» » Rahim Rajabov: Xalqni gadoy qilish evaziga kelgan hashamat kimga kerak? (video)

Rahim Rajabov: Xalqni gadoy qilish evaziga kelgan hashamat kimga kerak? (video)


O‘zbekistonning sobiq davlat kotibi Rahim Rajabov jurnalist Komiljon Shamsiddinovga bergan intervyusida Asaka avtomobil zavodining bunyod etilishi tarixi hamda O‘zbekistonning bugungi og‘ir sanoati ahvoli haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bir vaqtlar bizning zavodlar SSSRning istalgan korxonasidan ham yaxshi edi. Keyinchalik, Islom Abdug‘aniyevich bitta menga achchiq qilib, og‘ir sanoatni ham, aviatsiya sanoatini ham yo‘qotib yuborgani yaxshi ish bo‘lmadi. Ministrlar Sovetida mashinasozlik va og‘ir sanoat bo‘limi bor edi. Hatto shu bo‘limniyam yopib yubordi. Zavodlarni esa muttahamlarning qo‘liga berib, tugatdi. Hozir ham yaxshilab tekshirtirish mumkin: qani, ularni kim xususiylashtirib olgan ekan. Qonunda ham yozib qo‘yilgan – korxonar xususiylashgandan so‘ng ham o‘z yo‘nalishida faoliyat yuritishi kerak edi. Masalan, ‘Algoritm’ zavodi hozirgi valyutada 20—30 milliard dollarga baholanadi. U yerdagi murakkab texnika va texnologiyalar, binolar-u, oromgohlar – hammasini qo‘shsangiz, shunchaga borib qolardi. Uni kim, qaysi pulga sotib oldi, korxona ichidagi texnologiyalarni kim yo‘qotdi? Bu savollarga bugun javob yo‘q.

Bitta gap aytay, og‘ir sanoati yo‘q mamlakat – mamlakat emas. Nima, samolyotni faqat Amerikadan sotib olish kerakmi? Atrof mamlakatlarga, deylik, Xitoy, Hindiston, Pokistonga bizning samolyotimiz sotilsa, yomonmi? Biz bo‘lsak, hammasini yopdik. Bugun bitta televizoringiz buzilsa, uni tuzatish uchun ketadigan uskunasi – o‘zidan ham qimmat”, — deydi Rahim Rajabov.

“Rahmatli do‘stim bu korxonalarning hammasi kerakligini bilardi. Ammo... Anavi – dang‘illama uchastkalar, tog‘dagi dam olish zonalari, milliard-milliard pullar qayerdan kelardi unda. Binolar-ku, ko‘rinib turibdi, milliard dollarlarning ham bir qismini eshitayapmiz. Bu narsalarning hammasi – xalqni gadoy qilish evaziga keldi-ku. Shu ishlarni qilgan odamlar siyosatni olib bordi. Haliyam mamlakatimiz boy ekan, ko‘p narsa bor ekan. Endi kelajakni, bolalarni o‘ylashimiz kerak.

Siz mendan “Shuncha yil ishlab, biror korxonaning aksiyasini olganmisiz”, deb so‘rang. Yo‘q. Sotib olganlarning ko‘pchiligi muttaham, o‘sha paytning o‘zida pulini chiqazib olishgan. O‘sha zavodlardan keyinchalik birorta og‘ir mashina yoki traktor chiqibdimi? Hammasi o‘ldi”, — deya so‘zlarini davom ettiradi O‘zbekistonning sobiq davlat kotibi.

Jurnalistning “Siz hozir ‘Bizda mashinasozlik o‘ldi’ degan xulosa chiqarayapsiz. Lekin bizda avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi-ku”, — degan fikriga Rahim Rajabov quyidagicha munosabat bildiradi:

“Uka, siz hozir mashina ishlab chiqarilayapti, deyapsiz. Lekin uning deylik, bitta lampochkasi o‘chib qolsa, rasvo bo‘ladi. Chunki o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi. Bunaqa “ishlab chiqarish” kimga kerak. Mayli, hamma narsani yuz foiz shu yerning o‘zida chiqarish qiyindir. Lekin hech bo‘lmaganda, uning 60 foizini o‘zimizda ishlashimiz kerak...

O‘shanda men hukumat raisi o‘rinbosari edim. Asakadagi hozirgi avtomobil zavodi o‘rnida traktorlarga pritsep ishlab chiqaradigan korxona bo‘lardi. Ittifoqo Prezident Koreyaga bordi. U yerdan turib menga ‘Sening Asakadagi pritsep zavodingni koreyslarga sotdim’, deya telefon qildi. Vaholanki, zavodning o‘zi binoyidek ishlab turgan edi. Pritsep chiqarishning ham mashaqqatlari oz emas, chunki oddiy mashina to‘rtta odamni tashisa, u yuk tashiydi: tormozlari, g‘ildiraklari, disklari mustahkam bo‘lishi kerak. Men u kishiga, ‘Avtomobil zavodi kerak bo‘lsa, ishlab turgan zavod orqasidan 45 gektar yer ajrataylik, yangidan qurishsin’, dedim. Lekin o‘zingiz bilasiz, davlat rahbari ‘Men va’da qildim’ deb turgach, uning qaroriga qarshi chiqib bo‘lmaydi.

Shundan keyin o‘zim delegatsiyaga rahbarlik qilib, Koreyaga bordik, bu yerda ham muhokama qildik. Men, ishlab chiqariladigan avtomobilning soni yiliga 80—100 mingta bo‘lsin, narxi arzon, hamyonbop bo‘lsin, degan taklifni bildirganman. Boshida 3—4 ming dollar, deb kelishdik. U paytlarda bu – uch-to‘rtta buqaning puliga teng edi”.

Sobiq davlat kotibi keyinchalik narxlar nimaning hisobiga oshib ketganini quyidagicha izohlaydi:

“Chunki eng boshda imzo chekilgan hujjatlarni ko‘tarib ko‘radigan odam yo‘q, shekilli. O‘sha yerda narx masalasi qat’iy qilib yozib qo‘yilgan edi. Narx oshishidan – o‘zimizdagilarning ham manfaati bo‘lsa kerakdir-da, unisini bilmayman. Koreya bilan bo‘ladimi, AQSh bilanmi, avvalo o‘z xalqimiz manfaatini ko‘zlab, muzokara qilish mumkinmi? Yo faqat xalqdan shilib olib, budjetni to‘lg‘azish kerakmi?.. E, o‘lsin unaqa budjet, kimga kerak u”.

Rahim Rajabov O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti ayrim sohalarni yetarli darajada nazorat qilmagani uchun ular rivojlanishdan ortda qolganini ta’kidlab o‘tdi:

“Joyi jannatdan bo‘lsin-u, lekin do‘stimdan xafaligim shundaki, u shu ishlarni nazorat qilmadi. Mamlakatga har tarafdan ‘och bo‘rilar’ yopishib, talab, bor narsaniyam yo‘q qildi. Esingizda bo‘lsa, zo‘r chinni zavodimiz bor edi. U yerda ishlab chiqarilgan chinnilarni men G.Kissenjer (AQShning sobiq davlat kotibi)ga, Saddam Husaynga sovg‘a qilganman. Shu zavod ham sotilib ketdi. Sotib olgan odam bilan keyinchalik og‘ayni bo‘lib qoldim. O‘sha inson bir kuni, ‘Bilasizmi, Rahim aka, zavodni buzganimizda, undan chiqqan metall va g‘ishtdan yana beshta zavod qursam bo‘larkan’, deb qoldi. Shunaqa gaplar. Endi yana qaytadan chinni zavod qurilayotgan emish...

Oddiy xalqni – bojxonachimiz talasa, transportchimiz talasa, boshqasi Xitoydan bir so‘mlik narsa olib kelib, o‘zimizda 5 so‘mga sotsa... Bu ishlar – maxsus qilingan edi. Lekin men unda ketib bo‘lgandim”.

Rahim Rajabov shuningdek, dilini og‘ritadigan holatlar haqida ham gapirib o‘tdi:

“O‘zbekda bir gap bor: ‘Qornimga emas, qadrimga yig‘layman’. 1997-yilda ishdan ketdim. Biror odam ‘Rahim aka, bormisiz, sog‘misiz’ deya hol-ahvol so‘ragani yo‘q. Mana shu turgan uyimizning yerini ham zilziladan keyin olganman. Keyinchalik hatto birorta kvartira yoki dachayam olganim yo‘q. Yo‘qsa, ‘Algoritm’ zavodining 80 ming ishchisi uchun kvartiralar qurganmiz. Na biror firma ochibman, na bir zavodga egalik qildim. Ijtimoiy ta’minot bo‘limida ham, pensiya jamg‘armasida ham, kasaba uyushmasida ham insof yo‘q ekan. Oladigan pensiyam – oddiy ‘ryadovoy’ ichki ishlar xodiminikidan ham kam, biror sanatoriyga yo‘llanmayam berishmadi hatto. Ana shulardan xafa bo‘lib, ezilib o‘tiraman”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-05-2019, 17:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 117) ( 0) ( 115) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют