Superliga. Amaldagi chempion “Lokomotiv” 2-turdayoq ochko yo‘qotdi. “Nasaf” esa irodali g‘alabaga erishdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2-turiga kelib mamlakatning so‘nggi ikki yillikdagi chempioni “Lokomotiv” 2 ochko boy berdi.
“Temiryo‘lchilar” o‘z maydonida “Metallurg”ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi. 12-mart kuni bo‘lib o‘tadigan Chempionlar Ligasining 4-turiga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Lokomotiv” bosh murabbiylari asosiy tarkibning bir qator futbolchilarini maydonga chiqarmadi. Shu kuni Ignatiy Nesterov, Ikrom Aliboyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Sanjar Shoahmedov kabi futbolchilar o‘yinga qo‘yilmadi. Shuhrat Muhammadiyev, Sardor Mirzayev va Marat Bikmayev esa zaxiradan uchrashuvga qo‘shildi, biroq bu “Loko”ni ochko yo‘qotishdan saqlab qola olmadi.
“Lokomotiv” ilk turni Navoiyda o‘tkazib, “Qizilqum” ustidan 3:0 hisobida zafar quchgandi. “Metallurg” esa o‘z uyida “Navbahor”ni yenga olmagandi — 0:0.
12-mart kuni “Lokomotiv” Chempionlar Ligasi doirasida Qatarning “Al-Duhayl” klubini qabul qiladi. Tomonlarning Dohada kechgan ilk o‘yinida “temiryo‘lchilar” 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Ayni vaqtda jamoa 3 ochko bilan guruhda uchinchi bo‘lib turibdi.
Superliga 2-turining yana bir o‘yinida Qarshining “Nasaf” klubi “Buxoro”ni taslim qildi. Buxorolik futbolchilar 1-turda qo‘qonliklardan minimal hisobda ustun kelgan bo‘lsa, “Nasaf” Farg‘onada “Neftchi”ni mag‘lub eta olmagandi. Tomonlarning o‘zaro o‘yinida Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari 3:1 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
“Nasaf” Chempionlar Ligasining 4-turini 13-mart kuni Qatarda “As-Sadd”ga qarshi o‘tkazadi. Birinchi o‘yinda “ajdarlar” Aziz G‘aniyevning goli bilan 1:0 hisobida ustun kelgandi.
O‘zbekiston Superligasi
2-tur bellashuvlari
9-mart, juma
Gollar: San’at Shixov, 18 (0:1). Aziz G‘aniyev, 34 (1:1). Bobur Abduxoliqov, 47 (2:1). Slavko Lukich, 93+ (3:1).
Gollar: Diyor Turopov, 8 (1:0). Pavel Purishkin, 76 (1:1).
Chetlatish: Diyor Turopov, 90 (L).
10-mart, shanba
“Bunyodkor” — “Paxtakor” 17:30
“So‘g‘diyona” — “Neftchi” 20:00
Manba: Daryo.uz
Добавить комментарий!
