» » Buxoroda odam savdosi jinoyati bilan ayblanib, 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosini olgan ayol jazodan ozod qilindi

Buxoroda odam savdosi jinoyati bilan ayblanib, 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosini olgan ayol jazodan ozod qilindi


Buxoroda Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari Abdumannon Shaydoyev raisligida olib borilgan sud ishida Buxoro shahrida yashovchi Madina G‘afurovaning (ism-sharifi o‘zgartirilgan) apellyatsiyasi ko‘rib chiqildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 135-modda 2-qismining “ye” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib odam savdosi jinoyatini sodir etish) va JKning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) bilan qo‘llanilgan 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosidan ozod etilgan.

Madina G‘afurova 1991 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2 nafar farzandi bor, ayni paytda homilador. Muqaddam sudlanmagan.

2019-yilning 5-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudyasi Mahmud Oripov raisligida o‘tkazilgan sud ishi ko‘rsatmasiga ko‘ra, fuqaro Madina G‘afurova bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirgan. Odamlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun yollab, jabrlanuvchini xorijga olib o‘tib, odam savdosi jinoyatini sodir etgan. U tekin boylik orttirish uchun 1978-yilda tug‘ilgan samarqandlik fuqaro Shahlo Xolmurodova (ism-sharifi o‘zgartirilgan)ni fohishalik bilan shug‘ullantirish uchun uni O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasidan Bahraynga olib o‘tish maqsadida unga viza ochtirgan, elektron chipta olib bergan. Toshkent shahridagi “Toshkent–Dubay–Bahrayn” yo‘nalishidagi samolyot orqali jo‘natmoqchi bo‘lgan vaqtida Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan jinoyat ustida ushlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Hukmda jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi, deb ko‘rsatilgan Shahlo Xolmurodova 2018-yilning 20-avgust kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza yozgan. Arizaga ko‘ra, Madina G‘afurova uni avvaliga Turkiya davlatiga yaxshi daromadli ish borligini aytib, keyin esa uni Turkiyaga emas, balki Bahrayn davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanib, pul topish uchun aldab jo‘natayotganligidan xabar topganligi va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sud jarayonida fuqaro Madina G‘afurova o‘z ko‘rsatmalari orqali bu ayblovlarni rad etgan. Sudda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan Shahlo Xolmurodovaning Bahraynga uchib ketishiga o‘zining aloqador emasligini, u IIB xodimlari ko‘magi bilan ketishga ulgurganini bildirgan. Himoya tomonning fikriga ko‘ra, ushbu jarayon shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ichki ishlar idoralarining sohaviy xizmat tarmoqlari xodimlari tomonidan o‘ylab topilgan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan tezkor qidiruv tadbirini amalga oshirgan holda qonunga xilof ravishda sahnalashtirilgan soxta jinoyat bo‘lgan.

— Voqealar rivoji aslida quyidagicha bo‘lgan edi. 2018-yilning may oyida Bahrayn davlatiga borish uchun chiqish vizasi olish maqsadida “Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni ramiylashtirish” bo‘limiga bordim. IIB vakili Sanjar Ochilov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) men bilan suhbat davomida o‘z taklifini bildirdi. Uning taklifiga ko‘ra, odam savdosi bilan bog‘liq masala yuzasidan ularga tadbir uyushtirib berishga ko‘maklashishim, ya’ni xorijga chiqib ketayotgan qizlarni ushlab berishim va buning evaziga xorijga chiqish vizasi tez kunda qo‘limga tegishi kerak edi. Sanjar Ochilov menga kuzatuv oynasi orqali notanish ayolni ko‘rsatib, uni tanish-tanimasligimni so‘radi. Men uni haqiqatan tanimasligimni aytdim. Shunda meni xonadan chiqardi-da, u ayolni chaqirdi. Hayal o‘tmay, ayol oldimga kelib, men bilan tanishish istagida ekanligini, nima ish bilan shug‘ullanishimni so‘radi. Men atir-upalar savdosi bilan shug‘ullanishimni aytganimdan so‘ng u ham bunga qiziqishi borligini bildirib, qo‘l telefonim raqamini oldi va ketdi. Sanjar Ochilov meni yana o‘z oldiga chaqirib, u o‘tkazajak tadbir uchun nima ish qilishim kerakligini tushuntirdi. Uyga kelib, juda ko‘p o‘ylandim. Vijdonimga qarshi chiqolmasligimni tushunib yetdim. IIB vakili esa tinimsiz qo‘ng‘iroq qilishdan to‘xtamasdi. “Siz bilan tanishgan ayolning ismi Sabina. Siz uni tanimaysiz. U qiz savdosi bilan shug‘ullanadi. Siz bizga uni qo‘lga olishimizga ko‘maklashasiz”, dedi. U ayol esa turli jinoyatlar sodir etib, bir necha bor sudlangan ekan. Men o‘zimdan qo‘rqib, Sanjar Ochilovning men orqali tadbir uyushtirishiga qarshilik ko‘rsatdim... Afsuski, mening bu shartga ko‘nmaganim o‘zimga qimmatga tushdi, — dedi Madina G‘afurova.

O‘zini Sabina deb tanishtirilgan ayol Buxoro shahar markazidagi ijara uyga fuqaro Madina G‘afurovani taklif etib, undan bir million so‘mdan ortiq bo‘lgan atir-upalarni qarzga olgan. Keyinchalik Madina qarzlarini bir necha bor so‘rashiga qaramasdan, Sabinadan pulni undirib olishda qiyinchilikka duch kelgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Madina atir-upalar savdosi bilan shug‘ullanish maqsadida sayohat vizasi bilan 15 kun muddatga Bahrayn davlatiga ketgan.

— Qizim Bahraynga atir-upalar savdosi maqsadida ketgach, unga tegishli qarzlarni undirib olish uchun Buxoro shahri markazidagi uyda ijarada yashovchi Sabina ismli ayolni izlab keldim. Afsuski, mahalla-ko‘y, uchastka nozirining aytishicha, u Sabina emas, aslida Ra’no Jumayeva (ism-sharifi o‘zgartirilgan) ekan, — dedi qiziga tegishli tegishli pullarni talab qilib borgan Madinaning onasi Malika Rustamova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan), — bu ayol qiyin-qistovimdan so‘ng, qarz evaziga olgan qimmatbaho atir-upalar haqini turli bahonalar bilan boshqa tovarlar berish orqali to‘ladi.

Madina G‘afurova Bahrayn davlatida safardalik chog‘ida Imo ijtimoiy tarmog‘i orqali unga o‘zini Shahlo Xolmurodova (ism-sharifi o‘zgartirilgan) deb tanishtirgan ayol o‘zini Ra’noning dugonasi ekanligi, Ra’noning firibgar va yulg‘ich ekanligi, o‘zini ham juda ko‘p bor “chuv” tushirgani, ayni paytda Bahraynga chiqish masalasida Madinadan yordam kerakligi, unga chiqish vizasini yuborishini so‘ragan.

— Mening xatoim unga sayyohlik vizasi ochtirib berganim bo‘ldi. Bahraynga kelgach, viza haqini to‘lashini va xuddi ko‘nglim sezgandek, bunda hech qanday odam savdosi jinoyati yo‘qligini tushuntirdim. Bundan tashqari, Shahloga begona davlatga bir o‘zi yolg‘iz kelmasligini, meni kutishini, 18-avgust kuni Toshkentda bo‘lishimni ham bildirgan edim. Qizim tug‘ma nogiron. Uni davolatish uchun 2–3 oy davomida Toshkentda yurishimni, balki keyin birga kelishimizni ham bildirgan edim. Ammo Shahlo vizani bekor qilmaslikni, o‘zi xorijdan qaytguncha mening mehmonxonada emas, uning uyidan foydalanib turishimni, buning evaziga 500 AQSh dollari to‘lashimni so‘radi. Men rozi bo‘ldim va xorijdan turib, Shahloning Toshkentdagi uyida qizimni davolatib yashashim uchun tanishim orqali Samarqandga 300 AQSh dollari yetkazdim. Shahlo esa xorijdan qaytayotganimda o‘zi uchun atir-upalar ham olib kelishimni tayinladi, — dedi Madina G‘afurova.

O‘tgan yilning 18-avgust kuni Madina G‘afurova xorijdan Toshkentga qaytgan. Shahloning Bahraynga borish uchun samolyotga uchish chiptasi 19-avgust kuniga olingani sababli, u ham shu kuni Toshkentga kelgan. Madina Shahlodan oldindan to‘lovini amalga oshirgani uchun undan uyining kalitini olish maqsadida Toshkentda ko‘rishishni taklif qilgan.

Ular ko‘rishgan payt Shahlo Xolmurodova IIB tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirda Madinani tutib berishi kerakligini, ammo bunday qilmoqchi emasligini aytadi. “Madina, sizga uyimning kalitini bera olmayman, chunki ayni paytda uyimda Ra’no hamda IIB vakillari bor. Sizning orqangizdan organ vakillari tushgan. Menga esa hozirgi suhbatimizni ham yozib olish xizmati topshirilgan. Sumkamda diktofon ham bor. Ammo uni o‘chirib qo‘yganman. Menga 1000 AQSh dollari berishni va’da qilishgani uchun ular uyushtirayotgan tadbirga qo‘shilib qoldim. Qizim homilador. Pul uchun shunday qilishga majbur bo‘ldim. Siz menga yaxshilik qilib, xorijga chiqish uchun viza ochtirib berdingiz, sizga endi yomonlik qilish niyatidan yiroqman. Ularning tadbiri amalga oshmasligi uchun menga 100 AQSh dollari bering, men Bahraynga uchish kunimni o‘zgartiraman, — deydi Shahlo Xolmurodova.

Ularning suhbati chog‘ida haqiqatan Sanjar Ochilov Shahlo Xolmurodovadan topshirig‘ining qanday kechayotganini so‘rab, qo‘ng‘iroq qilgan. Shahlo Madinaning oldida telefon ovozini balandlatib, Madina bilan ko‘rishmagani, ayni paytda homilador qizi bilan do‘kon aylanib yurgani, tadbirni uyushtirolmay qolishi mumkinligini bildirgan. Sanjar Ochilov esa dabdurustdan ayni paytda Madina G‘afurovaning fohishalik bilan shug‘ullanayotganlikda ayblagan.

— O‘zim haqimdagi bunday nojoiz so‘zlarni eshitib turish men uchun oson bo‘lmadi. Qaysi aybim uchun, degan savol meni qiynardi. Nahotki, o‘zim qilmagan ishlar uchun qonunga xilof ravishda sahnalashtirilayotgan soxta jinoyatlar qurboniga aylanayotgan bo‘lsam, deb qo‘rqib qoldim, — dedi Madina G‘afurova. — Qo‘rqib, o‘zimni yo‘qotib qo‘yganim uchunmi, o‘sha tobdayoq Shahloga 100 AQSh dollari berib, meni tinch qo‘yishini, to‘g‘ri niyatda unga xorijga chiqish vizasini ochishda ko‘maklashganimni bildirib, yig‘lab ketib qoldim. Shunday bosim holatida Shahlodan uyi uchun oldindan to‘lovini amalga oshirganim – o‘zimga tegishli bo‘lgan 300 AQSh dollarini ham, 120 AQSh dollariga teng atir-upalarning pulini ham olishni unutibman.

Shu kunning o‘zida Madina G‘afurova Shahlo Xolmurodova nomiga ochtirgan sayyohlik vizasini bekor qildirgan. O‘ziga ochilgan sayyohlik vizasi bekor qilingach, Shahlo Xolmurodova o‘ziga tegishli yo‘llar orqali viza ochtirib, 2018-yilning 22-avgust kuni Bahraynga uchish uchun samolyotga chipta xarid qilgan.

— U o‘ziga qaysi yo‘l bilan viza ochtirganidan xabarim yo‘q edi. Shu kuni u onamga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘yarda-qo‘ymay, mening aeroportga borishimni, qarzlarini qaytarishini va bagajlarini tashishga ko‘maklashimni iltimos qildi. Ertalab soat oltiga aeroportga bordim. Telefon qilyapman, ko‘tarmadi. Shu tobda viloyat IIB xodimlari qarshimdan chiqishdi. Qo‘qqisdan kelib, 20-avgust kuni ustimdan shikoyat arizasi tushganini aytib, meni xizmat mashinasi bilan Buxoroga olib kelishdi. Advokat olmaganim uchun avvaliga hech narsani isbot qila olmadim, — so‘zida davom etdi Madina G‘afurova. — Ammo sud jarayonida men bilan Sanjarni yuzma-yuz uchrashtirishmadi. Hatto, sudda go‘yoki jabrlanuvchi bo‘lgan Shahlo Xolmurodova ham qatnashmadi. Vaholanki, u tadbirni uyushtirishda ko‘maklashib, allaqachon xorijga jo‘nab ketgan edi. Jinoyat mening yelkamga ortildi. Menga shuncha ayblov — odam savdosi bilan ayblandim, “delo” esa mening ishtirokimsiz topshirilgan. Na jabrlanuvchi, na guvohlar bor edi. Men ko‘mak berishni istamagan, sahnalashtirilishi lozim bo‘lgan tadbir boshqa ayol orqali mening jinoyat ishi bilan jabr ko‘rishimni ta’minladi.

Sud tergovi davomida so‘roq qilingan viloyat IIB tezkor xodimi Sanjar Ochilov o‘z ko‘rsatmasida 2018-yilning 20-avgust kunida Shahlo Xolmurodova ariza bilan murojaat qilgani va ular shu arizaga ko‘ra, bir fuqaroning odam savdosi qurboniga aylanishi mumkin, degan xulosaga kelib, zudlik bilan tadbir e’lon qilinganini bayon etgan.

“Daryo” muxbiri holat bo‘yicha tahririyatga murojaat etgan Madina G‘afurova e’tirozlari yuzasidan Sanjar Ochilov bilan telefon orqali bog‘langan.

— Men ariza bo‘yicha material to‘plaganman. Sud vaqtida esa holat bo‘yicha tushuncha berganman. Sud jinoyatni ko‘rib chiqqan, hukmini chiqargan, jazosini tayinlagan, tamom. Qanday ma’lumot kerak bo‘lsa, sudga murojaat qilib, hukmdan foydalaning, — deb javob bergan Sanchar Ochilov.

— Shikoyatchi arziga ko‘ra, sudgacha bo‘lgan holatlar yuzasidan munosabatingizni bildirsangiz...

— Sudgacha hech qanday voqea bo‘lmagan. Qanday xohlasangiz, shunday yozing! — degan asabiylik bilan Sanjar Ochilov.

Aytish o‘rinliki, jurnalist qanday xohlasa, shunday yozishdan yiroq turadi: jurnalist tomonlar fikriga va ular tomonidan keltirilgan manbalarga, shuningdek, sud hukmiga tayanadi.

Buxoro viloyat IIB boshlig‘i nomiga yozilgan ariza yuzasidan olib borilgan tadbirda ishtirok etgan viloyat IIBning yana bir tezkor vakili Sobir Saidjonov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) quyidagilarni ma’lum qildi: — Ariza yuzasidan biz tomondan olib borilgan faoliyat qanchalik qonuniy yoki qonuniy emasligiga prokuratura organi va sud baho beradi. Bu boradagi tekshiruv ishlari tegishli tartibda amalga oshirilgan. Holat bo‘yicha aniqlangan hujjatlarni sudga taqdim etganmiz. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov bo‘lgan. Sud o‘tkazilib, hukm chiqarilgan. Agar biz noqonuniy xatti-harakat olib borganimizda, bu sud tomonidan qonunga xilof, deb topilgan bo‘lardi. Jinoyat Protsessual Kodeksining 46-moddasida ayblanuvchining huquq va majburiyatlari ko‘rsatilgan. Aytish o‘rinliki, har bir ayblanuvchi o‘zini oqlashga, turli bahona yoki vajlar ko‘rsatishga harakat qiladi. U aldashi, noto‘g‘ri ko‘rsatma berishi yoki umuman ko‘rsatma bermasligi ham mumkin. Shunga ko‘ra, ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lishi shart emas. Fuqaro Madina G‘afurovaning ham ko‘rsatmalari esa o‘zini oqlash uchun qilinayotgan vajlar, xolos. Unga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari yuzasida hukm chiqarilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman raisi Mahmud Oripov: — Madina G‘afurovaning jinoyat ishini haqiqatan men ko‘rganman. Jabrlanuvchi O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketganligi tasdiqlanib, undan ko‘rsatma olish imkoni bo‘lmadi. Taraflarning fikrlari inobatga olinib, jinoyat ishi belgilangan tartibda va belgilangan muddatda ko‘rib chiqib, qonuniy hal qilindi. Ya’ni Madina G‘afurovaning muqaddam sudlanmagani, jinoyatdagi ishtiroki darajasi inobatga olinib, JKning 57-moddasiga asosan 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan edi. Sudlanuvchida apellyatsiya shikoyati berish huquqi bor. Ayni paytda viloyat prokurori protsessiga yengil jazo so‘rab qilgan murojaati Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga ko‘rib chiqib, qonuniy qonuniy hal qilish uchun yuborilgan, — dedi.

Sud sudlanuvchi Madina G‘afurovaga nisbatan jazo tayinlash masalasini muhokama qilganda, uning shaxsini, oilaviy sharoitini, qaramog‘ida 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini hamda ayni paytda homilador ekanligi, aybiga qisman iqrorligini, shuningdek, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar, deb baholagan. U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 135-modda 2-qismining “ye” bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan JKning 57-moddasi qo‘llanilgan.

— Jinoyat ishi bo‘yicha himoyam ostidagi Madina G‘afurovaning aybini tasdiqlovchi biror-bir dalil mavjud emas. Biroq tergov organi uning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, viza, avia chipta hamda Madina G‘afurova va Shahlo Xolmurodovalar o‘rtasidagi telefonga yozib olingan ovozlar stenogrammasi bilan tasdiqlanishiga havola qilgan. Biroq stenogramma bayonnomasida 1-shaxs va 2-shaxs o‘rtasidagi yozuvlarda faqatgina Shahlo Xolmurodovaning suhbati qoldirilgan. Madina G‘afurovaning uning gaplariga qay tarzda javob berganligi haqidagi yozuvlar mavjud emas. Madina G‘afurovaning ushbu holat yuzasidan stenogrammani tuzgan mutaxassisni so‘roq qilinishi taklifiga sud tomonidan oydinlik kiritilmagan. Bundan tashqari, ilgari bir necha marotaba odam savdosi, chegarani qonunga xilof ravishda kesib o‘tish, firibgarlik jinoyatlari bilan bir necha bor sudlangan va javobgarlikka tortilgan Ra’no Jumayeva ayni jinoyat ishini tergov qilish jarayonida shubhali ravishda g‘oyib bo‘lgan. Tergov harakatini o‘tkazish chog‘ida unga zarurat tug‘ilgan bo‘lsa-da, tergov organi zarur tergov harakatini o‘tkazmasdan jinoyat ishini sudga yuborgan. Xuddi shunday holat ariza muallifi Shahlo Xolmurodova bilan ham kuzatilgan. U ariza yozgach, tergov organiga yuzlashtirish, tergov harakatlarini o‘tkazish lozim bo‘lsa-da, shubhali tarzda g‘oyib bo‘lgan. Bu o‘z-o‘zidan ayollarning mansabdor shaxslar, ya’ni IIB ayrim tezkor xodimlari bilan til biriktirib, oldindan o‘ylangan va sahnalashtirilganini ko‘rsatadi. Shahlo Xolmurodova ilgari ham shaxsga nisbatan tuhmat qilish, jinoyat haqida yolg‘on xabar berish kabi jinoyatlarni sodir etgan, — dedi advokat Rustam Sa’dullayev.

Birinchi bosqich sudi tomonidan Madina G‘afurova jinoiy harakatlari O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-modda 2-qismining “ye” bandi bilan kvalifikatsiya qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 25-bandida apellyatsiya instansiyasi sudi JK 70-72-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda – mahkumni jazodan ozod qilishga haqliligi tushuntirilgan.

Sudlanuvchi Madina G‘afurova o‘z huquqlaridan foydalangan holda hukmdan norozi bo‘lib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga 2019-yilning 3-aprel kuni apellyatsiya tartibida kiritgan shikoyat arizasi odilona qanoatlantirilgan.

2019-yilning 2-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi binosida kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Viloyat kassatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra, Madina G‘afurovaga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudining 2019-yil 5-fevraldgi chiqargan hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Biroq O‘zbekiston JKning 70-moddasiga asosan sud hukmiga ko‘ra, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan ozod etilgan.

— Yaqinlarim, qavmu-qarindoshlarim, qo‘ni-qo‘shnilarim oldida men uchun bu yukni ko‘tarib yurishning o‘zi judayam og‘ir bo‘ldi. Bugungi odil sudlov davlatga, jamiyatga bo‘lgan ishonchimni yana bir karra oshirdi, — dedi Madina G‘afurova.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-05-2019, 19:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 84) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют