» » Bosh prokuratura: Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Bosh prokuratura: Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan


2013-yil 24-oktyabrda Terra Group MChJ, Prime Media MChJ, Gamma Promotion MChJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi ma’lum qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova, 1972-yil 8-iyulda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, Siyosiy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida ishlagan, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Y. G‘ulomov ko‘chasi, 77“a”-uyda ro‘yxatda turgan, 2001—2012-yillarda N. Sodikov, 2013-yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar R. Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelganligi aniqlangan.

Jumladan, G. Karimovaning nazorati ostida va ko‘magida uyushgan jinoiy guruh a’zolari 2001—2013-yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:

— fuqarolar va tadbirkorlarning 54,1 milliard so‘mlik pul mablag‘lari, aksiyalari, ulushlari va mulkiy obyektlarini tovlamachilik yo‘li bilan egallash (G. Gaibnazarovning “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ va “Angren-sement” MChJdagi 4,1 milliard so‘mlik aksiyalari, 4 million AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, 17,3 milliard so‘mlik 2 ta kvartirasi, 4 uy-joyi (hovli) va 8 ta avtomashinasi, Sh. Ahmedovning KOLORPAK va “Nashriyot uyi tasvir” MChJdagi 1,9 milliard so‘mlik ulushi va boshqalar);

— turli korxonalardagi davlatga tegishli aksiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy obyektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 milliard so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (“O‘zdunrobita” QKdagi 131,9 milliard so‘mlik (49%), “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD” MChJ shaklidagi QKdagi 14,6 milliard so‘mlik (67,1%), Rubicon Wireless Communication MChJ shaklidagi QKdagi 9,6 milliard so‘mlik (30%) davlat ulushi, 20,4 milliard so‘mlik 50 ta ko‘chmas mulk obyektlari va boshqalar);

— daromadlarni (1 trillion 570,3 milliard so‘m), ko‘rsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 milliard so‘m) kamaytirib ko‘rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo‘llash (266,2 milliard so‘m), tekinga xizmat ko‘rsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yo‘llar bilan (994,3 million so‘m) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trillion 91,4 milliard so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;

— jinoiy javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish va ularni yashirish.

Ushbu epizodlar bo‘yicha Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e’lon qilingan.

Gulnora Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodikov, R.Madumarov, Sh. Sabirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015-yil 21-avgustdagi hukmi bilan Gulnora Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, Gulnora Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qo‘yidagi jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda:

— davlat organlari vakolatlarini asossiz o‘zlashtirgan holda, radiochastota resurslari va yer uchastkalarini noqonuniy realizatsiya qilishda firibgarlik (595 million AQSh dollor yoki 866,7 milliard so‘m), xizmatlarga haq to‘lashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qo‘shimcha to‘lovlarni asossiz undirish (390 milliard so‘m) yo‘li bilan o‘zganing 1 trillion 256,7 milliard so‘mlik mol-mulkini egallash;

— turli shaxslarning manfaatlarini “ilgari surish” uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo‘naklar” olish (869,3 million AQSh dollar va 29 million yevro), radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish (520 million AQSh dollor), ulushlarni sotish va dividendlarni to‘lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish (439,6 million AQSh dollar), naqd pul mablag‘larini noqonuniy olib chiqib ketish (98 million AQSh dollar), naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilmaslik (11,2 million AQSh dollar), eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik (4,6 million AQSh dollar), tovarlarni sun’iy oshirilgan narxlarda import qilish (129,7 ming AQSh dollar va 45,8 ming yevro) yo‘li bilan 1 milliard 942,8 million AQSh dollar va 29,1 million yevro miqdoridagi xorijiy valyutani yashirish;

— deklaratsiyalarda import qilingan tovarlar miqdorini to‘liq ko‘rsatmaslik va ularning narxini kamaytirib ko‘rsatish (386,3 milliard so‘m), olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish (98 million  AQSh dollar yoki 209,4 milliard so‘m), eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib ko‘rsatish (11,9 milliard so‘m) yo‘li bilan jami 607,6 milliard so‘mga bojxona qonunchiligini buzish;

— tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassatsiya qilmaslik (294,9 milliard so‘m), pul mablag‘larini noqonuniy naqdlashtirish (278 milliard so‘m) yo‘li bilan jami 572,9 milliard so‘mga savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;

— hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish;

— turar va noturar obyektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar o‘rtasida soxta kontraktlar bo‘yicha pul o‘tkazmalarini amalga oshirish yo‘li bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.

Ushbu holatlar bo‘yicha G. Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Karimovaga ayblov ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruh a’zolari, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 14 ta firma va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari asosida e’lon qilingan.

Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 million so‘m, 1 mlrd. 651,8 million AQSh dollar, 26,1 million yevro (milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 million so‘m)ni tashkil etadi.

Tergov materiallari bo‘yicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 million AQSh dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangan, shu jumladan:

Shveysariyada — 777,8 million AQSh dollar miqdorida pul mablag‘lari va Koloni shahrida narxi 18,5 million frank bo‘lgan ko‘chmas mulk (villa);

Shvetsiyada — 30 million AQSh dollar miqdorida pul mablag‘lari;

Buyuk Britaniyada — 4,2 million funt miqdorida pul mablag‘lari, London shahrida umumiy narxi 22,9 million funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;

Fransiyaning Parij shahrida — kvartiralar va Shato de Grussi qasri, Santrope shahrida — villa (umumiy narxi 52,5 million yevro);

Latviyada — 16,5 million AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 million yevro bo‘lgan ko‘ngilochar markaz;

Irlandiyada — 300 million AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar;

Malta orolida — narxi 48,8 million AQSh dollar bo‘lgan samolyot;

Germaniyada — 2 million yevro miqdoridagi pul mablag‘lari;

Ispaniyada — 82 ming AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari;

Rossiyada — 6 million AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari, umumiy narxi 2 million AQSh dollar bo‘lgan Moskva shahri “Kamelot” turar joy kompleksidagi “pentxaus”, “Rublyovka” massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi;

Gonkongda — 67 million AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari, The Arch osmono‘par binosida narxi 15 million AQSh dollar bo‘lgan “pentxaus”;

Birlashgan Arab Amirligida — 32 million AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari, 31,5 million AQSh dollar miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 million AQSh dollar bo‘lgan “pentxaus”, 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.

Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgan.

Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.

“Daryo”ning YouTube’dagi rasmiy sahifasiga obuna bo‘ling

Опубликовано: admin (28-07-2017, 11:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 60) ( 0) ( 59) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют