» » O‘zbekistonda 7 mingdan ortiq vrach yetishmayotganligi ma’lum qilindi 

O‘zbekistonda 7 mingdan ortiq vrach yetishmayotganligi ma’lum qilindi 


Parlament quyi palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash holati: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yil 16—26-fevral kunlari deputatlar hududlarda bo‘lib, joylarda fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati bilan tanishdi. Mavjud muammolarni hal etish choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 144 tibbiyot muassasasining faoliyati joyida o‘rganildi hamda bemorlar va tibbiyot xodimlari bilan bevosita suhbatlar o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha ko‘tarilgan 368 masaladan 189 tasi joyida hal etildi.

O‘rganishlar jarayonida tibbiyot xodimlarini qiynab kelayotgan bir necha muammolar borligi aniqlandi. Masalan, tibbiyot xodimlari malaka oshirishga va qayta tayyorlashdan o‘tishga borgan vaqtda yo‘lkira va yashash xarajatlari bo‘yicha muammolarga duch kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 166-moddasida ish beruvchi va mehnat jamoasi manfaatlariga doir vazifalarni bajarish (malaka oshirish, ratsionalizatorlik takliflarini joriy etishda qatnashish, xizmat safarida bo‘lish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va boshqa hollarda) maqsadida xodimni ishdan ozod etish shartlari, shuningdek, ana shu davr uchun to‘lanadigan kafolatli to‘lovlar miqdori jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yilgan. Bu to‘lov miqdori o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmasligi kerakligi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-apreldagi “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida asosiy ishidan ajralgan holda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish kurslariga yuborilgan tinglovchilarning butun o‘qish davrida asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qolishi hamda asosiy ishidan ajralgan holda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish kurslariga yuborilgan boshqa shaharlik tinglovchilar uchun o‘qish joyiga bir marta kelish va ketish, yashash xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuboruvchi tomon hisobiga qoplanishi belgilangan.

Deputatlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillarga ko‘ra, ba’zi hududlarda asosiy ishidan ajralgan holda malaka oshirayotgan tibbiyot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi, shuningdek, boshqa shaharga borganda yo‘lkira va yashash xarajatlari belgilangan tartibda ish beruvchi tomonidan qoplanishi bilan bog‘liq talablar ijrosi ta’minlanmayotgani aniqlangan.

Misol uchun, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limi mudiri Bahrom Xolmatov 2017-yilning 1—28-iyun kunlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika dermatovenerologi Rahmatjon Jo‘rayev 2017-yil 4—30-sentabr kunlari, kardiologiya bo‘limi mudiri Muhibillaxon Umarov 2018-yil 31-yanvar—27-fevral kunlari Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida malaka oshirgan. Ularning oylik ish haqi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, o‘qish joyiga bir martalik borish va qaytish hamda yashash xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanmagan.

Bunday holatlar ish beruvchi va xodimlar, moliya va nazorat organlari o‘rtasida har xil talqin qilinishi hamda tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Davra suhbatida tibbiyot tizimidagi kadrlar yetishmovchiligi muammolari va uni bartaraf etishda Sog‘liqni saqlash vazirligining rejalari haqida so‘z yuritildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshida turli mutaxassisliklar bo‘yicha 7 mingdan ziyod vrach yetishmasligi aniqlangan.

Ayni paytda 653 ta umumiy amaliyot shifokori yetishmayapti. Ayniqsa, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida umumiy amaliyot shifokori yetishmovchiligi ko‘rsatkichi yuqori bo‘lib turibdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-03-2018, 09:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 92) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют