» » Davlat bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi BAA va Kuvayt tajribasi bilan tanishdi

Davlat bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi BAA va Kuvayt tajribasi bilan tanishdi


Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murodjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvaytda bo‘lib, mazkur mamlakatlarning zamonaviy logistika terminallari va bojxona omborlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda “Daryo”ga qo‘mita axborot xizmati ma’lum qildi.

Safar doirasida Kuvayt bojxona ma’muriyati va BAA federal bojxona ma’muriyati oliy komissari bilan mamlakatlar o‘rtasida bojxona ishi sohasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Delegatsiya a’zolari Kuvaytdagi Anham fzco kompaniyasi logistika terminali bilan tanishdi. 2004-yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan mazkur kompaniya xaridlarni amalga oshirish va mahsulotlarni dunyoning turli davlatlaridagi 300 dan ortiq mijozlar, xususan ulgurji xaridorlar va supermarketlar tarmoqlariga yetkazib berish bo‘yicha katta tajribaga ega.

Faoliyat ko‘lami, transport oqimi va tovar aylanmasining kattaligiga qaramay, mazkur kompaniya “Tovarlarni yetkazib berish zanjirini boshqarish tizimi” orqali o‘z ishini tizimli va bir maromda yo‘lga qo‘ygan.

Kuvayt bojxona ma’muriyati rahbari Jamol al-Jelaviy bilan o‘tkazilgan muzokaralarda tadbirkorlik, investitsiyalar va o‘zaro savdoni rivojlantirishda bojxona sohasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Kuvayt tomonida O‘zbekistondan uzum, meva-cheva va poliz mahsulotlarini yetkazishni tashkil qilish, shuningdek, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xarid qilish masalalari alohida qiziqish uyg‘otdi.

Masalan, Anham fzco kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mamlakatga Janubiy Amerikadan havo yo‘llari orqali 20 soatda yetkazayotgan bo‘lsa, O‘zbekistondan parvozlar orqali bu turdagi mahsulotlarni yetkazishga atigi 3 soat kifoya qiladi. Bu esa O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shuningdek, mazkur kompaniya vakillari o‘z tovarlarini Afg‘onistonga yetkazishda Surxondaryo viloyatidagi logistika markazi imkoniyatlaridan keng foydalanishga ham alohida qiziqish bildirdi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra ikkala mamlakat o‘rtasida bojxona ishi sohasida hamkorlik va o‘zaro yordam bo‘yicha kelishuv ishlab chiqishga va uni O‘zbekiston—Kuvayt savdo-iqtisodiy hamkorligi bo‘yicha hukumatlaro komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida imzolashga kelishib olindi.

BAAga safar davomida esa Dubay xalqaro aeroporti bojxona xizmati va qator logistika terminallari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Dubay xalqaro aeroportining bojxona xizmati bojxona nazoratining eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalari, videokuzatuv tizimi, metallizlagichlar, nazorat-rentgen uskunalari, shaxsiy ko‘rikni bojxona xodimining aralashuvisiz o‘tkazishga imkon beruvchi inson tanasini skanerlovchi uskunalar bilan ta’minlangan.

Mazkur aeroportda kuniga 70 mingdan ortiq yo‘lovchi parvozlarni amalga oshiradi. Ularni bojxona nazoratidan samarali o‘tkazilishida videokuzatuv va nazorat-rentgen apparati tasvirlari bilan ishlaydigan avtomatlashtirilgan monitoring tizimi muhim rol o‘ynaydi.

Shuningdek, havo transportlari, yo‘lovchilar va ularning bagajlariga doir dastlabki axborotlarni oldindan taqdim etish tizimi mavjud resurslar va ish kuchini to‘g‘ri taqsimlash imkonini beradi.

BAA federal bojxona ma’muriyati oliy komissari Ali Said Matar Al-Neyadi O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan bojxona terminallarini bunyod etishda arab kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilayotganiga yuqori baho berdi. Muzokaralar davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida olib o‘tilayotgan tovarlar haqida dastlabki axborotlarni elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yishning texnik talablarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘zbekistonda bunyod etilayotgan yirik 9 ta bojxona terminali — zamonaviy logistika markazlarining qurilishida BAA bojxona xizmati tajribasini keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Safarning eng muhim yangiliklaridan yana biri davlat bojxona xizmati organlari xodimlarining ushbu mamlakatda malakasini oshirish va ekspertlar almashuvi orqali BAAdagi mavjud ilg‘or tajriba hamda amaliyotni o‘rganish masalasida ham jiddiy qadam qo‘yildi.

DP World kompaniyasi raisi Sulton Ahmad bin Sulayem bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u mahalliy kompaniya bilan hamkorlikda chegara-bojxona postlariga tutash hududda zamonaviy bojxona terminallari hamda Navoiy viloyatida quruqlik portini bunyod etishda ham hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu esa “Bir makon, bir yo‘l” loyihasidagi tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistoning xal qiluvchi ahamiyat kasb etishida muhim o‘rin tutadi.

2005-yilda tashkil qilingan mazkur kompaniya dunyodagi uchinchi yirik port operatori bo‘lib, 78 ta dengiz va quruqlikdagi terminallariga ega. Dunyoning barcha qit’alaridagi 40 dan ortiq mamlakatda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan kompaniya o‘z yo‘nalishida jahon bozorining 6.7 foiziga egalik qiladi.

Mazkur kompaniya bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra faoliyatning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha samarali hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi.

“Yo‘l xaritasi” Fors ko‘rfazi mamlakatlariga O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish, O‘zbekistonning transport-tranzit va logistika salohiyatini kuchaytirishda mazkur kompaniya tajribasini o‘zlashtirish kabi masalalarni qamrab oladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-05-2019, 11:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 89) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют