» » “Bu yerda homiladorlar ham bor, ular qayerda tug‘adi, yerdami?”. Samara yaqinidagi lagerda yashayotgan 4,5 ming o‘zbekistonlik muhojir haqida

“Bu yerda homiladorlar ham bor, ular qayerda tug‘adi, yerdami?”. Samara yaqinidagi lagerda yashayotgan 4,5 ming o‘zbekistonlik muhojir haqida


Rossiyaning Samara viloyatidagi Kinel shahridan uch kilometr narida o‘z vataniga qaytishni istagan O‘zbekiston fuqarolari uchun vaqtinchalik palatkali lager qad rostlaganiga bir necha oy bo‘lmoqda. Karantin choralari Rossiyadan chiqishning barcha imkoniyatlarini yopib qo‘ydi. Endilikda odamlar Kineldan Toshkentgacha biror joyda to‘xtamasdan harakatlanuvchi poyezd orqali olib kelinmoqda.

9-sentabr holatiga ko‘ra, lagerdan yetti mingga yaqin odam olib ketilgan. Bu haqda viloyat administratsiyasiga tayanib, “Novaya gazeta” xabar berdi. Ketganlar joyiga har kuni o‘rtacha 100-150 nafar yangi muhojirlar kelmoqda.

Bu holat mart oyidayoq Rossiya koronavirus pandemiyasi sabab chegaralarni yopganidan so‘ng boshlangan edi. Muhojirlar uchun mo‘ljallangan birinchi lager Mashtakov tumanida (Orenburg viloyati) paydo bo‘lgandi: Rossiya—Qozog‘iston chegarasidagi avtomobil punktida. Tezda tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, aynan shu yerdan yopiq Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetib olish mumkin bo‘lgan. Shu sabab butun Rossiyadagi o‘zbeklar pasportlari bilan Mashtakovga oqib kela boshladi.

“O‘zbekiston davlat raqamlari tushirilgan mashinalarda kela boshlashdi. Avvaliga ularga hech kim jiddiy e’tibor qaratmadi, mashinalar shunchaki dalalarda turardi. Odamlar esa oqib kela boshladi, axir bu yerda asosiy tranzit yo‘l bor. O‘zbeklar, qozoqlar va qirg‘izlar uchun bu Rossiya chegarasining tarixda birinchi bor yopilishi, tushunyapsizmi? Ko‘pchilik shunchaki mo‘ljalni ola bilmadi. Dastlab 20 ta, keyin 30 ta mashina to‘plandi, sutka davomida ularning soni 200 taga yetdi. O‘zbekiston yo‘llarni och, biz bu yerda qolib ketdik, deya talab qila boshlashdi. Odamlar borgan sari ko‘payib ketdi. Biror chora ko‘rish kerak edi”, — deydi Mahalliy o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi kengashi kotibi Yodgor Usmonov.

Shundan keyin muhojirlarni avtobuslarda Kinel tumaniga olib kelishdi. Samara viloyati administratsiyasi bu yerda mintaqaviy budjet mablag‘lari hisobidan vaqtinchalik lager qurdi. Chunki Kinel — Janubiy Uralga kesishgan Kuybishevsk temiryo‘liga tutashuvchi yirik stansiya hisoblanadi. Bu yer muhojirlarni O‘zbekistonga yuboradigan joyga aylandi. Samaradan lagerga qadar qariyb ikki soatlik yo‘l.

“Rossiyada karantin cheklovlari bekor qilindi, ularning bu yerda ishi bor, biroq ishni tashlab uylariga qaytishmoqchi. 30 mingga yaqin odam o‘rtakashlarga qo‘shimcha pul berib bo‘lsa ham ketishga tayyor. Uyga borishingiz bilan karantinda o‘tirasizlar, deyapman. Uyda bizni kutishyapti, qarindoshlarga yaqinroq bo‘lish tinchroq, deyishmoqda. Axir xalqimiz oilaparvar. Bobosi ‘kel’ desa, muhokama qilinmaydi. Bu yerda qolishdan qo‘rishyapti, hamma vahimada”, — deydi Yodgor Usmonov.

Bunga qadar vataniga faqat shaxsiy rejalari va ishlab topgan pullariga qarab borishgan. Karantin odatdagi rejalarni buzib yubordi.

Lagerga kiraverishda mashinalar karvoniga duch kelish mumkin: ayrimlari avtoturargohda (aftidan anchadan buyon harakatsiz turibdi), boshqalari yo‘lovchilarni tashlab, ortiga qaytmoqda. Oilaviy kelayotganlar bor — bo‘xcha, safar qutisi, chamadonlar bilan. Moskva, Piter, Samara avtomobil raqamlari ko‘proq. Albatta, o‘zbek raqamlarini, yana Ryazan, Orenburg, Volgograd va hatto Kareliyanikini ham ko‘rish mumkin. Aytishlaricha, odamlar uyiga qaytish uchun o‘z avtomobillarini hatto trassaning o‘ziga tashlab ketmoqda.

Odamlar yomg‘ir yog‘ayotgan paytda yo‘ldan tik nishab bo‘ylab qutilar, shishalar, paketlar va boshqa axlatlardan o‘tib, tushib kelyapti. Keyin esa loy yo‘l bo‘ylab 500 metr yurish kerak. Lager biydek dalada ko‘tarilgan. Viloyat rahbariyati lagerga 50 ta katta palatka (chodir) ajratgan, qolgan 80 tasini o‘zbeklar o‘zi sotib olgan.

Yomg‘ir tinimsiz yog‘ayotganiga qaramay, ko‘chada odamlar ko‘p — ro‘yxatga yozilib qo‘yish uchun borishmoqda. Lagerning o‘zi odamning hafsalasini pir qiladi. Ayrim joylarda o‘chib qolgan gulxanlarni ko‘rish mumkin. Aytishlaricha, bu yerda issiq ovqat faqat olovda pishirilmoqda, shunda ham yomg‘ir yog‘maganida. Shu sababli bir chetda yotgan qozondagi osh oxirigacha pishmay qolib ketgan. “Shiyponlar yo‘q, pishirish qiyin”, — deydi qozon egasi. Non, tarvuz-qovun joylashgan peshtaxtalar yomg‘irdan plyonka bilan yopilgan — bu xuddi mahalliy do‘konga o‘xshaydi. Lagerdan eng yaqin qishloqqacha 1,5 kilometrlik yo‘l. Shunday qilib uyga jo‘natishga mo‘ljallangan pullar sekin-asta sarflanmoqda. Chiqindi juda ko‘p. Ularni qancha vaqt oralig‘ida olib ketishayotganini hech kim aniq ayta olmaydi. Lager qo‘riqlanmoqda: kirish yo‘lini YPX avtomobili to‘sib qo‘ygan, uning hududida politsiyachilar va “Rosgvardiya” xodimlarini uchratish mumkin, lagerdan tashqarida esa FVV mashinalari ko‘zga tashlanmoqda.

Elektr energiyasi ta’minoti bilan ham qiziqib ko‘rdik:

—Yo‘q, faqat simyog‘ochlardagi projektorlar bor. Yana fonarlar ham.

—Demak, ovqatni o‘choqda pishiryapsizlar?

—Yo‘q, sotib olsa ham bo‘ladi. Nega buni so‘rayapsiz? (bu kabi savollarni bizga muntazam berishdi).

—Telefonlarni qanday qilib quvvatlantiryapsizlar?

—Huv, anavi yerda “dvijok” bor (qo‘li bilan ko‘rsatadi), pulga quvvatlantirish mumkin, bitta telefonni — 50 rublga.

—Navbat bo‘lsa kerak?

—Yo‘q, bu kabi “dvijok”lardan 7-8 ta bor, navbat yo‘q.

O‘zini Navruzjon deya tanishtirgan 27 yoshli yigit ushbu palatkani bir ayol unga tashlab ketganini, u uylanish uchun tezroq uyiga qaytmoqchiligini aytadi. Telefonlarni quvvatlantirish uchun narxni kim belgilagani va kim pul yig‘ib olayotgani to‘g‘risidagi savollarga esa javob berishni istamaydi. Yelkasini qisganicha nari ketadi. Qolganlar ham xuddi uningdek. Mahalliy hukumat haqida gap ketadigan bo‘lsa, birvarakayiga maqtashga tushishadi: bizni bu yerda xafa qilishmayapti, aksincha yordam berishmoqda, ichimlik suvi olib kelishyapti, hojatxonalar va hammom qurib berishdi.

Lagerda deyarli hech kimda niqob uchratmaysiz. Bu yerdagi odamlar kun davomida nima ish bilan shug‘ullanayotganiga qiziqaman. Chamasi, ellik yoshlardagi badjahl erkak keskin javob qaytaradi: kutyapmiz. Uning yonida yomg‘irpo‘shda turgan yigit esa qo‘shimcha qiladi: navbatga turyapmiz, bu ro‘yxatlar juda qiynab yubordi. Keyin esa o‘zining ona tilida nimalardir deb, raqamini bilish uchun odamlar orasiga qo‘shilib ketdi. Bizga tushuntirishlaricha, ro‘yxat kimlar ketishini belgilab beradi. Tartib raqami bu — xuddi uyga ketish uchun chiptadek. Lagerga kelasan, ro‘yxatdan o‘tasan va orzu qilgan raqamingni olasan. Poyezdlarning qancha vaqt oralig‘ida qatnayotganini bilgan holda taxminan qachon jo‘nab ketishingni hisoblab olaverasan.

Qishki qalpoq kiyib olgan erkakka yuzlanaman:

—Raqamingiz necha?

—Uch ming nechadir ham.

Yana bir necha kishi keladi. Suhbatga qo‘shiladi. Ayrimlari o‘zini tanishtiradi, qolganlar buni xohlamaydi.

—Men 3-sentabr kuni kelganman. Bizni yozib olishgan, biroq navbatimiz nechaligini hali aytishmadi.

—Ismim Sanjar. Bizni shunchaki ro‘yxatdan o‘tkazishdi, tamom. Boshqa hech nimani bilmaymiz. 29-avgust kuni kelganmiz, bugun 9-sentabr, raqam hali yo‘q.

—Men Moskvada ishlardim. Yana Moskvaga qaytaman. Bu yerdan sovuq tushmasidan ketib bo‘lmaydi, — deydi tilla tishli erkak.

—Ro‘yxat qilib yurgan bir ayol bor edi. Biz 29-avgustda kelganmiz, 4-sentabrda bizni navbatga qo‘yishdi? Axir bu qanaqasi?

Yodgorning so‘zlariga ko‘ra, lagerdan tezda ketish imkonsiz. Bu yerda 30 ming uchun “o‘z odamini” navbatsiz ro‘yxatga tiqayotgan fuqarolar paydo bo‘lmoqda (lagerda ularni olibsotarlar deyishmoqda). Tez-tez o‘zini qaysidir davlat tizimida ishlaydigan deb tanishtirib, o‘zlarining ro‘yxatini shakllantirishga urinadigan odamlar ham paydo bo‘lmoqda.

Bizning tashrifimiz arafasida olomon shu kabi ayollardan birining mashinasini pachoqlashga urindi.

Ayol o‘zini qandaydir Butunrossiya kongressi vakili sifatida tanishtirgan va Samara rasmiylari aynan unga o‘z vataniga ketuvchilar ro‘yxatini tuzishni topshirganini ta’kidlagan. Ayolning uydirmasi o‘xshamagan ko‘rinadi, u lagerdan qochib ketishga majbur bo‘ldi.

“Aslida ro‘yxatni konsullik shakllantirilishi kerak (O‘zbekistonning Volga federal okrugidagi bosh konsulligi). Biroq ulardan hech kim kelmayapti, shu sababli lager administratsiyasi bu ish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lyapti. Albatta, bu kabi mas’uliyatni hech kim zimmasiga olishni istamaydi va yuridik jihatdan ham bu noto‘g‘ri. Gap boshqa pasportga ega xorij fuqarolari haqida ketmoqda axir. Shu sababli biz mutlaqo qarshi edik. Bu konsullikning ishi”, — deydi viloyat administratsiyada ishlovchi manbalardan biri.

Yodgor Usmonov esa ro‘yxatdan joy sotayotgan firibgarlar va vakolatsiz vakillardan qutulish lozimligi haqida gapiradi. “Men konsullik bilan gaplashdim va gap aynan olibsotarlarga borib taqaldi. Lagerda o‘zbeklar orasida ularning firibgarlar bilan aloqada ekanliklari to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqalganini aytdim. Menga quyidagicha javob qaytarishdi: yo‘q, bizning olibsotarlarga hech qanday aloqamiz yo‘q. Bu yerda hammasini mahalliy hukumat hal qiladi. Biroq lagerdagilar O‘zbekiston fuqarosi-ku, tomonlar o‘z fuqarolari haqida qayg‘urishi kerak-ku — yuridik va insoniylik jihatdan. O‘zbeklar sabrli xalq, faqat firibgarlar va navbatlar sabab janjal qilmoqda”, — deydi Usmonov.

Lagerga kelgan kunimiz 4,5 mingga yaqin odam bor edi. Muhojirlarning aytishicha esa ular 6 mingga yaqin. Viloyat administratsiyasidan bo‘lgan amaldor tezkor rejimda biz bilan gaplashishni istamay, guberniya rahbariyatining matbuot markaziga murojaat qilishimizni aytdi. Lagerda mehnatga layoqatli erkaklardan tashqari, kasallar va qariyalar, homilador ayollar bor — ularning soni kam emas. Avvaliga ularni birinchi navbatda uylariga jo‘natishayotgan edi, endi esa odamlarga bu yoqmayapti — kutishdan charchashgan.

Lagerdagi bolalar sonini so‘rayman.

—Ana bolalar, ko‘ryapsizmi?

Erkak palatkani ko‘rsatib, uning ichidagilarga tushuntiryapti: bular Moskvadan kelgan jurnalistlar, ko‘rishsin. Palatkada emizikli bolasini ko‘targan ayol bor ekan, bola bir yoshda. Atrofda esa o‘tirish uchun ko‘rpalar, burchakda buyumlar solingan safar xaltalari, kirish oldida  oyoq kiyimlarning uzun qatori. Palatka shuncha odamni sig‘dira olishiga ishonish qiyin.

—Bu yerda necha kishi yashayapsizlar?

—10 kishi, buvim 68 yoshdalar. Dafn marosimiga kelgan edi, qolib ketdi. U O‘zbekiston fuqarosi. Raisa esa (kampirning ismi) bizga negadir minnatdorlik bildirdi: “Rahmat sizlarga, biz ketsak bo‘lgani, shuni yozinglar, rahmat sizlarga”. Bu gaplarni eshitib turgan 30 yoshlardagi erkak suhbatga aralashadi: “Oyning 1-sanasida kelgandik, ayolimning tobi qochib qoldi — umurtqa churrasi, faqat yotibdi. Uyga borishimiz, kasalxonaga uchrashimiz kerak. Qachon ketamiz?”, deydi.

Bunga javob berishga ojizmiz. Milliy libosdagi ayolining qo‘lidan tutgan kurtkadagi yosh erkak o‘zini Davlat deya tanishtiradi. U ruschani yaxshi gapirarkan va tez-tez sheriklarining gapini tarjima qilib berib turdi.

—Bir haftadan buyon shu yerdamiz, yaxshiyam bolalar yo‘q. Qolganlar esa bir oydan beri o‘tiribdi.

—Nima deyishyapti, qachon olib ketishar ekan?

—Noma’lum. Aytishlaricha, ertaga poyezd bo‘larkan, ammo bu aniq emas. Baribir biz unga ilinmaymiz. Biz hali ancha kutamiz. Navbat bo‘yicha qaraladigan bo‘lsa, yana bir hafta. Bu yerda olti ming odam bor.

Lager haqida Davlatga bu yerga ertaroq kelgan tanishlari aytgan ekan. Uni chaqirib, joy ham band qilib qo‘yishgan. Bu yerdagi ko‘pchilik shunday qiladi. Lagerning o‘zida ular viloyati, shevasi va qarindoshligiga qarab birlashgan. “Aynan hozir ketish shartmi?” deb so‘rayman. Shu payt odamlar atrofimizda to‘planib, hammasi o‘zining sababini aytishga kirishadi:

O‘zini Nodir deya tanishtirgan yetmish yoshli erkak yozishimizni iltimos qildi: poyezd juda kerak — samolyotga chiqa olmaymiz, pullarimiz ham tugagan.

“Tashrifingizdan oldin Toshkent—Samara yo‘nalishi bo‘yicha qatnov qayta yo‘lga qo‘yildi. ‘O‘zbekiston havo yo‘llari’ hozircha haftasiga bir marotaba qatnamoqda. Chiptalar sotilayotganini eshitgan odamlar uning ofisiga borib, 24 mingdan sotib olishdi. Keyin esa odamlar yog‘ilib kela boshladi: navbat, janjal. Ertasi kuni chiptalar 45 mingga chiqib ketibdi. Balki, bu olibsotarlarning ishidir: lagerda ketish ishtiyoqida bo‘lganlarning ko‘pligini ko‘rib, narxlarni ko‘tarib yuborishgan bo‘lsa kerak”, — deydi o‘zbek jamoat tashkiloti vakillaridan biri.

Bundan tashqari, lagerda turli mish-mishlar urchigan. Ulardan eng mashhuri — deportatsiya haqida: Kinelda poyezdga o‘tirganlar noqonuniy ravishda ketgan hisoblanar ekan. Va ular besh yil Rossiya hududiga kira olmas emish. Odamlar bir-biridan buning rost yoki yolg‘onligini so‘ramoqda.

Sentabr oxiriga qadar O‘zbekistonga to‘rtta poyezd jo‘nashi ma’lum. Ularning har biriga 860 nafardan 920 kishigacha sig‘adi. Oy oxirigacha hammani olib ketib bo‘lmasligini hisoblash qiyin emas.

Shuningdek, lagerga muntazam ravishda yangi odamlar kelmoqda. Bu esa sovuq tushishi bilan ularni ko‘chirish kerakligini anglatadi. Qayerga?

Mavzuga doir: Biydek dalada: o‘zbekistonlik minglab migrantlar Rossiya—Qozog‘iston chegarasida qolib ketayotgani haqida

Eslatib o‘tamiz, Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun 28-avgustdan boshlab Yekaterinburg, Rostov-Don, Novosibirsk va Samaraga har hafta poyezd jo‘natilishi haqida xabar berilgandi. Hozirga qadar Rostov-Dondan 11-avgustda 900 dan ortiq, 13-avgustda 918 nafar, 23-avgust 927 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan. 8-sentabr kuni O‘zbekistonning yana 940 ga yaqin fuqarosi Rostov-Dondan poyezdda Toshkentga keltirilishi, yaqin orada yana 3 mingga yaqin o‘zbekistonlikni vatanga jo‘natish rejalashtirilgani to‘g‘risida ma’lum bo‘lgandi.

Bunga qadar Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridan 927 nafar, Samara viloyatidan 918 nafar o‘zbekistonlik poyezd orqali mamlakatga olib kelingan. 9-avgustda Rossiyadan poyezdda olib kelingan 918 nafar o‘zbekistonlik Namangandagi karantin zonasiga joylashtirilgan. Shuningdek, shu kuni boshqa bir poyezd Samaradan Samarqandga o‘zbekistonliklarni olib kelgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-09-2020, 09:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 74) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют