» » Adliya tizimidagi xodimlar xizmat safari vaqtida kimningdir “mehmoni” bo‘lsa, o‘sha kuniyoq ishdan haydaladi — Adliya vaziri

Adliya tizimidagi xodimlar xizmat safari vaqtida kimningdir “mehmoni” bo‘lsa, o‘sha kuniyoq ishdan haydaladi — Adliya vaziri


Adliya vazirligida joriy yilning 11-sentabr kuni vazirlik, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi Korrupsiyaga qarshi kurash global loyihasi va CERT International menejment tizimlarini sertifikatlash xalqaro tashkiloti vakillari ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda adliya vaziri Ruslanbek Davletov tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun tashlangan dastlabki qadam, muammoni hal qilishdagi o‘ziga xos mexanizm to‘g‘risida gapirdi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashda yagona va aniq mexanizmga ega tizimni yaratmasdan turib, faqat quruq gaplar bilan masalani hal qilib bo‘lmaydi. Pora olgan xodimga ogohlantirish berish, tilxat yozdirib olish bilan ish bitmaydi. Korrupsiyanining kelib chiqish sabablari tahlil qilinmagunicha muammo ildiziga yetib borolmaymiz.

Uch yil oldin eng korrupsiyalashgan bo‘g‘inimiz notariuslar edi. Aholi noroziliklari juda ko‘paygan edi. Buni tahlil qilib ko‘rdik. Tan olish kerak: u yerda byurokratiya darajasi yuqoriligi, xodimlar oyliklari kamligi, faoliyatning shaffof emasligi korrupsiya o‘chog‘i paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Korrupsiyani yo‘qotish uchun shaffoflikni ta’minlashga harakat qildik, byurokratiyani kamaytirish uchun elektron hujjat almashinuviga o‘tildi, xodimlar oyligini 2-3 baravarga oshirdik, har bir notarius idorasiga qog‘oz, ruchkasigacha ta’minlab berdik. Yetarli sharoitni yaratib bermasdan turib shaffoflikni, korrupsiyaga toqatsizlik hissini shakllantirish imkonsiz.

Adliya tizimida kadrlarni ishga olishda tanlov tizimi yo‘lga qo‘yildi. Kimni ishga olishni komissiya hal qiladi. Savollarni berishda bilet tizimiga o‘tildi, komissiya a’zosi oldindan kelishilgan savolni bera olmaydi, ya’ni alohida algoritm ishlab chiqildi. Notariat tizimida shu yondashuv orqali kadrlarni ishga olganimizda ularning faoliyati yuzasidan bironta shikoyat tushmadi”, dedi Davletov.

Adliya vazirining ta’kidlashicha, Toshkentdan xizmat safari tufayli viloyatlarga borgan vazirlik xodimini mehmon qilish ham korrupsiyaga yo‘l ochadi.

“O‘zbekchilik haqida ko‘p gapiramiz. Ammo buni ko‘p holatlarda tanqidiy ma’noda ishlatib, madaniyatimizning ayrim jihatlariga, odamlar orasidagi shaxsiy munosabatlarga, rivojlanishimizga to‘siq bo‘layotgandek tanqidiy nazar bilan qaraymiz. Bu bejiz emas, nazarimda. Chunki odamlarning bir-biriga yaqinligi, shaxsiy munosabatlar, to‘ylardagi bordi-keldi, tug‘ilgan kunlardagi qadriyatlar, tabriklar... Bu narsalar shubhasiz korrupsiyaga moyillikni oshiradi.

Masalan, xodimlarimiz xizmat safari bilan biror hududga borishsa, Toshkentdan mehmonlar kelishibdi, deb dasturxon yozishadi. Dasturxonning ham har xili bor. Bu ham kerak bo‘lsa korrupsiya. O‘zining qarindoshlariga, do‘st-birodarlariga dasturxon yozsin, vazirlik xodimini mehmon qilishning nima keragi bor? Madaniyatimiz, “Bir piyola choy qo‘ya olmaymizmi endi?”, degan gap bilan ham biz qandaydir shaklda korrupsiyaga yo‘l ochib beryapmiz.

Kimdir primitiv deyishi mumkin, lekin adliya tizimidagi xodimlar xizmat safari vaqtida o‘sha joydagi xodimlar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirishi taqiqlanadi, qat’iy taqiqlanadi. Shunday holat yuz bersa, ular shu kunning o‘zida ishdan haydaladi.

Shuningdek, xodim xizmat safari davomida ish yuzasidan qiladigan xarajatlarini yuz foiz naqdsiz shaklda to‘lashi kerak. Shunday kichik jihatlargacha e’tibor berish va natijada qadriyatlar shakllantirish orqali korrupsiya holatlarining oldini olish mumkin”, dedi u.

Mavzuga doir: Adliya vaziri: “Korrupsiya sabab davlat kimnidir o‘ldirishini bugungi XXI asrda qabul qilolmayman”

Adliya vaziri: Harom-halol tushunchasi korrupsiyaga kelganda ishlamay qoladi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-09-2020, 22:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 73) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют