» » Buyuk Britaniyada o‘qib, hozirda o‘sha yerda ishlayotgan o‘zbekistonlik Nurxon Egamova hikoyasi

Buyuk Britaniyada o‘qib, hozirda o‘sha yerda ishlayotgan o‘zbekistonlik Nurxon Egamova hikoyasi


Buyuk Britaniya nafaqat siyosat hamda iqtisodiyot balki ta’lim sohasida ham o‘z brendiga ega bo‘lgan mamlakatlardan biri. U yerda o‘qishning o‘ziga yarasha-qonun qoidalari bor. Masalan, o‘qishga kirish uchun talaba qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak? Britanlarning turmush tarzi, urf-odatlari qanday? Bu haqida Manchester universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik Nurxon Egamova “Daryo”ga hikoya qilib berdi.

Nurxon Egamova Buxoro viloyatida tug‘ilgan. U 27 yoshda. 2017-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. 2013-yilda “Universitet malikasi” tanlovida g‘olib bo‘lgan. Rus, ingliz, nemis tillarini biladi. Hozirda Buyuk Britaniyadagi Manchester universitetining magistratura bosqichida tahsil olyapti. Hamda British Council qoshidagi ta’lim tashkilotida faoliyat olib bormoqda.

Bolaligimdagi eng katta orzularimdan biri Buyuk Britaniyaga borish bo‘lgan. Sababi, dunyoga mashhur qirolicha Yelizavetta hamda uning baland qalpoqdagi faxriy qorovuli, detektiv Sherlok Holms meni o‘ziga rom etgan. Boshida Manchesterga sayyoh sifatida borgan bo‘lsam, keyinchalik bu yerda magistraturada ta’lim olishga qaror qildim. Chunki Buyuk Britaniyaning universitetlari dunyodagi eng zo‘r oliygohlar qatoriga kiradi. Oksford va Kembridjni hisobga olmaganda, mamlakatdagi beshta universitet “QS World University” reytingida eng yaxshi 20 talikka kirgan.

Bakalavrni Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tamomlaganman. O‘qishni bitirib, Manchester universitetining Public Relations (jamoatchilik bilan aloqalar) yo‘nalishiga ariza topshirdim. Sababi bugungi kunda Public Relations biznesdan to siyosatgacha eng kerakli yo‘nalishga aylangan.

Jamoatchilik bilan aloqalarning to‘g‘ri va effektiv qo‘llanilishi mamlakatlarning jahon miqyosidagi imidjiga katta ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston imidjini misolida xorijliklar tasavvurida yurtimiz qanday gavdalanadi? Ular xalqimiz haqida qanday fikrga ega?  Qanday imidj strategiyasi olib borilsa, O‘zbekistonda investitsiya va turizm oqimi yanada ko‘payadi? Bu masalalarni o‘rganib chiqib, magistrlik ilmiy ishimni shu yo‘nalishda qilishni xohladim. Kursga ariza topshirayotganimda ham istaklarimni motivatsion xatimda bayon etdim.

Universitetda iqtidorli talabalar uchun ajratilgan grantda qatnashdim. Omadim kelib, tanlovning bir necha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, grant sohibasiga aylandim. Shunday qilib, shartnoma pulining yarmi universitet tomonidan to‘landi. Rostini aytsam, haligacha, shu grantni yutganimga ishongim kelmaydi.

Men uchun mamlakat o‘ziga xos an’analar maskani, hech bir Yevropa davlatlariga o‘xshamaydigan o‘lka edi. Lekin birinchi kelgan kunlarimda o‘zimni biroz noqulay his qilganman. Yomg‘ir juda ko‘p yog‘gani uchun serquyosh yurtimiz havosini sog‘inganman. Ammo asta sekin bu holatga ko‘nikib ketdim.

Buyuk Britaniyada turmush tarzi tez ritmda o‘tadi. Umuman olganda, Manchesterda odamlar juda band va vaqtni o‘ta samarali o‘tkazishni yaxshi ko‘radi. Tarixdan ma’lumki, 19-asrda bu shahar sanoat inqilobining vataniga aylangan. Manchesterda birinchi bo‘lib, temir yo‘li qurilgan. Zamonaviy kompyuter ixtiro qilingan. Ishchilarning haq-huquqlarini tenglashtirishga kurash ham aynan Manchesterdan boshlangan. Xullas, britaniyaliklar o‘z huquqini biladigan xalq. Bu yerning aholisi o‘zini mehnatkash asalariga o‘xshatadi. Xatto shaharning ramzida ham oltin asalari o‘z aksini topgan.

Bundan tashqari, aksariyat mankunianliklar (Manchester aholisining nomi) juda tarbiyali va do‘stona xalq. Xatto begona odamlarning ko‘chada ketayotib? bir-birlariga tabassum bilan xayrli kun tilashlarini tez-tez ko‘rib turaman. Lekin ba’zida xushmuomalalik haqiqiy munosabatni bildirishga to‘sqinlik qiladi. Masalan, siz ishga yangi ko‘ylak kiyib kelsangiz, agar u sizga yarashmasa ham ular hech qachon sizga buni aytmaydi. Aksincha, “Ko‘ylaging chiroyli ekan. Faqat rangi biroz seni ochmayapti. Yorqinroq rang senga bundan ham zo‘r yarashar edi” – deb ko‘nglingizni og‘ritmay gapirishadi.

Britan xalqining urf-odatlari diniy va tarixiy voqealarni o‘z ichiga oladi. Christmas diniy e’tiqod bayrami hisoblanadi. Hamda qishning oxirgi kunlaridan birida barcha uni oila a’zolari bilan nishonlaydi. Bayramga yaqin Britaniyaning barcha shaharlari ertakdagi sehrli olamga aylanadi. Shaharlar yoritgichlar bilan bezatiladi. Ko‘chalarda o‘zimizning o‘zbek bozorlariga o‘xshagan yarmarkalar tashkil etiladi.

Xalqimizning britaniyaliklar bilan bir o‘xshash jihati — ular ham choy ichishni yaxshi ko‘radi, ayniqsa qora choyga sut qo‘shib ichishni. Lekin men bunday “sutli choyga” haligacha ko‘nika olmadim. Buni hisobga olmaganda, bu yerdagi aksariyat urf-odatlar menga yoqadi.

Mamlakatda angliyaliklar, uelsliklar, shotlandiyaliklar va irlandiyaliklardan tashqari boshqa millat vakillari ham bor. Men bu yerga kelganimdan so‘ng, Yevropadan boshlab Afrika qit’asigacha, Amerikadan to Uzoq Sharqqacha bo‘lgan davlatlardan yangi do‘stlar orttirdim. Har birining o‘zgacha, qiziqarli va noyob madaniyati bor. Umuman olganda – biror bir xalqning urf-odatlari bilan tanishish kimligimizni tushunishga, o‘zimizni anglashga yordam beradi. Bu yerda turli xil davlatdagi odamlar bilan tanishganimdan juda xursandman. Chunki har bir inson — bu o‘z vatanining aksi. Bu tanishuv menga juda ko‘p narsani o‘rgatdi. Do‘stlarim o‘z vatani haqida gapirib berganda, go‘yo o‘zimni o‘sha mamlakatlarga borib kelganday his qilaman. Dunyoda qancha ko‘p mamlakatlar, turfa xil elatlar va tillar bo‘lsa ham bir taniqli faylasuf aytgandek: hammamiz bir tilda kulamiz.

Hozirda British Council qoshidagi ta’lim tashkilotida ishlayapman. Vazifam – bo‘lajak talabalarga universitetlarda o‘qishga kirish uchun konsultatsiya berish. Ya’ni bakalavr, magistratura, aspirantura yoki doktorantura darajasiga ega bo‘lmoqchi bo‘lganlarga mavjud grant va scholarship’larda qatnashish hamda ularning ingliz tili bilimini chuqurlashtirishga yordam berish.

O‘zbekistonning Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” fondi bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilishni ko‘zlayapmiz. Maqsadimiz iqtidorli talabalarni Yevropa universitetlariga tajriba oshirish.

Ko‘pchilik qiziqadigan mavzu – oyliklar haqida gapiradigan bo‘lsam, Qo‘shma Qirollikning iqtisodiyoti ancha yaxshi  rivojlangan. Albatta, bu ko‘rsatkich oyliklarning yuqori bo‘lishiga ham ta’sir qiladi. O‘rtacha oyliklar yiliga 30 ming funtga (38 ming dollar) yetadi. Universitetni tamomlagan talabalarning oyligi esa 16 ming funtdan (20 ming dollar) boshlanadi.

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi universitetlar soni 200 tadan oshadi. Har yili universitetlar orasida reyting tuziladi. Unga ko‘ra ilmiy izlanish mavzusining dolzarbligi, mehnat bozori ehtiyojini qoplaydigan mutaxassislarni tayyorlanishi va boshqa bir qancha faktorlarni hisobga olib, eng kuchli universitetlar aniqlanadi. Shuningdek, bu reyting oliygohlarning nufuzini oshiradi va ilm-fanning yanada rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Bundan tashqari Buyuk Britaniya universitetlarining kutubxonalari 24/7 rejimida ishlashadi. Chunki ko‘pchilik talabalar imtihon paytida kecha-yu kunduz tayyorlanishadi. Kimdir topshiriqlarni kunduz kuni bajaradi. Kimgadir esa tinch payt – kechasi qulay. Xullas bu ham talabalarni o‘z ustida ishlab, dars tayyorlashi uchun yaxshi imkoniyat deyish mumkin.

Foto: “Daryo”

Birinchi tavsiyam — avvalo, siz chet elda hayotingiz o‘zgarishiga va musofirchilikda duch keladigan qiyinchiliklarga tayyor bo‘lishingiz kerak. Bularning ichida til muammosi, mentalitet, kiyinish madaniyati, o‘zgacha etiket normalari va boshqa holatlar bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi tavsiyam — bu siz boradigan davlatning tilini juda yaxshi darajada bilishingiz yoki o‘rganishingiz zarur. Masalan, ingliz tili bo‘ladigan bo‘lsa, shu tildagi  kinolar ko‘rish, musiqa eshitish, kitoblar o‘qishni hozirdan boshlash kerak. Siz qancha mahalliy tilda yaxshi gaplashsangiz, odamlarning sizga nisbatan bo‘lgan xurmati shuncha oshadi.

Keyingi tavsiyam — bu aniq reja qo‘yishingiz. Biron bir mamlakatda o‘qishni xohlasangiz, keyin qaysi joyda ishlashni, nima ish qilishni oldindan rejalashtirishingiz zarur. Bunda o‘zingizni 5—10 yildan so‘ng, qayerda va kim bo‘lib ko‘rishingizni bila olishingiz muhim rol o‘ynaydi. Mening maslahatim bir maqsadni qo‘yib, unga yetish uchun har kuni kamida 20 daqiqa vaqt ajrating. Kichik narsadan boshlang — siz orzu qilgan ish joyi masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo‘ladimi yoki Google kompaniyasi farqi yo‘q. Internetda o‘sha joydagi amaliyot o‘tash dasturlarini topib, hujjatlaringizni topshirib ko‘ring.

Eng muhimi, chet elda yashayotgan vatandoshlaringiz bilan aloqa o‘rnating. Hamda siz o‘qimoqchi yoki ishlamoqchi bo‘lgan soha egalari bilan gaplashing, ulardan maslahat oling.  Buning uchun professional “LinkedIn” ijtimoiy tarmog‘ini foydalanganingiz ma’qul.

Kelajakda orzularim juda ko‘p. Eng asosiylardan biri — bu O‘zbekiston imidji mavzusidagi ilmiy ishimni davom ettirish. Sababi, bu yerdagi o‘rtoqlarim, hamkasblarim bizning madaniyatimiz, urf-odatlarimiz haqida ko‘p so‘rashadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya a’loqalarini ta’lim doirasida rivojlantirishga hissa qo‘shish  – eng katta maqsadlarimdan biri. Undan keyin esa xorijdagi tajribamni oshirib borib, o‘z sohamda professional mutaxassis bo‘lish.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-06-2019, 19:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 48) ( 0) ( 48) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют