» » Buxoroda tadbirkorga intensiv bog‘ yaratish uchun salkam 12 gektar yer berildi. Biroq paxtani sug‘orish lozimligi aytilib, suv berilmayapti

Buxoroda tadbirkorga intensiv bog‘ yaratish uchun salkam 12 gektar yer berildi. Biroq paxtani sug‘orish lozimligi aytilib, suv berilmayapti


Buxoro viloyatida tadbirkorga intensiv bog‘ yaratish uchun salkam 12 gektar yer berildi. Biroq asosiy masala paxtani sug‘orish ekanligi aytilib, bog‘ uchun mo‘ljallangan yerni sug‘orishga suv berilmayapti. Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan tadbirkor Afzal Xoliqovning aytishicha, bog‘ uchun yer berilganiga olti oydan o‘tgan bo‘lishiga qaramay 11,62 gektar maydonini bir marta bo‘lsa-da, sug‘orishga yo‘l qo‘yilmagan. Suvsiz va begona o‘t-xashaklar qoplagan yer-maydonida esa qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yuribdi.

Buxoro viloyatining Peshku tumani “O‘zbek” mahallasida yashovchi fuqarolar 2019-yilning noyabr oyida “Daryo”ga murojaat qilib, mahalladagi bog‘ buzilib, mevali daraxtlar qo‘porib tashlanayotganini ma’lum qilgandi. Holatni izohlagan Peshku tumani hokimi Amrilla Nazarov esa mazkur bog‘dagi mevali daraxtlar kasallanganini aytib, hosildorligini yo‘qotgan daraxtlar o‘rnida yosh tadbirkor tomonidan intensiv bog‘ yaratilayotganini bildirgandi. Aynan o‘sha tadbirkor bugun muammolar girdobida.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020-yil 2-mart kuni tuman hokimi “Aloqa sifat savdo” MChJ rahbari Afzal Xoliqovga tuman hokimligi zaxira fondidan intensiv bog‘ barpo etish uchun 11,62 gektar yer maydoni ajratib bergan.

“Bu yer maydonini sug‘orishga erishib, shudgor qilib, tekislashga ulgursamgina, odamlarga bu yerda mehnat qildim, qo‘y boqma, deya olaman. Hozir ularning yo‘lini to‘sishga haqqim yo‘q. Yerni sug‘orish uchun esa olti oydan buyon kirmagan idoram, bormagan eshigim qolmadi”, — deydi Afzal Xoliqov.

Tadbirkorga 11,62 gektar maydonining 4,37 gektari ekin maydoni, 6,33 gektari mevazor, 0,92 gektari qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan mevazor tashkil qilish maqsadida ajratib berilgan. Tuman hokimi tavsiyasi bilan 200 dona shaxmat usulida ekilgan va yaroqsiz deb topilgan daraxtlarning donasiga 35 ming so‘mdan pul to‘lanib, daraxtlar qo‘porib tashlangan. May oyida ikki metr balandlikda to‘planib qolgan qumli yer maydoni lazer usulda tekislanib, sug‘orishga shaylangan.

“Afsuski, bog‘ yaratishim lozim bo‘lgan yer maydoni yonida ariq bo‘la turib, haligacha yerni sug‘orish masalasida to‘siqqa uchrab kelyapman”, — deydi tadbirkor.

Afzal Xoliqovga ko‘ra, unga tegishli yer maydonini sug‘orishga mo‘ljallangan suv yo‘li “Akrambobo-2018” fermer xo‘jaligi rahbari Asror Muyassarov tomonidan “Chayon” texnika vositasi orqali ko‘mib tashlangan. Tuman hokimligi esa mazkur holatga yechim topish o‘rniga “Fermer bilan kelish va o‘z ishingni uddala!” degan javobni beradi.

“Menga berilgan yer maydonini sug‘orishim masalasi avval yuzlab paxta maydonlarini suvga to‘yintirgandan so‘ng beriladi, degan vaj bilan chetga surib kelinmoqda. Tuman hokimi aytganidan so‘ng ‘Akrambobo-2018’ fermer xo‘jaligi rahbari bilan kelishib ishlash uchun uning yoniga bordim. Ammo u tushunishni istamadi”, — deydi Afzal Xoliqov.

Zamonaviy intensiv bog‘ yaratishni maqsad qilgan tadbirkor qishloqdoshlari ko‘magida suvsizlikdan qaqrab yotgan yerini sug‘orish uchun yillar davomida loy va qumga to‘lgan 18 metrli yerosti suv quvurini tozalagan. Fermer esa har safar ariqni yopib tashlagan.

“Negaligini so‘rasam, bu suv paxtaga deydi. Sen paxta siyosatiga qarshimisan, deya po‘pisaga o‘tadi. Qachon biz suv olamiz, yer maydoni suvsizlikdan qaqrab ketgan. Bizning suvdan foydalanishga haqqimiz bormi, yo‘qmi?” — deydi tadbirkor.

Tadbirkor va fermer o‘rtasida suv masalasidagi kelishmovchilik kuchaygan. Tadbirkor fermerga telefon orqali holatni tushuntirishga uringanda fermer uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgan. Shu boisdan ham fermer Asror Muyassarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasi (yengilroq ma’muriy jazo chorasi) bilan jarimaga ham tortilgan.

“To‘g‘ri, jahl ustida haqoratlaganimni tan olaman. Ammo sababsiz haqorat qilmaganman-da. 2020-yilning 10-iyul kuni fermer xo‘jaligimga qarashli yer maydonlarini ko‘zdan kechirib yurganimda aynan Afzal Xoliqovning yer maydonini sug‘orishga olib boradigan ariqdan paxtamga suv toshganini ko‘rdim. Hosilga kirgan paxtaning tizza bo‘yi suvda qolib ketishini tasavvur qilyapsizmi? Mehnatimga achinaman”, — deydi fermer Asror Muyassarov.

Fermerning qo‘shimcha qilishicha, u hududga suv olib keluvchi 500 metr uzunlikdagi ariqni o‘zi qayta tiklagan.

“Daryo” surishtiruvi jarayonida fermer Asror Muyassarovning o‘zboshimchaligi bilan Afzal Xoliqovga tegishli yer maydonlariga suv olib boradigan ariq yo‘lining ko‘mib tashlangan 45-50 metri Peshku tuman suv iste’molchilari uyushmasi tomonidan qayta ochildi. Biroq chala-yarim, naridan-beri, xo‘jako‘rsinga ochilgan ariqning shu qismidan suv oqib o‘tishi amrimahol.

“Mana, ko‘rib turganingizdek menga tegishli 11,62 gektar yer maydonining shundoq yo‘li bo‘yida ariq bor. Suv doim bor. Yer maydonlarimni shu ariq suvidan ham sug‘orishga haqqim bor. Lekin bundan ‘O‘zbek’ mahallasining Nurafshon qishlog‘i aholisi tomorqasini sug‘orishdan tashqari ichimlik suvi sifatida ham foydalanadi. Men ham suv olsam, ariqda suv qolmaydi. Holatni tuman mas’ullari ham juda yaxshi bilishadi”, — deydi Afzal Xoliqov.

Peshku tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Rustam Ergashevning bildirishicha, ikki oydan buyon davom etayotgan muammo “Daryo” surishtiruvi sabab Nurafshon beton arig‘i qurilishi boshlanishi bilan yechim topmoqda.

“Mazkur beton ariq 1,1 kilometr uzunlikka ega. 50 dan ortiq aholi xonadonlari hamda Mustaqillik hududidagi 15 nafar fermer xo‘jaligi dalalarini suv bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu sug‘orish tarmog‘i ‘Shofirkon maxsus pudrat’ mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilayotgan bo‘lib, 850 million so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan”, — deydi hokimlik vakili.

Afzal Xoliqovning aytishicha, u intensiv bog‘ yaratishgacha bo‘lgan vaqtda yer maydoniga takroriy ekin ekib, foydalanib turishni so‘rab tuman mutasaddilariga og‘zaki hamda yozma murojaat qilgan. Hokimga uchrashgan, suv idoralari eshigiga juda ko‘p borgan. Ammo uning murojaatiga hech kim e’tibor bermagan.

“Mening majburiyatim daraxt o‘tkazish, bog‘ yaratish. To‘g‘ri, Nurafshon beton arig‘i qurilishi boshlandi. Ammo undan nasos orqali sho‘r suv yuboriladi. Sho‘r suv bilan hosil yetishtirish mumkinmi?, — deydi tadbirkor. — Suvdan foydalanish bo‘yicha shartnoma nusxasini qo‘limga olmay turib pulini to‘ladim. Bir necha kun o‘tar-o‘tmas, mas’ullar esa shartnoma noto‘g‘riligini aytdi. Biroq haligacha to‘g‘rilangan shartnoma nusxasini berishmagan”.

Tadbirkor intensiv bog‘ yaratish uchun harakat qilayotganini, biroq muammolar sabab vaqtdan yutqazayotganini aytmoqda.

“Zamonaviy intensiv bog‘ barpo etish orqali xorij bilan shartnomalar tuzish kabi rejalarimdan umid uzyapman. Boisi ikki yillik shartnoma bilan olingan yer maydonida suv muammosi sabab biror ish bajarilmadi. Mutasaddilar esa yerdan foydalanmayapti, deb yerga egalik huquqimni bekor qilishadi. Hammasi uyushtirilyapti. Ko‘ziga yomon ko‘ringan tadbirkorni g‘ajish bu. Buni boshqacha baholay olmayman”, — deydi tadbirkor.

Peshku tuman suv iste’molchilari uyushmasi xodimi Ikrom Boboqulovning “Daryo” muxbiriga bildirishicha, tadbirkor Afzal Xoliqov haqiqatan ham suvdan foydalanmay turib pul to‘lagan. Fermer Asror Muyassarov esa tadbirkorning yer maydonlarini sug‘orishga olib boradigan ariq yo‘lini noo‘rin ko‘mgan.

“Lekin paxta — birinchi masala. Tadbirkor Afzal Xoliqovga bugun paxta ishi kuyib turgan payt senga suv bera olmaymiz, deb bir necha marta tushuntirdik. Ammo tushunishni istamayapti. 12 gektarga yaqin yer maydonini birvarakayiga sug‘orishni ko‘zlayapti. Bu esa juda katta kub suv talab qiladi. Tadbirkorga tegishli yer maydonini ko‘llatib sug‘orish kerak. Paxta maydonlari sug‘orilishi to‘xtatilgandagina uning yerlarini sug‘orishiga ruxsat beriladi. Shunga majburmiz”, — deydi Ikrom Boboqulov.

Peshku tuman hokimligi mas’uliga ko‘ra, tadbirkor Afzal Xoliqov qayta qurib, foydalanishga topshirilayotgan Nurafshon arig‘i suvidan foydalanish imkoniga ega. Undan faqatgina sho‘r suvmas, balki keyinchalik dala va tomorqa yer maydonlarini sug‘orishga mo‘ljallangan loyqa suv ham oqadi.

“Bu muammolar ikki fuqaro o‘rtasidagi shaxsiy kelishmovchilik va bir-biridan kimo‘zarga ustunlik qilishning oqibati xolos”, — deya vaziyatni izohlaydi hokimlik vakili.

“Daryo” tadbirkor muammosi qanday yechim topishini kuzatadi va o‘quvchilarni voqealar rivojidan xabardor etadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-08-2020, 12:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 82) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют