani haqida xabarlar chiqsa jamoatchilik junbushga keladi. Ammo o‘z haqqini talab qilishni biladigan, junbushga keladigan xalq sog‘lig‘i uchun sidqidildan xizmat qilib kelayotgan shifokor bemor yoki uning qarindoshlari tomonidan kaltaklansa bu haqda sanoqli OAV, blogerlar, shifokorlar yozib chiqadi. Nima uchun bunday hodisalarga jamoatchilik befarq? 10 yillab o‘qigan malakali, o‘z ishining ustasi bo‘lgan shifokorlar O‘zbekistonni tashlab chet elga ishlash uchun chiqib ketayotganing sabablaridan biri — ularning haq-huquqlari qonun bilan mutahkamlab qo‘yilmagani. Kadrlar tanqisligi muammosi shundoq ham O‘zbekistonni tang ahvolga solib qo‘yganiga har kuni guvoh bo‘lamiz. Yaxshi vrachni odamlar yillab izlaydi. Vrach qilgan mas’uliyatsizligi uchun javob beradi. Lekin mas’uliyatsiz fuqarochi? Militsiya xodimlari, harbiy xizmatchilar o‘zini himoya qilishi uchun qurollari, oddiy fuqaroning qonun bilan belgilab qo‘yilgan haq-huquqlari bor. Shifokordachi? Bizda hozir o‘tgan yilning avgust oyida chiqqan “Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlar haq-huquqlarini himoya qilishni kuchaytiradi” degan xabardan boshqa hech narsa yo‘q. Har tomonlama qulay sharoitda ishlaydigan mutaxassis o‘z ish joyidan ajralib qolmaslik uchun jonini berib xizmat qiladi, o‘z ustida tinimsiz ishlaydi. Chunki bu joy uchun raqobatchilar juda ko‘p bo‘ladi va mana shunda shifokorlarning bilimsizligi, mas’uliyatsizligi haqidagi xabarlar ham kamayadi. Men ham bo‘lajak shifokor sifatida bilimimga yarasha adekvat oylik beradigan, bemorning qo‘liga qaratib qo‘ymaydigan, vrach sifatida huquqlarim qonun bilan mustahkamlangan joyda ishlashni xohlayman. Matluba Ibragimovaning farzandiga esa shifo tilab qolaman.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-05-2019, 09:00)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют