» » Buxorolik tadbirkorlar soliqchilar paxta terimiga majburlayotganidan shikoyat qildi

Buxorolik tadbirkorlar soliqchilar paxta terimiga majburlayotganidan shikoyat qildi


Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino ko‘chasida joylashgan savdo do‘konlari egalaridan kelib tushgan shikoyatda soliq idorasi xodimlari paxta terimiga chiqmagan yoki o‘zining o‘rniga hasharchi yollamagan do‘kondorlarga tahdid qilgani aytiladi. “Turon 24” muxbiri mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda surishtiruv o‘tkazdi.

Savdo do‘konlari egalari murojaatda keltirilgan vajlarni tasdiqlab, quyidagilarni ma’lum qildi:

— O‘zini soliq idorasidanman deb tanishtirgan kishi, avvaliga, do‘kon hujjatlari o‘rnidami-yo‘qligini so‘radi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Zamira Turdiyeva. — Tekshirib ko‘rgan bo‘ldi. Keyin muddaoga o‘tdi. Aytishicha, paxtaga chiqishimiz yoki o‘rnimizga hasharchi yollashimiz kerak ekan. Hasharchi tekinga ishlamasa... Men shunday deya paxta terimiga odam chiqarolmasligimni aytdim. Kuni kecha savdo do‘konim hujjatlari yuzasidan Buxoro shahar soliq inspeksiyasiga borganimda: “Hasharga ikki-uchta odamingni keltir, keyin ishingni hal qilib beramiz” deyishdi.

Soliqchilar “S-market” do‘koni egasi Mirhidoyat Sharopovni ham paxtaga chiqishga undagan. Biroq Zamira Turdiyevadan farqli o‘laroq unga paxta terimiga chiqish majburiy emasligini ham tushuntirishgan.

— Men do‘kondor sifatida paxtaga chiqishga ham, chiqmaslikka ham haqim bor, — deydi Mirhidoyat Sharopov. — Ish beruvchi yoki qaysidir davlat organlarining ham paxta masalasi bo‘yicha birovni ishdan bo‘shatishga, unga nisbatan chora ko‘rishga haqi yo‘q. Bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali har kuni tushuntirish berilmoqda, huquqimiz buzilsa murojaat qilishimiz so‘ralmoqda. Bundan xabarimiz bor.

“Turon 24” muxbiri yigirmadan ortiq tadbirkor bilan suhbatlashib, Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ularni paxta yig‘im-terimiga targ‘ib etishda qonun bilan belgilangan vakolatlaridan chetga chiqqan-chiqmaganini surishtirdi.

Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Furqat Bobomurodov inspeksiya xodimlari tomonidan tadbirkorlarni terimga majburlash holatlari sodir etilgani haqidagi shikoyatga munosabatini bildirdi:

“Buxoro shahrida o‘n mingdan ortiq xo‘jalik subyekti faoliyat yuritadi. Inspeksiya tomonidan ularning hech birini majburiy tartibda paxta terimiga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘g‘ri, ba’zi xodimlarimiz bilan shunday holat yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu bizga qorong‘i. Yana bir tomoni, ayrim tadbirkorlar soliq xizmati targ‘ibot-tashviqotlarini noto‘g‘ri talqin qilib yoki tushunmay, majburiy mehnatga jalb qilish, deb baholayaptilar. Har bir fuqaro yoki tadbirkor o‘z haq-huquqini bilgan holda belgilangan tartib asosida faoliyat yuritishi cheklanmagan”.

Surishtiruv davomida Buxoro shahri aholisi va tadbirkorlarni paxta terimiga ixtiyoriy ravishda jalb etish maqsadida Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilgani tasdig‘ini topdi. Biroq amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan normalarga zid ravishda paxta terimiga chiqmagan yoki o‘rniga hasharchi chiqarmagan tadbirkorlarga tahdid qilgan soliqchilarning kimligini aniqlashning iloji bo‘lmadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-10-2018, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 63) ( 0) ( 61) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют