O‘zbekistonda 20-sentabr kuni 648 kishida koronavirus aniqlandi. COVID-19 qurbonlari soni 450 nafarga yetdi
O‘zbekistonda 19-sentabr soat 23:00 dan 20-sentabr soat 23:00 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 648 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 10 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ketma-ket uchinchi kun kasallanganlar soni 600 nafardan yuqori bo‘lmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 51640 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,25 foizi 20-sentabrga to‘g‘ri keldi.
Yangi kasallangan 648 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:
Kun davomida 9 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 13 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.
Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 53 yoshli S.M. ismli erkak vafot etgan.
Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida yashagan 57 yoshli R.E. ismli erkak vafot etgan.
Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 63 yoshli M.A. ismli ayol vafot etgan.
To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 61 yoshli R.R. ismli erkak vafot etgan.
Beshinchi o‘lim. Toshkent shahrida 77 yoshli R.Sh. ismli ayol vafot etgan.
Shuningdek, 20-sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev kuni 56 yoshida vafot etdi.
Iyulda O‘ktam Barnoyev koronavirusga chalingani, u Toshkentdagi Akfa Medline xususiy klinikasida davolanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
UZ24’ning hukumatga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, Barnoyevda koronavirusdan so‘ng insult kuzatilgan, shundan keyin u davolanish va bosh miyasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Germaniyaga olib ketilgan va o‘sha yerda vafot etgan.
O‘ktam Barnoyev qachon Germaniyaga olib ketilgani noma’lum. Ammo 16-avgust kuni Telegram’dagi AviaSpotter kanali Germaniyaning Nyurnberg shahridan Toshkentga bemorlarni tashish uchun kerakli jihozlar o‘rnatilgan Bombardier Challenger 604 samolyoti kelgani haqida xabar bergandi.
Bosh vazir o‘rinbosari aynan shu samolyotda Germaniyaga olib borilganmi yoki yo‘q, bunisi noma’lum.
O‘ktam Barnoyev Germaniyada vafot etgan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi uni Toshkent shahrida vafot etganlar ro‘yxatiga qo‘shdi. “Daryo” nashri O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlarning hisobini yuritib kelmoqda. O‘ktam Barnoyev O‘zbekistonda vafot etmagani uchun “Daryo” uni koronavirus qurbonlari safiga kiritmaslikka qaror qildi.
Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 433 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 450 nafarni tashkil etmoqda.
SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:
Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan. 16-sentabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov 44 yoshda vafot etdi. “Daryo” manbalari uning koronavirusdan davolanayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3275 nafar bemordan 557 nafari og‘ir, 245 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
20-sentabr kuni O‘zbekistonning 9 ta hududida 661 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu so‘nggi 23 kun ichida eng ko‘p bemor sog‘aygan kun bo‘ldi. Shuningdek, sentabr oyida yettinchi marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan ortiq bo‘ldi.
Yangi tuzalganlarning
Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.
Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.
Hozirda kasallik qayd etilgan jami 51 640 nafar bemordan 47 932 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 92,8 foizni tashkil etmoqda. 5—9-sentabr kunlari davolanish ko‘rsatkichi pandemiya davrida ilk marta 94 foizga chiqqandi.
Xabar to‘ldirilmoqda
Manba: Daryo.uz