» » Nogironligi bo‘lgan farzandiga qarayotgan onalarga qanday tartibda nafaqa tayinlanadi?

Nogironligi bo‘lgan farzandiga qarayotgan onalarga qanday tartibda nafaqa tayinlanadi?


Bugun, 29-mart kuni O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha fuqarolarga yaratilgan erkinliklar va ularning ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.

Tadbirda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Pensiyani hisoblash uslubiyotini muvofiqlashtirish va fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Utaganov nogironligi bo‘lgan farzandiga qarayotgan onalarga ijtimoiy nafaqa belgilash tartibi haqida ma’lumot berdi.

“Bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ular pensiya yoshiga yetganida (O‘zbekistonda ayollar uchun pensiya yoshi —55 yosh) ular umuman ish stajiga ega bo‘lmagan taqdirda nafaqa tayinlash tartibi to‘g‘risida Hukumat qarori loyihasini tayyorlash haqida topshiriq berilgan edi.

2019-yil 18-martida Vazirlar Mahkamasining ushbu sohani tartibga soluvchi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan endilikda 2019-yilning 1-martidan boshlab nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan ayollarga nafaqa tayinlash belgilandi.

Haqiqatdan ham ushbu masalada bizda muammo bor edi. 2017—2018-yillarda Pensiya jamg‘armasiga kelib tushgan murojaatlar tahlili, bundan tashqari joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar natijasida biz bu masala ko‘pchilikni qiynayotganiga amin bo‘ldik. Muammoni yechish uchun biz Vazirlar Mahkamasiga 2018-yilda taklif berganmiz”, — deydi Shuhrat Utaganov.

Qariyb 600 nafar ona ijtimoiy nafaqa oladi 

“O‘tgan davr mobaynida 598 nafar nogironligi bo‘lgan farzandiga qarayotgan ayollar jamg‘armaga murojaat qildi. Ularning ko‘pchiligi ish stajiga ega emas. Tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu ayollarning ayrimlarida birinchi, ikkinchi va uchinchi farzandi ham nogiron bo‘lgan. Ayol o‘z navbatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Farzandini voyaga yetkazguncha qarabsizki, u umumiy pensiya yoshi 55 ga kirib qo‘ygan. Demak, 55 yoshga kirganida bu ayolning ijtimoiy himoyasi ochiq qolib ketyapti. Fuqaro na pensiya olish huquqiga ega, nafaqa olish uchun esa 60 yoshda murojaat qilishi kerak. Biz mana shularni hisobga olib, alohida ushbu toifa uchun istisno tariqasida 55 yoshdan nafaqa tayinlash masalasini ko‘tarib chiqqanmiz”, — deydi so‘zlarini davom ettirib Shuhrat Utaganov.

Nafaqa miqdori qancha? 

Shuhrat Utaganovning ma’lum qilishicha, nafaqa miqdori esa O‘zbekiston Prezidenti farmoni asosida qat’iy belgilanadi.

“Shu kecha-kunduzda  nafaqa miqdori 243 300 so‘mni tashkil etadi. Agar ona nogironligi bo‘lgan farzandi uchun bolalikdan nafaqa olayotgan bo‘lsa u holda 396 500 so‘m qat’iy belgilangan nafaqa olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2018-yil oktabr oyida Vazirlar Mahkamasining 731-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan ushbu ayollarga qolipli non xarid qilish uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lovi joriy etildi”, — deydi u.

Nafaqa olish uchun qanday hujjatlar taqdim etiladi? 

“Biz nafaqa tayinlash tartibini ham soddalashtirdik, — deydi Shuhrat Utaganov. — Ayollarga qiyinchilik tug‘dirmasligi uchun farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, ayolning pasporti hamda farzandining bolalikdan nogironligini tasdiqlovchi tibbiy komissiya xulosasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi ma’lumotnomasi taqdim etilgan taqdirda bizning tuman, shahar, pensiya jamg‘armasi bo‘limlari o‘rnatilgan tartibda qonunda ya’ni 10 kunlik muddatda nafaqani tayinlab beradi. Hozir to‘lov ro‘yxati shakllantirilmoqda. Demak, aprel oyida yuqorida aytilgan qariyb 600 nafar nogironligi bo‘lgan farzandi bor ona ilk marta ijtimoiy nafaqa pulini oladi”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-03-2019, 15:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 87) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют