» » Xitoy O‘zbekistonga koronavirus vaksinasi sinovlarida qatnashishni taklif etmoqda

Xitoy O‘zbekistonga koronavirus vaksinasi sinovlarida qatnashishni taklif etmoqda


Xitoy Fanlar akademiyasi va “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xitoy Fanlar akademiyasi, Xalqaro fan tashkilotlari alyansi hamda “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokarada muhokama qilindi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ma’lum qilinishicha, yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Xitoy tomonidan Xalqaro Fan tashkilotlari alyansi ijrochi direktori Chingua Kao raislik qildi.

Muzokara davomida Xitoy Fanlar akademiyasi va “Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan COVID-19’ga qarshi vaksina sinovlarini amalga oshirishda hamkorlikni olib borish masalalari muhokama etildi.

Klinik sinovlardan o‘tkazish uchun taklif etilgan yangi vaksina rekombinant oqsil texnologiyasiga asosan koronavirusning retseptor bog‘lovchi oqsili domeni bo‘lagini ikki marta takrorlash (dimerizatsiya) natijasida yaratilgan. Retseptor bog‘lovchi domen barcha turdagi koronoviruslarda o‘xshash bo‘lgani uchun bu vaksina MERS, SARS va COVID-19 viruslari uchun universal ta’sirga ega. Bu vaksina Xitoy Davlat farmakopiyasining talablariga qat’iy muvofiq holda ishlab chiqilgan va xavfsizlikning yuqori darajasi bilan ajralib turishi ma’lum qilindi. Yangi vaksina olish texnologiyasi 2020-yil 6-avgustda nufuzli Cell jurnalida Xitoylik olimlar guruhi tomonidan chop etilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu vaksina klinik tadqiqotlar uchun Xitoy Milliy tibbiyot mahsulotlari administratsiyasi tomonidan 2020-yil 20-iyunida tasdiqlangan va jahonda koronavirus infeksiyasiga qarshi uchinchi vaksina hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, odamlar o‘rtasida birinchi va ikkinchi faza sinov vaksinatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va ikkinchi faza sinovlarining yakunlanishi oktabr oyida bo‘lishi kutilmoqda. Yangi vaksina uchun klinik sinovning uchinchi fazasi 2020-yilning to‘rtinchi choragida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Xitoy tomoni klinik sinovlarning uchinchi bosqichi bir qator mamlakatlarda parallel ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilganini aytib, O‘zbekistonda ham ko‘ngillilar o‘rtasida ushbu sinov jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish istagida ekanligini bildirdi. Shuningdek, vaksina sinovlarining uchinchi bosqichini Uzoq Sharq va Arab mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham o‘tkazish ehtimoli haqida ham so‘z bordi. Agar vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, sinov natijalari asosida ushbu vaksinadan O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida foydalanish mumkinligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tomonlar o‘rtasida sinov o‘tkazish bo‘yicha moliyaviy xarajatlar va sinov jarayonlarining muddatlari muhokama etildi. Muzokaralar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar ilmiy-tadqiqot markazlarida test sinovlarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilishiga kelishildi. Xitoy tomoni uchinchi bosqich sinovlarini o‘tkazishda ham metodik ham moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston tomonidan xitoylik hamkorlarning takliflari ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosa berilishiga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyining oxirida O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov va Sinopharm Group kompaniyasi rahbari Lyu Szinchjen bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda klinik sinovlarning uchinchi fazasini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi ko‘tarilgan. Sinopharm Group tarkibidan Xitoy milliy biotexnika guruhi o‘rin olgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-09-2020, 21:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 67) ( 0) ( 65) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют