» » Ikkinchi jahon urushining oxirgi jangi. SSSR va Yaponiya urushi haqida

Ikkinchi jahon urushining oxirgi jangi. SSSR va Yaponiya urushi haqida


1945-yilning 9-avgustidan 2-sentabrigacha davom etgan bir oylik urush Uzoq Sharq va Tinch okeani mintaqasi xaritasini o‘zgartirib yuborish bilan birga dahshatli urushni nihoyaga yetishida sezilarli hissa qo‘shdi va mintaqaning keyingi bir necha o‘n yillikdagi taraqqiyotini belgilab berishda muhim tarixiy omil bo‘ldi. “Daryo” Ikkinchi jahon urushining eng yirik harbiy amaliyoti sifatida tarixda qolgan SSSR va Yaponiya urushi haqida hikoya qiladi.

Yaponiyaning Rossiyani mag‘lubiyatga uchratishini Sharqning G‘arbni mag‘lubiyatga uchratishi sifatida baholadik. Yaponiyaning g‘alabasi biz osiyoliklarning g‘alabasi edi” – Sun Yatsen.

1945-yildagi rus-yapon urushining haqiqiy tarixi 1905-yil 5-sentabrdagi Portsmut tinchlik sulhi imzolanishiga borib taqaladi. Birinchi rus inqilobi girdobida qolib ketgan Chor Rossiyasi yaponlar bilan bo‘lgan ilk urushda mag‘lubiyatga uchrashi oqibatida rus  imperiyasi uchun sharmandali sulh bitimini imzolashga majbur bo‘ladi. Isnod esa unutilmaydi. AQSh prezidenti Teodor Ruzvelt vositachiligida Portsmut sulhi imzolandi va  natijada, Chor Rossiyasi Xitoydan ijaraga olingan Lyaodun yarimoroli va Saxalinnning janubiy qismini Yaponiyaga berishga majbur bo‘ldi.

Rossiya imperiyasining muvaffaqiyatsiz urushi imperiyaning Uzoq Sharqdagi nufuzi va ta’siriga ham darz yetkazgandi. Qo‘shimcha tarzda Yaponiyadan mag‘lubiyat rus elitasining obro‘sini ham yer qilgandi. Napaleonni mag‘lub qilgan rus elitasi yuzini yo‘qotgandi.   Yaponiya esa Uzoq Sharqning hukmdoriga aylangan Uzoq Sharqdagi daromadli – baliqchilik sohasidan tortib portlarga egalik qilish maqomiga erishgandi.

Ustiga ustak Yaponiya 1936-yilning 25-noyabr sanasida fashist Germaniyasi bilan “Antikomintern bitimi”ni imzolagan va oqibatda, Berlin-Rim-Tokio harbiy ittifoqi yuzaga kelgan edi. Bu ittifoq Yaponiyaga Tinch va Hind ummonida o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga xizmat qildi.  Keyinroq, 1938-yilda Hasan ko‘li va 1939-yildagi Xalxin Gol urushlari Yaponiya va SSSR o‘rtasida qurolli nizo tugamaganini anglatardi.

SSSRning Yaponiyaga qarshi urushga kirishi 1945-yilning 11-fevral sanasida Yaltada o‘tgan konferensiyada aniq bo‘ldi. SSSR rahbari Iosif Stalin ittifoqchilari bilan birgalikda Germaniyani taslim qilgandan ikki-uch oy Yaponiyaga qarshi jangga kirdi. Yaponiya 1945-yilning 26-iyul sanasida AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoyning taslim bo‘lish haqidagi shartlariga ko‘nmaydi.

1945-yilning 7-avgust sanasida SSSR tashqi ishlar komissari Vyacheslav Molotov yapon elchisi Sato Naotakeni huzuriga chaqirib “9-avgustdan boshlab SSSR va Yaponiya urush holatida ekanini” ma’lum qildi. 9-avgust kuni Sovet Ittifoqi Baykalorti qo‘shinlari, birinchi va ikkinchi Uzoq Sharq frontlari qo‘shinlari yordamida yaponlarga qarshi kurashga kirdi. Qo‘shinga marshal  Rodion Yakovlevich Malinovskiy boshchilik qildi.

Sovet Ittifoqi Yaponiyaning Uzoq Sharqdagi Kvantun armiyasini taslim qilish uchun 1,5 million askarlarni Ikkinchi jahon urushining so‘nggi jangiga safarbar qildi. Kvantun armiyasiga general Otodzo Yamada boshchilik qilardi. Uning qo‘l ostida bir millionga yaqin askar, 6 500 tadan ko‘proq artileriya qurollari, 1 215 dona tank va 1 907 ta harbiy uchoqlar mavjud edi.  Shunga qaramasdan Sovet Ittifoqi Yaponiyaga nisbatan ancha ustunlikka ega edi.

Sovet harbiylari sodda, ammo keng qamrovli edi. Harbiy rejaga ko‘ra, sovet qo‘shinlari 1,5 million kvadrat kilometr maydonda yapon armiyasini qurshovga olish kerak edi. Okinavadagi janglarda yaponlarning fidoyilarcha jang qilishlari inobatga olinsa Kvantun armiyasi ham SSSR qo‘shinlariga qarshi so‘nggi tomchi qon qolguncha kurashishlari shubhasiz edi. 10-avgust sanasida Mog‘uliston Xalq Respublikasi armiyasi ham Yaponiyaga qarshi urush e’lon qiladi. Sovet harbiy shtabi general Kravchenkoning tank qo‘shini yordamida o‘tish qiyin bo‘lgan Xingon tog‘lari orqali Manjuriyaga yurish boshlaydi.

12–14-avgust kunlari yapon qo‘shinlari ham qarshi hujumlarga o‘tadi, biroq sovet qo‘shinlarining zarbalari natijasida yaponlarning mudofaasi zaiflashib boradi. Sovet qo‘shinlari sekin-asta janub va janubiy sharq tomon siljishda davom etadi. Kvantun armiyasi Yala daryosi orqali Shimoliy Koreyaga chekinadi. Mazkur qo‘shin esa 20-avgustga qadar ittifoqchilarga qarshi kurash olib boradi. 19-avgust sanasida Sovet harbiylari Manjuo Goning so‘nggi imperatori Pu Ini asirga oladi. Yapon qo‘shinlari guruh-guruh bo‘lib asirga tusha boshlaydi.

Manjuriya va janubiy Saxalindagi muvaffaqiyatli yurishlar Kuril orollarining ozod qilinishida muhim bo‘ldi. 18-avgust va 1-sentabr oralig‘ida tashkil qilingan desant operatsiyasi davomida Shumshu oroliga desant qo‘shinlari tushirildi. Uzoq va keskin kechgan janglar natijasida orol garnizon qo‘shinlari taslim qilindi. Harbiy sanoat bazalaridan va piyoda qo‘shinlaridan ayrilgan Yaponiya urushni davom ettirishi mantiqsiz edi. Manjuriya, Koreya, Saxalin va Kuril orollaridagi harbiy platsdarmlarning ham qo‘ldan boy berilishi Yaponiyani kapitulyasiyani qabul qilishga majbur qildi. 1945-yilning 2-sentabr sanasida “Missuri” kemasida Yaponiya taslim bo‘lish haqidagi shartnomaga imzo chekdi.

Urush yakuniga ko‘ra, Sovet Ittifoqi ittifoqchilari oldidagi Yalta konferensiyasida kelishilgan shartlarni bajardi va Uzoq Sharqda Yaponiyani taslim qildi. Shu bilan birgalikda Portsmut sulhi natijasida Yaponiyaga o‘tkazilgan janubiy Saxalin, Port Artur, Dalniy va Kuril orollarini SSSR o‘ziga qaytarib oldi.  Sovet Ittifoqi yana bir bor Qizil Armiyaning qudratini dunyoga namoyish qilishga erishdi va Xitoy, Mo‘g‘uliston, Koreyani yapon militaristlari zulmidan ozod qildi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-08-2020, 10:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют