» » Globalizatsiya davrida O‘zbekiston va zamonaviy mamlakatlarda til siyosati masalasi

Globalizatsiya davrida O‘zbekiston va zamonaviy mamlakatlarda til siyosati masalasi


Butun jahonni qamrab olgan globalizatsiya Amerika qadriyatlari va KFC gamburgerlarini tarqatibgina qolmay, milliy o‘zlikni anglashni, o‘ziga xoslikka qiziqish hissini uyg‘otdi. Bu vaqtda tilga har qanday ijtimoiy o‘zgarishlar ta’sir qiladi. Bu masalada “Daryo” kolumnisti, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov fikr yuritadi.

Ijtimoiy hayotda davlat tilidan foydalanish, davlat tilini muhofaza qilish, uning qo‘llanilishini nazorat qilish hamda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlikni ta’minlash masalalarini tartibga solish maqsadlarida ko‘p mamlakatlarda davlat tili haqida maxsus qonunlar qabul qilinmoqda. Ba’zi mamlakatlarda til bilan bog‘liq masalalar konstitutsiyada nazarda tutilgan. Masalan, Hindiston konstitutsiyasida maxsus moddalar nazarda tutilgan bo‘lib, ular quyidagi matnda bayon qilingan:

Mamlakat prezidenti ozchilik til guruhlarining huquqlariga rioya qilinishini kuzatib boradigan xodim tayinlaydi. Ushbu xodim mamlakat prezidentiga ozchilik til guruhlarining huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan konstitutsiya qoidalarining bajarilish holati haqida muntazam hisobot berib turadi. Prezident esa Hindiston parlamentidagi hisobot berish uchun batafsil ma’lumotlar berib borish va ular haqida o‘zining tegishli buyruqlari bilan shtatlar hukumatlariga yetkazishni ta’minlaydi.

O‘zbekistonda til qurilishi tarixi birinchi nazar tashlagandagiga qaraganda ancha murakkab va dramatik kechgan. Mamlakatning til va imlo sohasidagi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari qatag‘on qilinganini yoki uzoq muddatlarga faol ijtimoiy va ilmiy faoliyatdan ajratib qo‘yilganini aytib o‘tishning o‘zi kifoya qilsa kerak. Chunki o‘zbek adabiy tilining tiklanish yo‘li jiddiy kurash yo‘lidan o‘tdi, va bu kurash aksar hollarda ilmiy muhokamalar doirasidan butunlay tashqarida kechdi va siyosiy tekislikka ko‘chdi va unga xos barcha xislatlarni boshidan kechirdi. O‘zbekistonning tilshunoslik hayotidagi murakkab vaziyatlar va fojiaviy hodisalarning sabablaridan biri tillar va til siyosatining mafkuralashtirib yuborilgani bo‘ldi, va bunda faqat tilga taalluqli masalalarning yechimi til masalalarini hal qilish borasida juda ham sayoz bilim, tajribaga va tushunchaga ega insonlar qo‘liga tushib qolgan edi. Bugungi kunda o‘zbek tili siyosati ustida ish olib borayotgan olimlarda ushbu sohada uzoq vaqt davom etib kelayotgan masalalarni  yechishga salohiyatlari yetadi deb umid qilaman.

O‘zbekistonda til masalalari XX  asr siyosiy va tarixiy jarayonlar natijasida paydo bo‘lgan bir qator o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. O‘zbek tili 1989-yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra davlat tili hisoblanadi. Aholining qariyb 80 foizi o‘zbek tilini ona tili deb hisoblaydi, aholining qolgan 20 foizi bir necha o‘n tilni ona tili deb biladi. Rus tili eng ko‘p tarqalgan tillardan biri. Aksar hollarda mamlakat aholisining rus tilida so‘zlashmaydigan qismi rus tili ikkinchi, uchinchi va/yoki chet tili o‘rnida qo‘llaydi. O‘zbekistonning ko‘p millatli aholisi uchun rus tili alohida ahamiyatga ega. Ko‘pchilik uchun rus tili millatlar orasida muloqot vositasidir. XX-XXI asrlarda mamlakatda bu ikki muhim tilning mavqei o‘zgarib keldi. Qo‘llanish sohasiga bog‘liq holda O‘zbekistonda tillar o‘z funksionallik darajasi bilan farq qiladi. Masalan, kundalik hayotda, oila doirasida va biznesda muloqot uchun rus tilining qo‘llanilish qamrovi, uni ona tili deb hisoblaydiganlar soniga qaraganda ancha yuqori.

Davlat tili hisoblangan o‘zbek tilidan tashqari, bir qator hududlarda aholi boshqa tillarda ham so‘zlashadi. Masalan, Qoraqalpog‘iston avtonom respublikasida qoraqalpoq tili davlat tili hisoblanadi. Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Namangan va boshqa viloyatlarda OAV, maktablar, litseylar, kollej va OTMlarning ba’zi bo‘limlari tojik tilida faoliyat olib boradi. Toshkent va Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ta’lim qozoq tilida olib boriluvchi maktablar va OTM bo‘limlari mavjud. Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida turkman tilida ta’lim olib boriladigan maktablar bor. Qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydigan hududlarda (Andijon, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida) ba’zi gazetalar qirg‘iz tilida ham chop qilinadi. 45 000 dan ziyod ozarbayjon millatiga mansub fuqarolar o‘zbeklar bilan do‘stona munosabatlarda totuv yashaydi. Toshkent shahrida ozarbayjon madaniyat markazi faoliyat yuritadi. O‘zbekistonda yana boshqa bir til ozchiligi vakillari — uyg‘urlar ham yashaydi. Ba’zi TV va radio dasturlari muntazam uyg‘ur tilida uzatilib turadi.

Jahonning hozirgi kun siyosiy xaritasida, mavjud 193 mamlakatdan 86 tasida, ya’ni 45 foiz mamlakatda bir necha tilga rasmiy mavqe bergan holda ko‘p tillilik siyosatiga rioya qilinadi. Ulardan ko‘pchiligi (77 foiz) bir necha tilga umumdavlat rasmiy mavqe belgilagan. Qolgan davlatlarda til siyosatida davlat va mintaqa bo‘ylab ko‘p tillilik holati amalga oshiriladi.

Ikki tilga davlat tili maqomini berish jahonning barcha makromintaqalari: Yevropa, Osiyo, Amerika, Afrika va Okeaniyada mavjud.

Bir qator davlatlarda ikkitadan ko‘proq tilga umumdavlat rasmiy maqom berilgan. Bulardan uch til mamlakatning barcha hududlarida rasmiy maqomga ega bo‘lgan 14 mamlakat, Singapur va Shveysariyada esa to‘rt til, Mavrikiyda besh, JARda 12 til rasmiy maqomga ega.

Zamonaviy davlatlar siyosatida ko‘ptillilik ikki format ko‘rinishda amalga oshiriladi. Birinchisi davlat miqyosida ko‘p tillilikni nazarda tutadi, ikkinchi holatni esa aralash siyosat deb atasa bo‘ladi: rasmiy til yoki umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan tillar maqomi bilan bir qatorda mintaqa tillari ham rasmiy maqomga ega bo‘ladi. Bunday formatga 23 mamlakatda amal qilinadi. Ulardan oltita davlatda 1+1 formulasi, ya’ni bitta davlat tili va bitta mintaqa tili, qolganlarida esa mintaqa tillari soni ko‘proq: ikki, uch va hatto masalan Rossiyadagi kabi maksimal songacha yetishi kuzatiladi. Rossiyada bitta davlat tili bor va 26 til mintaqa davlat tili maqomiga ega.

Til siyosatida aralash formatga amal qiluvchi uch mamlakat: Finlyandiya, Norvegiya va Hindistonda 2+ formulasi qo‘llangan, ya’ni mintaqa tillaridan tashqari, bu davlatlarda birmas, ikki davlat tili joriy qilingan.

Yevropadagi 16 monoetnik mamlakatda rasmiy ko‘p tillilik siyosati qabul qilingan. Ulardan yettitasida (Avstriya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Malta, Niderlandiya, Norvegiya va Xorvatiya) soni eng ko‘p millat vakillari aholining 80 foizini tashkil etadi. Yana to‘qqizta davlatning etnik tuzilishda soni eng ko‘p millat aholining 90 foizini tashkil qiladi. Bular Daniya, Irlandiya, Italiya, Polsha, Portugaliya, Serbiya, Sloveniya, Finlyandiya va Shvetsiyadir.

Ushbu ro‘yxatlarda Yevropada eng monoetnik hisoblangan Portugaliya ham kiritiladi. Bu mamlakatda portugallar aholining 99 foizini tashkil qiladi. Biroq Portugaliyada ikki til rasmiy maqomga ega: portugal tili davlat miqyosida va mirand tili mintaqa miqyosida. Mirand tilining rasmiy maqomi mamlakatning shimoli-sharqiy qismida kichik bir hududda yashaydigan, mamlakat aholisining atigi 0,14 foizini tashkil qiluvchi xalq uchun joriy qilingan.

Ikki tilli 48 ta mamlakatning aksariyati (94 foiz) unitar, va uchtasi federatsiya davlat qurilishiga ega. Bular Kanada, Hindiston va Pokiston. Bulardan birortasi ham Yevropada joylashgan emas. Shveysariyada esa to‘rt til davlat maqomiga ega. Yevropada davlat miqyosida ikki tillilik belgilangan birorta federativ davlat yo‘q. Yevropadagi barcha ikki tilli davlatlar unitar hisoblanadi. Yevropadagi ko‘p tilli federativ mamlakatlar esa yuqorida zikr qilingan Shveysariya hamda Belgiya, Bosniya va Gersegovina ikki tilli davlatlar qatoriga kirmaydi, chunki ularning hududida uch yoki to‘rtta til davlat maqomiga ega.

Til davlat ramzi bo‘lishi mumkin, ammo hecham davlatchilikni belgilovchi jihat yoki atribut bo‘lishi mumkin emas. Buni inkor qilsak, avtomatik tarzda ingliz tili rasmiy davlat maqomiga ega bo‘lgan 55 mamlakatning, fransuz tili xuddi shu maqomga ega bo‘lgan 30 davlatning,  arab tili davlat maqomiga ega bo‘lgan 24 mamlakatning, ispan tili davlat maqomiga ega bo‘lgan 20 davlatning, portugal tili xuddi shu maqomga ega bo‘lgan yetti davlat va nemis tili davlat maqomiga ega bo‘lgan olti mamlakatning davlatchiligini bekor qilgan bo‘lamiz.

Bunday nuqtai nazardan qaralsa, zamonaviy mustaqil mamlakatlarning eng kamida 70 foizida davlatchilik mavjud bo‘lmagan bo‘lar edi. Chunki bularda “milliy bo‘lmagan” deb ataladigan tillar davlat tili maqomiga ega. Zamonaviy dunyo siyosiy xaritasida “o‘z” tili umuman mavjud bo‘lmagan davlatlar bor. Ular qatoriga nafaqat Janubiy Amerika yoki Afrika mamlakatlari, balki bularda davlatchilik mavjudligini hech kim shubha ostiga ololmaydigan, biroq o‘z milliy tillari mavjud bo‘lmagan AQSh, Kanada, Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lmish Avstriya kiradi.

Yevropa mintaqaviy va kichik etnik guruhlar tillar haqidagi xartiyasi — (European Charter for Regional or Minority Languages) Strasburgda 1992-yil 5-noyabr kuni ingliz va fransuz tillarida, har ikki tildagi matn ham bir xil maqomga ega bo‘lish sharti bilan, va Yevropa kengashi arxivida saqlanayotgan yagona nusxada qabul qilingan edi. Ro‘yxatda esa Yevropadagi 42 mintaqa tillari keltirilgan.

Yevropaning turli mamlakatlari har birida bir milliondan ko‘p odamlar so‘zlashadigan 18 tilni mintaqaviy va xartiya tomonidan himoya qilinadigan toifaga kiritgan. Masalan, Avstriya va Chernogoriyada sloven tilida so‘zlashuvchi 2 milliondan ko‘proq aholi xartiyaga ko‘ra himoyaga olingan. Ham alban, ham xorvat tillarida so‘zlashuvchi aholi soni 6 milliondan ortiq, biroq alban tili faqat Serbiya va Chernogoriyada, xorvat tili esa Avstriya va Chernogoriyada xartiya shartlari asosida himoyaga olingan. Uch mamlakatda — Avstriya, Serbiya va Sloveniyada kamida 14 million aholi so‘zlashadigan vengr tili xartiyaga ko‘ra himoyaga olingan tillar toifasiga kiritilgan. Xartiya shartlariga ko‘ra, Sloveniya, Xorvatiyada italyan tiliga (so‘zlashuvchilar soni 70 milliondan ortiq), Daniya, Italiya va Polshada esa nemis tiliga (so‘zlashuvchilar soni 110 milliondan ortiq)  rasmiy maqom berilgan.

Siyosiy sabablarga ko‘ra ozchilik guruhlar tillari “yaqin o‘tmishdagina” paydo bo‘lganiga ishora qilgan holda ba’zi mamlakatlar rahbarlari (Latviya, Estoniya) ushbu xartiyani ratifikatsiya qilishdan butunlay bosh tortib turibdi. Rus tilining maqomidan kelib chiqqan nizo sababli Ukrainada ushbu xartiyani ratifikatsiya qilish uzoq muddatdan beri muammoli hisoblanadi.

Aksariyat Yevropa mamlakatlari til siyosatida maqomiy ko‘ptillilikka rioya qilishlarini ta’kidlab o‘tish lozim.

Til siyosati joriy sharoitni o‘zgartirishga harakat qilgandagina istiqbolli hisoblanadi, sovet va rus ilmiy adabiyotlarda ushbu atama til qurilishi, G‘arbiy Yevropa ilmiy adabiyotlarida esa til siyosatini rejalashtirish deb tushuniladi. Joriy o‘rnatilgan til va nutq me’yor/normalari mamlakat siyosiy elitasi tomonidan ma’qullanib turgan vaqtda va/yoki yangilarini joriy qilishga qarshilik qilsa, til siyosati orqaga tortuvchi (retrospektiv) hisoblanadi. Shuningdek, til siyosatining samaradorligi bir qator omillarga bog‘liq bo‘ladi. Til siyosati o‘rnatilgan vaziyatni o‘zgartirishga, ya’ni ikki yoki undan ko‘proq tillarni bitta mamlakat, xalq, mintaqa va hokazolar doirasida muloqot qilish va o‘zaro faoliyat olib borish turlarini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan til siyosati ayniqsa murakkabligi va ziddiyatlarga boyligi bilan farq qiladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-05-2019, 06:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 121) ( 0) ( 120) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют